Uchinchi ulki, hazrati Haq subhonahu va taoloning bandalariga lutfu marhamati va inoyatining hech nihoyati yo‘qdurkim, bandalarga lozim nimarsani tamom yaratibdur, hech kam qilmabdur. Va ul nimarsalarkim, bo‘lmog‘i zaruriydur, barchasini to‘la-to‘kis ado qilibdur. Chunonchi, dil va jigar va o‘zga a’zoi rasolar, qo‘l va oyoq, zabon (til), ko‘z, va ul nimarsalarki, bandaning anga hojati tushmas va zarur ham ermas va lekin bu nimarsalar bo‘lg‘onidin bandaning ziynati xo‘blugi (go‘zalligi, husndorligi) ziyoda bo‘lur, ani ham ato qilibdur. Chunonchi, mo‘yni qoraligi va labning qizilligi va qoshning egriligi va mijjalarning (kiprik) tuzlig‘i (to‘g‘riligi). Va mundin o‘zga ham chandon inoyatlari bordur. Va Haq taoloning inoyati tanho odamga xos ermasdur, balki anqodin pashshagacha va fildan chumoligacha hamma mavjudotga shomildurkim (tegishli), hammasini guno-gun surat va rango-rang naqsh birla oroyishlar beribdur.
Bas, tanning yaratilishi tafsiliga nazar qilmoq Haq subhonahu va taolo ma’rifatining kalididur. Shu sababdin bu ilmi sharifdur. Sharofati tabiblar hojati tushgan jihatdin ermas. Chunonchi, «She’r» va o‘zga kitoblarda, shoir va musannif (muallif) va hunarmandlarning qadri va sha’nini bilursan. Bas, Haqsubhonahu va taoloning ajoyib va g‘aroyib yaratish qudratlarini mushohada qilmoq ham hazrati Haq subhonahu va taoloning zoti va azimatini tanimoqg‘a bir kalitdur. Bas, badan ilmini bilmoq ham o‘z nafsini tanimoq uchun bir bobdur.
Va lekin dil ilmini shunga o‘xshatish muxtasardurkim, tan otga o‘xshashdur. Va dil suvoriyga o‘xshashdur. Ofarinishdin (yaratilishdin) maqsud suvbriydir va markabni suvor uchun xalq qilibdur. Bas, o‘zingni osonlik birla tanigaysenkim, hech nimarsa o‘zingga o‘zingdin yaqin ermasdur. Kishikim o‘z nafsini tanimay, o‘zga nimarsalar haqiqatini bilmoqni da’vo qilsa, ul gadoyga o‘xshashdurkim, o‘zi yegali non topmagay va da’vo qilgaykim, shaharning tamom muflislariga (kambag‘al, bechoralariga) men non berurman, deb. Bu nav’ quruq da’vo botil (puchga chiqqan, buzuq, behuda) va ajibdur.