CHIRIGAN SUYAKLAR
Ubay ibn Xalaf qo‘lidagi belkurakni bir chekkaga uloqtirdi, peshona terlarini artdi va tuproq orasidan ko‘ringan bir chirik suyakni qo‘liga oldi.
Suyak shunchalik mo‘rt bo‘lib qolgan ediki, barmoqlari bilan ezg‘ilasa, kulga aylanishi turgan gap edi. Shu qadar ko‘hnaki, bir necha asr oldin o‘lib ketgan bir odamning suyagi bo‘lishi ham mumkin.
To‘ppato‘g‘ri Rasululloh (s.a.v.) uylariga yo‘l oldi. Borib payg‘ambarimizga, sen tutayotgan yo‘lning boshi berk, bema’ni, tutruqsiz safsatalaring bilan xalqni yo‘ldan ozdirishni hoziroq bas qil, demoqchi edi.
Rasulullohni (s.a.v.) topdi, qo‘lidagi suyakni ko‘rsatdi, ezg‘iladi, so‘ngra barmoqlari orasidan puflagan edi, suyak urvoqlari uchib ikkinchi qo‘lining kaftiga tushdi. Bu kukunni yana pufladi, har tomonga to‘zib ketdi. So‘ngra Nabiyyi muhtaram (s.a.v.) janoblariga qattiq tikilib:
— Qani, endi gapirchi, ey Muhammad, bularga kim hayot bera oladi?! — dedi.
Rasululloh (s.a.v.) darhol javob berdilar:
— Bularga Olloh hayot beradi, seni esa, jahannamga uloqtiradi!Ubayning rangi ro‘yi oqarib ketdi. «Seni esa jahannamga uloqtiradi!» deya hozirjavoblik bilan aytilgan gap uni larzaga solgan edi.
Oxiratga ishonmasa ham, nashtardek o‘tkir bu so‘zlar nishonga tekkan edi.
Aslida, Rasulullohga (s.a.v.) qarshi kin va adovat tuyg‘usida bo‘lgan Ubayning dushmanlik hislari yanada kuchaydi.
Qalbi kinu adovatga, ko‘zlari qonga to‘lgan Ubay qayoqqa ketayotganini ham bilmay, teztez yurib ketdi.
Ubayning bu xattiharakati malaklar olamida noxush bir xabar sifatida kutib olindi. Jabroili amin Yosin surasiga qayd etilgusi oxirgi oyatlarni keltirdi:
«Inson, Biz uni nutfadan — bir tomchi suvdan yaratganimizni, endi esa banogoh u (O’zimizga) ochiq qarshilik qilguvchi bo‘lib qolganini ko‘rmadimi?! U Bizga: «Chiribbitgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?» deb misol keltirdiyu, (ammo) o‘zining (bir tomchi suvdan) yaralganini unutib qo‘ydi. (Ey Muhammad,) ayting: «U (chirigan suyak)larni dastlab (bir tomchi suvdan) paydo qilgan zotning O’zi qayta tiriltirur. U (O’zi yaratgan) barcha xalqni bilguvchidir». U sizlar uchun yamyashil daraxtdan olov paydo qilgan zotdir. Bas, sizlar o‘shandan o‘t yoqursizlar. Osmonlar va yerni yaratgan zot yana ularning o‘xshashini yaratishga qodir emasmi?! Yo‘q (albatta, qodirdir)! Uning O’zigina yaratguvchi va bilguvchidir. Biron narsani (yaratishni) iroda qilgan vaqtida Uning ishi faqatgina «Bo‘l» deyishidir. Bas, u (narsa) bo‘lur — vujudga kelur. Bas, barcha narsaning egaligi O’z qo‘lida bo‘lgan (Olloh har qanday aybu nuqsondan) pok zotdir. Yolg‘iz Ungagina qaytarilursizlar!» (Yosin, 77-83)
Ubay «Seni esa jahannamga uloqtiradi» deyilgan so‘zlarning ta’siridan astasekin qutulayotgan bir paytda Rasulullohdan (s.a.v.) ushbu oyatlarni eshitdiyu vujudi battar titrabqaqshab ketdi. Endi butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, nima qilishini bilmay garang bo‘lib qolgan edi.
— Yo Muhammad, mening bir uchqur otim bor. Unga maxsus yem yedirib, shaxsan o‘zim parvarish qilib boqayotirman. O’sha otimga minib sen bilan urushaman va albatta seni o‘ldiraman, shuni yaxshi bilib qo‘y! — dedi.
— Aksincha, men seni o‘ldiraman, yo Ubay! — degan javobni eshitib, battar dovdiradi.
— Hali buni vaqt ko‘rsatadi.
O’sha kuni Ubay uyiga juda horg‘in va xayolparishon qaytdi. Sababi so‘ralgan edi, javob bermadi. Qaytaqayta so‘rayverilgach, titroq ovozda:
— Bugun Muhammad menga «Seni o‘ldiraman», dedi,— tarzida javob qildi.
— Azizim, bo‘larbo‘lmas gaplarni ko‘nglingga olaverasanmi? — deb uning ruhini ko‘tarmoqchi bo‘lishdi uyidagilar.
— To‘g‘rikuya, lekin Muhammad hech qachon yolg‘on gapirmaydida?!