Afsus shuki, bu zararni fahm etmaymiz. Chunki aqlimizni moddiy boylik orzusi butkul asir etgan. Yana afsus shuki, buni o‘zimiz ham bilamiz va deymizki: «Mayli, avval shu boylikka yetishib olay, keyin tavba qilarman. Alloh rahmli, kechirguvchidir». To‘g‘ri, Alloh — Rahmondur, Rahimdur. Biroq, donishmand derki: «Ertaga tavba qilaman, solih amallar qilishni boshlayman», desang degin-u, biroq o‘limning bir oz avvalroq kelib qolishi mumkinligini ham unutma. Bugun, hatto shu onda emas, «ertaga tavba qilishim osonroq», deb o‘ylasang — xato yo‘ldasan».
Namozni tashlaganlarning qalblarida ishq yo‘q ekan. Asl niyatlari poklanish bo‘lmagan. Hisob-kitob qilish bandaning emas, Xoliqning ishi ekanini unutib qo‘yishgan. Balki ular Allohning «A’lo» surasida bayon etilgan «Darhaqiqat, kufru isyondan pok bo‘lgan va Parvardigorining nomini yod etib, namoz o‘qigan kishi najot topgaydir», degan oyati — kalimasidan xabarlari bordir va tezlikda najot topishni istagandirlar? «Bir oz namoz o‘qisam, sud otamning merosini menga xat qilib beradi», deb fikr qilgandir? Balki johilligi tufaylimikin, qiyomatdagi najotdan umid qilmas. O’zining mo‘ljalidagi merosga yetolmagach, namozni tashlashi isyon emasmikin, vallohi a’lam?
Haj surasidagi «Odamlardan Allohga bir tomonlama ibodat qiladiganlari ham bor. Agar unga yaxshilik yetsa, ko‘ngli to‘lur. Agar unga balo yetsa, yuz o‘girib ketur. U dunyoda ham, oxiratda ham ziyon ko‘rur. Ana o‘sha ochiq-oydin ziyondir», oyati-kalimasi balki o‘shanday odamlar haqidadir?
Donishmand derki: «Bir kishining tijorati oxirat tijoratiga monelik qilsa, bunday kishi badbaxt kishidir. Bechoradir. Bu bir tandir uchun bir ko‘za oltin bergan kabidir...»
Bozorda qallob sotuvchiga duch kelsak, besh-o‘n so‘mga zarar ko‘rarmiz, oradan fursat o‘tgach, bu zararning o‘rni to‘lar. Umr savdosini to‘g‘ri anglamasak, shayton boylik jilosi bilan aqlimizni olsa, buning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi. Bu yutqiziq uchun jannatdagi huzur-halovat bilan haq to‘lashimiz mumkin. Unga qadar esa, bu dunyodagi xorlik ham bor...
Alloh barchani — o‘zimizni, farzandlarimizni, to qiyomatga qadar zurriyodlarimizni bu azoblardan o‘zi asrab, o‘zi nusrat bersin. Omiyn...