Hayzuron dilidagi gapni aytmoqchi bo‘ldi-yu, lekin Jahonni o‘ylab, bir lahza jim qoldi. Oldingi gaplardan ancha dadillangan Jahon sekingina qayta so‘radi:
— Oyi, hech narsani andisha qilmay, fikringizni ochiq aytavering.
— Zirg‘omning nasl-nasabini hisobga olinmaganda, undan munosib yigit yo‘q. Uning nasl-nasabini, otasi kimligini Farg‘onada hech kim, hatto uning o‘zi ham bilmaydi.
Jahon kamonini o‘ynagancha Hayzuronga qaradi:
— Zirg‘om to‘g‘risida odamlar nima deyishadi?
— Zirg‘om shijoatda, saxovat, husnda, olihimmatlik va sipolikda sara yigit, deb maqtashadi-yu, lekin nasabiga kelganda biror gap aytolmay, bir-birlariga qarashadi, — so‘z boshladi Hayzuron, — onasi uni qo‘lda ko‘tarib Farg‘onaga kelgan vaqti mening yodimda. O‘shanda u kelishgangina juvon edi. Farg‘onaliklardan bir nechtasi unga sovchi bo‘ldi, kishi qo‘ydi, lekin u «yo‘q, er qilmayman, bolamni katta qilaman» deb unamadi, kambag‘al bo‘lishiga qaramay, bolasini yaxshi parvarish qildi. Keyin janobi hokim — sening otang undan xabar topib, o‘z huzurlariga chaqirtirdilar. Uning boshidan nimalar kechganini surishtirganlarida, avvaliga aytmadi-yu, keyin aytgan gaplari mana bunday bo‘ldi: «Men yosh qizcha ekanman, turklar sahroda onamning bag‘ridan tortib olib, Iroqqa keltirib sotishgan ekan. Keyin bir iroqlik qulfurush uyida tarbiyalanib, katta bo‘ldim. Taqdir ekan, oxiri borib o‘sha yerlik bir kishining qo‘liga tushdim. U meni qullikdan qutqardi-yu, o‘ziga xotin qilib oldi. Qornimdagi bola tug‘ilmasdan u kishi vafot etdi. Bola tug‘ilgach, hamma narsadan voz kechib, bor-yo‘g‘imni shuning tarbiyasiga bag‘ishladim».