GIRDAK — Muqanna qo‘shinadagi uch lashkarboshilardan biri. G‘ijduvon qishlog‘idan. Xashviy, Bog‘iy bilan birgalikda Narshax qal‘asini egallab olib, arablarga qattiq qarshilik ko‘rsatadilar.
GURAK, Gurek (VII asr oxiri — taxm. 737) — Sug‘d ixshidi (podshosi) (710-737) va arablarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon rahbari. Tarxunning birodari. Qutayba ibn Muslim rahbarligidagi arab qo‘shini bilan Kattaqo‘rg‘on yaqinidagi Arbinjon mavzeida shiddatli jang qilgan (712). Sug‘diylar Samarqandga chekinishga majbur bo‘lishgan. Gurak Shosh podshosi, turklar xoqoni va Farg‘ona ixshidiga elchilar yuborib, yordam so‘ragan. Ammo Qutayba Gurakka yordamga kelayotgan turk xoqonining qo‘shiniga qo‘qqisdan hujum qilib tor-mor keltirgan va Samarqandni qamal qilgan. Bir oylik qamaldan so‘ng Samarqand taslim bo‘lgan. Gurak bilan Qutayba o‘rtasida sulh tuzilgan. Unga ko‘ra, Gurak arablarga bir yo‘la 2 ming, yiliga esa 200 ming dirham hisobida xiroj to‘lashi, 30 ming nafar odam berishi, shaharda birorta ham askar saqlamaslik, ichki shaharni bo‘shatib, unda minbari bilan masjid bino qilishi, otashparastlik ibodatxonasini buzib, butlarini topshirish kabi shartlarni bajarishi lozim bo‘lgan. Bularning evaziga Qutayba Gurakni Samarqand, Kesh va Naxshabga hokim etib tayinlaydi. Shunday qilib, u arablarga mute noib bo‘lib qoladi. 720-yili Sug‘d aholisi arab istilochilariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan, unga Gurak va Panjikent hokimi Divashtich boshchilik qilgan. Gurak Xitoy imperatoriga xat yozib harbiy yordam so‘ragan, biroq yordam kelmagan. Xuroson noibi Sa’id Xarashiy bosh bo‘lgan arablar qo‘shini qo‘zg‘olonni bostirish uchun ko‘p kuch sarflagan. Sa’id Xarashiyning qo‘zg‘olonchilar bilan olib borgan muzokaralari natijasida Gurak boshliq sug‘d zodagonlarining bir qismi arablar tomonga o‘tgan. Kuchlar bo‘linib ketgach, Xo‘janddagi jangda qo‘zg‘olonchilar yengilgan. Sulh tuzilgach, katta mablag‘ evaziga omon qolgan. 400 savdogardan tashqari, deyarli barcha qo‘zg‘olonchilar xiyonatkorona qirib tashlangan. Taxminlarga ko‘ra, Gurak arablarga qarshi yurishlarning birida halok bo‘lgan.