Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 351673 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 ... 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:17:28

— Birodar, siz meni ancha hijolatga qo‘ydingiz, — dedi Abdurahmon tabib, barcha o‘tirib, joylashib olgach. — Eshigim ochiq bo‘la turib ko‘chada kutganingiz kamina uchun isnod.
— Taqsir, dovrug‘i yetti iqlimga ketgan sizdek mo‘’tabar zotni ozgina kutsak kutibmiz-da, — dedi Muhiddin ota hilmlik bilan.
— Hay, hay, birodarim, bunday gaplarni sira ayt-mang. Bandaning maqtovlardan yiroq ekanini avval kelganingizda sezmabmidingiz?
— Sezish nima ekan, ko‘rib-bilganman. Sizni o‘ylasam hukamolardan meros bir rivoyat yodimga tushaveradi. Buni siz bilarsiz, o‘rni kelib qoldi, bu inilarimizga ibrat sifatida aytayin.
Abdurahmon tabibning nabirasi dasturxon, katta patnisda meva-cheva ko‘tarib kirgani uchun bir oz sukut saqlandi. Dasturxon yozilib, patnis joyiga qo‘yilgach, Muhiddin ota gap boshladi:
— Amal qilguvchi amalida qo‘y boquvchidan o‘rnak oluvi lozim ekan. Axir qo‘y boquvchi, agar namoz o‘qisa, qo‘ylaridan namoziga maqtov olishni o‘ylamaydi-ku? Xuddi shunga o‘xshab, amal qiluvchi insonlar unga qarashlarini ko‘ngilga keltirmasliklari lozim. Insonlar oldida va yolg‘iz qolganida ham Olloh taolo uchun bir xil tarzda amal qiladi. Insonlarning maqtovini talab etmaydi. Taqsirimda men shunday fazilat ko‘rib, o‘rgandim. Shoyadkim, Yaratgan tangrim mo‘’minlar qatorida bizlarni ham jannat ahlidan qilsa...
— Olloh Adn jannatini yaratib «Gapir» deb amr qilganida jannat tilga kirib uch marta «Mo‘’minlar najot topadi», deb so‘ng esa «Men baxilga, munofiqqa, riyokorga haromman», degan ekan. Odam farzandi shunga ko‘ra yashasa, insha Olloh, najot topar. Men Yaratgandan ixlosimga quvvat so‘rayman. «Ixlos nima?» deb savol berilganda donishmand «Odamlar seni maqtashlarini sevmasligingdir» deb javob bergan ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:18:33

— Kun o‘tgan sayin Ollohning rahmatiga borish onlarini ko‘proq o‘ylarkansan kishi. Sahobalar Rasulullohdan «Biz hammamiz o‘limni nega yomon ko‘ramiz?» deb so‘rashganida Nabiy alayhissalom debdilarki: «Bu yomon ko‘rishlik emasdir. Agar mo‘’min kishi o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Olloh taolo uning huzuriga yaxshilardan bo‘lib qaytishligi haqida o‘sha bandaga xushxabar keladi va unga Olloh diydoridan yaxshiroq biror narsa bo‘lmaydi va Olloh ham uni uchratmoqni yaxshi ko‘radi. Agar fojir yoki kofir o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Olloh taolo uchun yomonlardan bo‘lganligi, yomonlardan hisoblanganligi aytilib, qo‘rqitib, ogohlantirish keladi va u Olloh bilan bo‘ladigan uchrashuvni yomon ko‘radi. Olloh ham u bilan ko‘rishmoqlikni xohlamaydi...» — Muhiddin ota shunday deb bir oz tin oldida, keyin umidli ohangda fikriga yakun yasadi: — Olloh shunaqalardan qilmasin bizlarni...
Nabira kirib choynak-piyolani bobosining yoniga qo‘ydi. Abdurahmon tabib choyni qaytarish uchun qo‘liga piyola olganida Asadbek «Choyni sen quy», degan ma’noda o‘g‘liga ishora qildi. Abdurahmon tabib «menga bera qoling» degan yigitning ra’yini qaytarmadi. Choy quyilib, bir ho‘plamdan ichilgach, Asadbek muddaoga o‘tay deganida tabib o‘ziga xos bosiq ohangda so‘z boshlab, Muhiddin otaning fikrini davom ettirdi:

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:18:45

— Meni bir narsa ajablantiradi: begunoh ham — gunohkor ham, Xudoga, uning jannati mavjudligiga ishonuvchi ham — ishonmaydigan ham o‘limidan so‘ng jannatdan joy tegishini istaydi. Ba’zan odamlarga jannatga yetishish juda qiyinga o‘xshaydi. Meningcha, buning mashaqqati yo‘q, odam bolasi nafsini tiysa, boshqalarga yomonlik qilmay, yaxshilikni kasb etsa kifoya. Uning bu dunyosi ham jannat kabi rohatli bo‘la-di. Zulmni o‘ziga harom qila olmasa, — Abdurahmon tabib shunday deb Asadbek bilan Jamshidga o‘g‘rincha qarab oldi, — uning jahannami shu dunyodayoq boshlanadi. Men dadam rahmatlidan eshitgandim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan muhaddislar shunday rivoyat qilishgan ekan: «Qiyomat kuni bir toifa odamlarga jannatga borishlik buyuriladi. Ular jannatga yaqinlashib, hidini hidlab, jannatdagi qasrlarni va Olloh taolo jannat ahliga tayyorlab ko‘ygan narsalarni ko‘rganlaridan so‘ng: «Ularni olib ketinglar, ularga jannatda nasiba yo‘qdir!» deb nido qilinadi. Ular shunday hasrat-nadomat bilan qaytadilarki, ulardan oldin ham, keyin ham, hech kim bunchalik hasrat-nadomat qilmagandir. Ular aytadilar: «Ya Olloh! Do‘stlaringga tayyorlab qo‘ygan ne’matlaringni ko‘rsatmay turib bizlarni do‘zaxga kirgizganingda bunchalik hasrat-nadomat qilmasdik». Shunda Olloh taolo: «Men bunday qilmoqlikni xohladim, chunki sizlar katta-katta gunohlar bilan insonlardan yashirincha Menga qarshi chiqdingiz, insonlar ko‘zida esa pokiza, viqorli ko‘rinar edingiz. Qalblaringizda yo‘q narsani riyo qilar edingiz. Odamlardan qo‘rqar edingiz, mendan qo‘rqmas edingiz, insonlarni ulug‘lar edingiz. Meni ulug‘lamasdingiz. Insonlar uchun ba’zi narsalardan qaytar edingiz. Men uchun qaytmas edingiz. Endi bugun savobimni ayirganim barobarida qattiq azobga mahkum etgayman...» deydi».

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:19:07

Nabira kosalarda qaynoq sho‘rva ko‘tarib kirgach, bir-birini sog‘ingan ikki qariyaning amri ma’rufi poyoniga yetdi. Asadbek ularning gaplariga quloq tutib «Menga tekkizib aytishyapti», deb o‘yladi. Holbuki, ularning bunday niyatlari yo‘q, gap shu mavzuga burilgani uchun beixtiyor tarzda suhbatlashishayotgan edi. Shunga qaramay, Asadbekning gumonida jon bor, u ham jannat harom qilingan bandalardan edi...
Taomdan so‘ng Asadbek to‘yga aytib kelganini bildirdi. Abdurahmon tabib yoshlar haqiga duo qilgach:
— Bir ko‘rib qo‘yarmikinsiz, deb kuyov bolani ham boshlab keluvdim, sal tobi kelishmayroq turibdi, — dedi.
Tabib Abdulhamidning bilak tomirini ushlab, ko‘zlariga tikildi, keyin kaftidagi chiziqlarni silab-silab nimanidir o‘qiganday bo‘ldi-da:
— Men bir dori tayyorlab beraman, — deb gapni qisqa qildi.
Asadbek «Nima bo‘libdi, qanaqa kasal?» deb so‘rashdan o‘zini tiyib:
— Tilla tangani olib kelganman, — dedi.
— Bu muolajaga tilla tanga lozim emas, — Abdurahmon tabib Asadbekning o‘zini ham ko‘rib qo‘yib: — Siz dorilarni yarimlatmay, ichishdan to‘xtabsiz, shundaymi? — deb so‘radi.
— Ish bilan bo‘lib... — Asadbek o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:19:32

— Tabibning aytganini qilmaydigan odam tabibga uchramagani ma’qul. Siz o‘zingizni yaxshi his qilib, batamom tuzaldim, degan xulosaga kelgansiz. Kasalning ildizi qurimagan, payt poylab yotibdi. Bugun bo‘lmasa ertaga siquvga olishi mumkin.
Namoz vaqti bo‘lgani uchun ikki qariya qo‘shni xonaga chiqishdi. Abdurahmon tabib ibodatdan so‘ng joynamozdan jilishga shoshilmay, Muhiddin otaga qaradi:
— Yodingizda bo‘lsa, xuddi shu yerda o‘tirib, inimizdagi ruh xastaligining chekinmog‘iga umid qilib edik. Umidimiz sarob bo‘lib chiqibdi. Inimiz zulmni avvalgidan kuchliroq holda kasb qilibdilar. Ojiz iymonlari yanada ojizlashibdi, — dedi.
Muhiddin ota darrov javob bermadi. To‘palonchi farzandini deb muallimdan tanbeh eshitgan ota misol boshini quyi egdi.
— Zamon bularning tilini ham, dilini ham tosh qilib qo‘ygan... Na iloj... har holda Ollohdan umidimiz bor...
— Olloh noumid qilmasin. Men kuyov bolamizga dori tayyorlab beraman. Ammo... otasi bilmasin, sizga ma’lum bo‘lsa kifoya, yigitmizdagi xastalik ne ekanini aniq bilolmadim. Menga noma’lum bir xastalikdan aqlim lol. Nimadir uning yuragini yalab ado qilay debdi. Ishqilib yanglishayotgan bo‘lay, folbinlikdan Olloh asrasin, yigitimiz ko‘pga borolmaydigan ko‘rinadir...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:19:53

Bu xunuk xabar Muhiddin otaning a’zoyi badanini muzlatib yubordi. Tili gapga aylanmay, tabibga qarab qoldi. «Taqsir, adashmayapsizmi? Ayting, jon taqsirim, ayting, adashdim, deng. Bolaning umri uzoq bo‘ladi, deng...» Muhiddin otaning iltijo bilan boqayotgan ko‘zlarida shunday ma’nolar zohir edi.
Ular mehmonxonaga qaytishganda Muhiddin ota Asadbekka ham, Abdulhamidga ham qaray olmadi. Uning ruhidagi tushkunlikni Asadbek sezdi. Tabib dori tayyorlash uchun chiqqanida «Ota, nima bo‘ldi, tobingiz qochdimi?» deb so‘radi. Muhiddan ota unga javoban «Sal toliqibman, bo‘tam», deb qo‘ya qoldi.
Abdurahmon tabib tunda yo‘l yurmoqlikning xosiyatsiz ekanini, dovonni qalin qor bosganini ro‘kach qilib, ularning qaytishlariga izn bermadi. O‘rin solinib, yotishga hozirlanganlarida Abdurahmon tabib Asadbekni qo‘shni xonaga chorladi. Muhiddin ota «bolaning ahvolini yashirmaslikka qaror qildimi?» deb o‘ylab Asadbekni xavotir nazari bilan kuzatdi. Uning tashvishi o‘rinsiz edi. Tabib Asadbekni mutlaqo bosh-qa bir sabab bilan chorlagandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:20:12

— Dev akaning hujrasi esingizdami? — deb gap boshladi tabib. — Hali o‘sha yerdan kelayotuvdim. Dev akaning vafotidan keyin qishloqdagilar hujrani buzib tashlaylik, deyishuvdi. Men go‘ri sovumay turib buzmaylik, devdim. Har bir joyning bir yaxshisi, bir yomoni bo‘ladi. Bizdan bir yomon chiqib, kallakesarlikni kasb qilib olgan edi. Qaysi bir yili qamalib ketuvdi, otuvga hukm bo‘ldi, deb ham eshituvdik. Otilmabdi, tirik ekan. Bir hafta ilgari qishloqda ko‘rinib qoldi. Kecha o‘ziga o‘xshagan yana uch-to‘rtasi paydo bo‘lib, Dev akaning hujrasini makon tutishibdi. Ko‘nglim yomonlikni sezib, o‘sha yerga bordim. Nashani chekib, aroqni ichib yotishibdi. Qamoqdan qochishgan desam, qo‘rqib, berkinish harakatlari yo‘q.
Abdurahmon tabibning havotirli gaplarini eshitib, Asadbek Zelixonni esladi. O‘tgan yili Farg‘onada fojialar boshlanmay turib u ham tabib kabi havotirli gumoni bilan unga murojaat etgan edi. Bu yil yana qaytariladiganmi bu fojia? Buning tepasida kim        turibdi? Maqsadi nima? Asadbek jon talvasasidagi jamiyatning siyosatini tahlil qilmoqqa, makr-hiylalarini kashf etmoqqa ojiz edi. Shu sababli Abdurahmon tabibga hamdard bo‘la olmadi. Tayinli gap ham aytolmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:22:46

2

Abdusamad, so‘ng Abdulhamid dunyoga kelishganida Manzuraning, Asadbekning qalblarida orzu-umidlar ham tug‘ilgan edi. Bu olamda hisobsiz, o‘lchovsiz narsalar ko‘p. Shulardan biri — ota-onaning farzandi baxti-saodatiga xos orzulardir. Barcha ota-onalar kabi Manzura bilan Asadbek go‘daklarini qanday avaylab voyaga yetkazsalar, orzu-umidlarini ham yillar mobaynida shunday ehtiyot qildilar Ularning yetisholmagan orzulariga ko‘ra ushalganlari ko‘proq edi. Uzoq vaqt kutilgan nikoh bazmiga yetishganlari shular sirasidan bo‘ldi.
Bir kun oldin Sulikoning bobosi va’da qilgan sovg‘a yetib keldi. Zulukdek ikki ot ko‘rganlarining hushini olayozdi. Hatto otlarni ko‘rganda ko‘z oldiga faqat qazi keluvchi Kesakpolvon ham bu go‘zallik oldida lol qoldi. Mardonavor gurji yigitlarining ust-boshi ham ajabtovur edi. Mamatbey Xongireyning sov-g‘asi — qiniga oltin suvi yuritilib yoqutlar bilan bezatilgan ikki xanjarni tortiq qildi. Ertalab esa Asadbekning uyi qarshisidagi yo‘l chetida Kesakpolvonning sovg‘asi — ikkita oppoq «Jiguli» paydo bo‘ldi.
Xursandchilik bilan o‘tishi lozim bo‘lgan kun bir oz tashvish bilan boshlandi. Nonushtada Abdulhamid ko‘rinmagach, Manzura uning yotog‘iga kirib chiqdi-da, o‘g‘lining yana isitmalayotganini eriga ma’lum qildi. Manzuraning «do‘xtir chaqiraylik» degan gapiga Asadbek «shoshilmay tur», deb javob qildi. U «Tabibning dorisi kasalni bir qo‘zitib oladi, isitma shu dorining em bo‘layotganidan nishonadir, bugun tabibning o‘zi kelib qolar», deb o‘yladi. Peshinga qadar ko‘zlari yo‘lda bo‘ldi. Ikki marta Muhiddin otaga «birodaringizdan darak yo‘g‘-a?» deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:23:22

Peshinda darvozadan ancha narida eskigina «Moskvich» to‘xtab, undan oxori to‘kilgan kiyimli bir kishi tushib, orqa o‘rindiqdan kattagina tugun oldi. Yumush bilan ko‘chaga chiqqan Jamshid mashinaning tartib raqamiga qarab «Abdurahmon tabib kelibdi», deb o‘ylab, iziga qaytdi-yu, bu yangilikdan xojasini ogoh qildi. Asadbek shoshilib ko‘chaga chiqqanida tugun ko‘targan mehmon darvozaga yaqin kelib qolgan edi. Asadbek uni tabibnikida ko‘rgan, hamisha otlar bilan ovora bo‘lgani uchun uni otboqar deb o‘ylagan edi. Mehmon tugunni Jamshidga berib, o‘zi Asadbek bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, «to‘ylar qulluq bo‘lsin», deb qo‘ydi.
— Abdurahmon aka qanilar? — deb so‘radi Asadbek «Moskvich»ga qarab olib.
— Pochcham uzrlarini aytib yubordilar. Qishlog‘imiz bir oz notinchga o‘xshab qoldi, tashlab kelaverishga ko‘ngillari bo‘lmadi.
Bu gapni eshitib Jamshid «Nima bo‘lgan ekan?» degan savol nazari bilan xojasiga qaradi. Abdurahmon tabibning xavotirli gaplarini eslagan Asadbek bu qarashni javobsiz qoldirdi-da, mehmonni ichkariga taklif etdi.
Sel kabi  oqib kelayotgan qimmatbaho sovg‘alar orasida tabib yuborgan maydaqaviq ikki to‘n, qiyiq, do‘ppi, ikki kiyimli xonatlas g‘aribgina ko‘rinardi. Shuning uchun ham tavonxonadagi xotinlar tugunning bir uchini ochib ko‘rishdi-yu, «kim olib keldi?» deb so‘rab o‘tirmasdan bir burchakka qo‘yishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:23:44

Abdurahmon tabibning qaynisi bu hashamatli uyda, shoxona dasturxon atrofidagi dimog‘dor odamlar orasida o‘zini begona his qildimi yo chindan ham shoshqich ravishda iziga qaytmog‘i lozimmidi, har holda bir piyola choydan iborat ziyofatdan qoniqib, o‘rnidan turdi. Unga birov «Nega turdingiz?» demadi. Bundan uning ko‘ngli bir oz cho‘ksa-da, «to‘ychilikda aybi yo‘q, tanimaganni siylamas», deb o‘zini o‘zi ovutdi. Ko‘chaga chiqqanida masjiddan qaytayotgan Muhiddin ota bilan Jalilni ko‘rib «Tanishlarim ham bor ekan-ku», deb ko‘ngil chirog‘i yorishdi. Jalil tabibning uzrini eshitib bo‘lgach:
— Siz qayoqqa otlandingiz? — deb so‘radi.
Shomga qadar dovondan o‘tib olishni niyat qilgan mehmonning uzri qabul bo‘lmadi. Jalil uni qochib ketishiga yo‘l qo‘ymaydiganday bilagidan ushlab, ichkari boshladi. Hovliga kirgach, xizmatda yurgan Jamshidni chaqirib «Mehmon senlarga xor bo‘ldimi?» deb koyidi-da, shiypon yoniga qo‘yilgan ixcham so‘riga qarab yurdi. So‘ng «Shotirlaringning bittasiga ayt, faqat bizga qarasin. Hadeb to‘yganlaringning atrofida girdikapalak bo‘lavermalaring», deb buyurdi.

Qayd etilgan