Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244928 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 54 B


Ansora  06 Fevral 2010, 15:05:47

— Bu iskanjadan qutulish mumkinmikin o‘zi, Salim ota?
— Faqat insoni komilning qutulmog‘i mumkin.
— Insoni komil — rivoyatlardagina bor. Hayotda men hech ko‘rmadim.
— Insoni komil — mutlaq haqiqat kabi yuksak e’tiqoddir. Qalbiga shu e’tiqodni joylagan odam tashqi olamdan ham, o‘z dilidan ham nuqson-u illatlarni baholi qudrat yo‘qotib borgay. Takomil yo‘li — botiniy dunyo orqali o‘tgay. Har birimizning ichimizda nafs, obro‘parastlik, boshqa o‘jar istaklar borki, ular goho tashqi dushmandan ham xatarliroq bo‘lur. Ularni yengish — o‘rmondagi arslonni yengishdan ham kattaroq matonat talab qilgay. Agar tashqi dushmanni yengsangiz-u ichingizdagi nafs, g‘azab, shahvat kabi balolarni yengolmasangiz, ular g‘olib kelib, sizga yomon ishlarni qildirsa, narigi katta g‘alabangiz tatimagay. O‘zingizdan o‘zingiz yengilib, ta’bingiz kir bo‘lib yurganingiz — yomon bir mag‘lubiyat emasmi?
Salim ota Akbarning vujudini karaxt qilib turgan sovuq muzni o‘zining haroratli nafasi bilan eritayotganday bo‘ldi. Akbar shu haroratga dilini yanada yaqinroq tutgisi kelib:
— Rost! — dedi. — Tashqi zafarlarim ichidan kutilmagan dilsiyohliklar chiqib kelmoqda, men ularga qarshi chora topolmay lolmen!
Salim ota Akbarning ochiqroq so‘zlashini kutib, yuziga tikilgancha jim turdi. Lekin Akbar oxiri haramga borib taqaladigan o‘ta chigal dilsiyohliklar haqida qanday so‘z ochishni bilmay bir lahza sukut qildi.
Uning hind ulusi bilan yangicha siyosat yurgiza¬yotgani faqat davlat ishiga emas, shaxsiy hayotiga ham kutilmagan o‘zgarishlar olib kirmoqda edi. Chitorning olinishida Akbarning o‘zi jasorat ko‘rsatgani, Jaymal bilan Pattaning qahramonligiga tan berib, ularga Agrada haykal qo‘ydirgani, saroyda Bhagvan Das, Todar Mal kabi hindlarga yuksak lavozimlar bergani, Jodha Bay uchun qal’a ichida maxsus ibodatxona qurdirgani butun mamlakatda ovoza bo‘lgan, hali markaziy davlatga bo‘ysunmagan rajput rojalarining unga munosabati o‘zgara boshlagan edi. Chitordagi jang Akbarning boshqa rajput qo‘rg‘onlarini olishga ham kuchi yetishini ko‘rsatdi. Behuda qon to‘kilmasin uchun Akbar goh Bhagvan Dasni, goh Man Sinxni dushmanlik ruhida yurgan rajput qo‘rg‘onlariga elchi qilib yuborar edi. Bundi viloyatidagi eng mustahkam qo‘rg‘on — Rantxambxor qamal qilingan paytda esa Akbarning o‘zi navkar kiyimini kiyib, elchi Man Sinxning yonida oq bayroq ko‘targancha qal’aga kirdi. Qal’a himoyachilarining boshlig‘i Surjan Rao avval Akbarni tanimadi. Man Sinxni jerkib:
— Senlar rajput g‘ururini yerga bukdilaring, Jaypurni urushsiz topshirdilaring, muslimlar qancha kamsitsalar ham bo‘yin egib turishlaring uyat emasmi?— dedi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:06:00

— Biz qaysi kamsitishlarga bo‘yin egibmiz, maxaroja? — deb so‘radi Man Sinx.
— Jizya solig‘i olish — kamsitish emasmi? Rajput sarkardasi devoniomga qurol taqib kirishi mumkin emas. Demak, podsho senga ishonmaydi. Bu — kamsitish emasmi? Rajput qizlari saroyga tortiq tarzida yuborilishi kerak. Podsho uni qonuniy qilib nikohiga olmasa! Faqat vaqtinchalik joriya... Kamsitish bundan ortiq bo‘lurmi?
Akbar mag‘rur el bo‘lgan rajputlarning bu gina-kuduratlarini navkar kiyimida turib o‘z qulog‘i bilan eshitgandan so‘ng:
— Maharoja, — dedi Surjonga, — siz haqsiz, bu kamsitishlar bartaraf etilmog‘i kerak. Shu shart bilan sulh tuzishga rozimisiz?
Surjon Raoning atrofidagi mulozimlardan biri Dehlida Akbarni ko‘rgan ekan, uni tanib qolib:
— Maharoja, bu so‘zlarni sizga Akbarning o‘zi aytmoqda! — dedi.
Elchi Man Sinx ham oq bayroq ko‘tarib kirgan navkarning Akbar ekanini endi aytdi. Surjon Raoning odamlaridan biri:
— Darhol tutmoq kerak, g‘alaba bizniki bo‘l¬g‘ay!— dedi.
Ammo Akbar Surjon Raoga qarab:
— Men sizning mard, olijanob sarkarda ekanligingizga ishonganim uchun huzuringizga o‘zim kel¬dim,— dedi. — Bizda «Elchiga o‘lim yo‘q» degan maqol bor!
Surjon Rao Akbarning dovyurakligiga tan berdi-yu:
— Rajputlar ham oq bayroq ko‘tarib kelgan kishiga tajovuz qilmaydigan mard ulusdir! — dedi.
Shundan keyin Bundi viloyatidagi urush — yarashga aylandi. Akbar Surjon Rao qo‘ygan shartlarni qabul qildi. «Rajputlar ham devoniomga qurol taqib kirishi, qal’a darvozasi oldigacha naqora chaldirib borishi, jizya solig‘ini to‘lamasligi, otlariga podshoning tamg‘a¬sini bosmasligi (kuydirib bosiladigan temir tamg‘adan otning sag‘risida yomon dog‘ qolar edi) mumkin» degan yangi qonun joriy etildi. Surjon Rao ikkita o‘g‘lini bir necha ming rajput yigitlari bilan Akbar xizmatiga yubordi.
Bundi viloyati shu shartlar asosida Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgandan keyin g‘arbda Jaysalmir, Bikanir, Joudxpur, janubi sharqda Qalan¬jar kabi rajput viloyatlari ham markaziy davlatga qo‘shilish haqida jiddiy o‘ylay boshladilar. Ikki orada turgan vositachilar yuqoridagi shartlardan tashqari rajput rojalariga Akbarning nomidan so‘z berdilarki, agar ular podshoni kuyovlikka munosib ko‘rsalar, saroyga yuboradigan qizlari Jodha Bay kabi qonuniy nikohdan o‘tadi, hindcha rasm-rusmlariga bemalol rioya qilib, izzat-ikromda yashaydi.
Bikanur rojasi Kahana Rao Akbarning qalamraviga ixtiyoriy ravishda o‘tdi-yu, o‘zining go‘zal qizini Akbarga nikohlab bermoqchi ekanini aytdi. Maxsus karvon Bhagvan Das boshchiligida Agradan Bika¬nurga borib, bu qizga podshoning sovg‘a-salomlarini yetkazdi, so‘ng uni sepi va qarindoshlari bilan poytaxtga olib qaytdi. Qal’ada bu qiz ham Jodha Bay kabi Akbarning nikohiga o‘tdi, saroy ahli uni qonuniy mali¬kalardan biri deb tan oldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:06:16

Sherxonni besh oy ovora qilib taslim bo‘lmagan va uni o‘ldirib tinchigan Qalanjar ham endi Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shildi va uning xaramiga yana bir ko‘hlik qizni kelin qilib yubordi.
Yangi qo‘shilayotgan viloyatlarning rojalari bilan aloqani mustahkamlash uchun ularga qon-qarindosh bo‘lish juda zarur, yangi siyosat buni taqozo qiladi. Ammo shariat bo‘yicha  Akbar to‘rttadan ortiq xotin olishi mumkin emas. Lekin ba’zi roja va maharojalarning o‘nlab xotinlari bor, hind dini bunga allanechuk yo‘l topib beradi. Jaysalmir va boshqa viloyatlarning rojalari Akbarni ham o‘zlari kabi ko‘p xotin olishga haqli deb hisoblab, uning saroyiga yangi-yangi qizlarni seplari bilan kelin qilib yubormoqchi bo‘lishdi. Ularning shahdini qaytarish mumkin emas. Akbar Jaypurga yoki Qalanjarga kuyov bo‘lgan ekan, nega Rantxambxorga yoki Joudxpurga* kuyov bo‘l-masligi kerak? Yana tag‘in bu viloyatlarning rojalari Akbarning dilini zabt etish uchun biri biridan jozibali, biri biridan aqlli qizlarini saroyga yuborishga intilishmoqda. Buning hammasidan xabardor bo‘lgan Akbar qozikalon Xo‘ja Yoqubni huzuriga chaqirib, shariatdan biron yo‘l topib berishni so‘radi.
— Hazratim, to‘rt xotindan keyingisi faqat joriya bo‘lmog‘i mumkin, — dedi Ansoriyning tarafdori Xo‘ja Yoqub.
— Lekin mut’a degan nikoh ham bor emish-ku!
— Mut’a — shialar o‘ylab topgan nikoh. Siz pok sunniy mazhablik tojdorsiz.
Akbar qozikalonning semiz yuziga noxush tikilib:
— Taqsir, siz yo‘lni tor olmoqdasiz, — dedi va ertasi kuni qozikalonni yomon ko‘radigan mulla Jaloliddin degan qozini devoni xosga chaqirtirdi.
Mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubning raqibi edi. Akbarga yaxshi ko‘rinish uchun qalin bir diniy kitobni varaqladi-da, mamnuniyat bilan:
— Topdim! — dedi. — Mana, hazratim Rasululloh* davrida mut’a nikohi shar’iy bo‘lgan. Keyingi xa¬lifalardan Usmon uni bekor qilmishdir. Ammo xalifadan ko‘ra Rasululloh balandroq, uning davrida neki shar’iy sanalgan bo‘lsa, hazratim uchun ham bu haloldir.
Shu tarzda mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubdan bilimdonroq ekanini isbot qildi-yu, uning o‘rniga qozikalon bo‘lib oldi. Har safar mut’a nikohini o‘qi¬ganda podsho unga hamyon-hamyon oltin ham in’om qilib turdi. Xo‘ja Yoqubning lavozimidan tushishi esa shayx Ansoriyni xafa qildi va uning Akbarga bo‘lgan yashirin adovatini yanada kuchaytirdi.
Shariat ham qonuniy yo‘l topib bergandan so‘ng, Akbar har yili o‘z davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilayotgan bir talay maharoja va raolarga kuyov bo‘ldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:06:32

Din ham, ota-onalar ham, saroy muhiti ham buni qonuniy hisoblaydi, yangi qarindoshlar esa martaba orttirganlaridan mamnun.
Parokanda o‘lkalarni qarindoshlik yo‘li bilan ham birlashtirish maqsadida yangi-yangi roja va roalarga kuyov bo‘lgan Akbar avvallari o‘zining yigitlik kuchi va jozibasidan g‘urulanib, xotinlari uni talashishidan «toleim baland ekan» deb shukuhi ortib yurdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bu shirin hayotning tagida achchiq og‘usi borligi sezildi. Shuncha xotin bitta erga ko‘z tikib, kundoshlik azobida qovurilib yashashi og‘ir dilsiyohliklarga sabab bo‘ldi, homilador Jodha Bay kasal bo‘lib qoldi. Uning chala tug‘ilgan egizak o‘g‘ilchalari bir oy ham umr ko‘rmay vafot etdi. Salima begim qiz tuqqan edi, u ham turmadi. Akbarga mehr qo‘ygan bu yosh onalar endi undan oqibat ko‘rmaganlari uchun shunday o‘rtanib yig‘lashadi, farzand dog‘ida shunday kuyishadiki, Akbarning kapalakday guldan gulga o‘tib olgan lazzatlari endi zaharga aylanib, burnidan chiqqanday bo‘ladi. Shunday xotinlari bo‘la turib, haligacha bironta farzandi  yo‘qligi uni tegirmon toshiday ezadi.
Hozir o‘rmonda tanho o‘zi g‘amga botib o‘ltirganining bir sababi shu ekanini u Salim otaga aytib berdi:
— Yoshim yigirma yettiga kirdi, hamon o‘g‘ilga zormen. Bu ne badbaxtlikki, bir emas ikki o‘g‘ilni tuproqqa topshirdim! Mudom jang-u jadallarda, xavf-u xatar ichida yuribmen. Kunim bitsa ota-bobolar merosini kimga topshirib ketgaymen?
Salim ota tasalli berishga shoshilmay sukut saqladi. U so‘nggi marta Dehlida Hamida begim bilan ko‘rishganda, begim ham nevarasi yo‘qligidan ko‘p armon qilgan. Akbarning harami katta bo‘lib ketganini, bo‘yida bo‘lgan kelinlari ham kundoshlik do‘zaxida homilani asrab qololmayotganini kuyunib so‘zlagan edi.
— Ehtimol, irsiyat ham sababchidir, — dedi Salim ota. — Hazrat otangizning ham birinchi o‘g‘illari turmagan. Keyin siz tug‘ulganingizda otangiz... O‘ttiz to‘rt yoshda bo‘lganmilar?
— Nahotki, irsiyat meni ham o‘sha yoshgacha o‘g‘ilga zor qilsa?
— Siz bobongizga tortgan bo‘lishingiz mumkin.
— Lekin otam tug‘ilganda bobom yigirma besh yoshda bo‘lganlar. Men bu yoshdan o‘tdim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:07:27

— Shoh o‘g‘lim, agar sizga og‘ir botmasa, dilim sezgan achchiq bir haqiqatni aytay.
— Mayli, og‘ir botsa ham ayting!
— Irsiyat — noyob bir gavhardir. U avloddan avlodga butun holida o’tsagina yashab keta olgay. Agar yirik gavharni maydalab kukun qilib sochsangiz, uning gavharligi qolmagay.
Akbar Salim otaning nima demoqchiligini fahmlab, yuzi xijolatdan bir qizardi. Lekin diliga qadalib turgan zaharli tikanlarni Salim ota bexato topgani uni qoyil qildi. Bu tikanlarga birov teginsa dili ozorlanadi, ammo ularni sug‘urib olib tashlamaguncha vujudidagi karaxtlik, ruhidagi so‘niklik yo‘qolmaydi. Qalbi ozor cheksa ham, bu tikanlarni faqat Salim otaning qo‘li bilangina olib tashlashi mumkinligini sezgan Akbar:
— So‘zingiz haq, davom eting, ota! — dedi.
— Tabiat hamma jonzotlardan o‘ziga munosib nasl yaratgay. Yigirma-o‘ttizta echkiga bitta taka. Undan ham ko‘p sovliqqa bitta qo‘chqor. Lekin echkidan uloq tug‘ulgay, sovliqdan — qo‘zi. Ulardan arslon tug‘ulmagay! Siz esa insonsiz. Insonlardagi juftlik arslonlarga o‘xshashdir. O‘rmonda arslonlarni ko‘r¬gan¬siz. Ota sher ona sherga qanchalik mehribon, qanchalik sodiq! Ana shu tufayli irsiyat gavhari bir nuqtaga jam bo‘lib, avloddan avlodga butun o‘tgay, so‘ng ota-onasiga munosib sherlar tug‘ulgay. Sizning ota-onangiz Sind o‘lkasida, Tar sahrosida bir-birlariga sherlarchla mehr-u oqibat ko‘rsatganlari uchun siz ham sherbachchaday sog‘lom, ko‘hlik, dovyurak bo‘lib tug‘ulgansiz.
Akbar o‘zining suyib uylangan xotini Jodha Bay shu kunlarda yana homilador bo‘lganini esladi.
— Salim ota, siz aytgan sherlikni mening ham qilgim bor. Faqat... qanday qilib Jodha bayni kundoshlar muhitidan qutqarishim mumkin? Uni qayerga olib ketay? Maslahat bering!
Salim ota hassasiga tayanib o‘rnidan turdi:
— Qani, yuring, avval men sizga o‘z kulbamni ko‘rsatay.

________________
* Arg‘uvon rangli kiyimni jangda shahid bo‘lishni bo‘yniga olgan rajputlar kiygan.
* R a n t x a m b x o r,  J o u d x p u r — Rajputana o‘lkasidagi vilo¬yatlar.
* R a s u l u l l o h — Allohning elchisi, ya’ni Muhammad payg‘ambar.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:07:47

* * *

Tor so‘qmoq ularni o‘rmon chetidagi yalanglikda turgan mo‘jazgina dehqoncha uy oldiga boshlab chiqdi. Hovlida qora qo‘tos sigir kavshanib turibdi. O‘ng tomondagi tekis boshoq tortgan bug‘doy dalasi shabadadan mayin to‘lqinlanadi. To‘g‘rida suvi ko‘m-ko‘k kattakon ko‘l tovlanib ko‘rindi...
Uy ichi ozoda, ammo jihozlar kambag‘alona. Bo‘yra ustiga sholcha tashlangan. Salim ota Akbarni to‘rga o‘tkazib, dasturxonga to‘rtta bug‘doy non qo‘y¬di. Xotini sopol kosada qo‘tosning qatig‘idan keltirdi. Akbar qatiqni kosaning labidan xo‘plab ichar ekan, bu unga behad shirin tuyuldi. U tokchadagi kitoblarga qiziqib qaradi.
Salim ota Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy va ma’naviy»sini, Farididdin Attorning «Kuliyoti»ni, Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»sini, Navoiyning «Chordevon»ini unga bir-bir olib ko‘rsatdi.
— Men yiqqan yagona boylik mana shu kitob¬larimdir, — dedi.
— Siz mendan boyroqsiz, Salim ota! — dedi Akbar. — Sizdagi ma’naviy boylikni men hali o‘z qalbimga zarralab yig‘olganim yo‘q. Shuning uchun menga saxovat ko‘rsating.
— Bajonidil, borimni sizga in’om etishga tayyormen.
Akbar Salim otaning uyidan tashqariga chiqdi-yu, bu yerdagi havoning tozaligidan, o‘rmon, ko‘l, bu¬g‘¬doy¬zor — hammasining go‘zalligidan, eng muhimi, otaning qiyofasidagi soflikdan qalbi yayrayotganini sezdi. Ruhidagi karaxtlik tarqab ketgan, olam ko‘ziga bolalikdagiday jozibali ko‘rinar, dilida so‘nib qolgan chiroqlar parpirab yonib ketgan, istiqbolga ishonch, yaxshi ishlar qilish ishtiyoqi yana uyg‘ongan edi. O‘rmondagi tabiat ham tiriltira olmagan ichki kuchlarni shu tabiat bilan hamkor bo‘lgan Salim otaning ma’naviyati tiriltirib yuborgan edi.
— Salim ota, hech kimga aytmagan sirlarimni men sizga aytdim. Endi hech kimga ishonib topshira olmaydigan istiqbolimni ham sizning panohingizga olib kelmoqchimen. Jodha Bayning uch oylik homilasi bor. Uni ham farzand o‘rnida ko‘rsangiz. Bugun mening o‘lik hislarimni qayta tiriltirgan tabiat-u ma’naviyat shoyad undagi hayotiy kuchlarni yuzaga chiqarsa. Biz orzu qilgan zurriyod zora sizning qano¬tingiz ostida dunyoga kelsa!..

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:08:02

Akbar xotinini Salim otaning kulbasi yoniga ko‘chirtirib kelmoqchi ekanini sezgan mo‘ysafid podshoh-u malika bilan birga qancha sipohi, qancha kaniz-u xizmatkor bu yerlarga kelishini, ular bilan muomala qilish qanchalik qiyin bo‘lishini ko‘z oldiga keltirdi. O‘zi podsho bo‘lganda saroyda yashab ko‘rgan va uning murakkab muhitidan yurak oldirib qo‘ygan Salim ota Akbarning niyatidan astoydil tashvishga tushdi:
— Hazratim, malikalarga yuzlab odamlar xizmat qilurlar. Ularga keng joy zarur. Bundan o‘n mil na¬rida— Sekri tog‘i etagida Bobur bobongiz qurdirgan ko‘shk bor. Kattakon Bog‘i Fathga barcha xizmat¬-kor-u soqchilar ham joy bo‘lurlar.
— Agar siz ham Bog‘i Fathga borib tursangiz, mayli, Jodha Bayni o‘sha yerda panohingizga topshirgaymen.
— Lekin meni... ma’zur tuting. Shohlar ko‘shkiga qaytib qadam bosmaslikka ahd qilganmen. Qariga¬nimda bu ahdimni buzolmagaymen.
— Ammo shohlar ham odam-ku, Salim ota Shohlarga ko‘z tikkan balolar qanchalik ko‘pligini boshqalar bilmasa ham siz bilursiz.
— Balogardon — xalqdir. Men buni onangizga aytgan edim.
— Lekin shoh bilan xalqning orasini to‘sib turgan g‘ovlar qanchalik ko‘p! Men hali bu g‘ovlardan oshib o‘tolgan emasmen... Faqat siz taqdir taqozosi bilan ota-onam orqali dilimga yaqin bo‘lib qoldingiz. O‘zingiz ham podsho bo‘lib ko‘rgan ekansiz. Bu qanday bir serozor, tikanlarga to‘lgan ish ekanini bilursiz. Bugun mening dilimga qadalib turgan qancha tikanni siz olib tashladingiz. Salim ota, ishoning, men o‘zim uchun sizdan beg‘arazroq balogardon topolganim yo‘q! Shuning uchun Jodha Bayni ham qanotingiz ostiga olib kelmoqchimen. Ruxsat bering, shu uychan¬giz yoniga ikkovimiz uchun chodir tikdiray. Balki hazrat onamlar ham birga kelurlar. Soqchilar, xizmatkorlar o‘rmon ichida, sizning ko‘zingizga tashlanmaydigan uzoqlikda tururlar. Sizdagi osudalig-u musaffolik biz uchun noyob bir shifo. Bu soflig-u sokinlikni men ko‘z qorachig‘iday asragaymen!
Hamida begim ham o‘g‘li va kelini bilan bu yerlarga kelishi mumkinligi Salim otaga yoqimli tuyuldi. Hamidaning diydoriga yoshligida to‘ymay qolgan Nizom endi keksayib Salim ota bo‘lganda bu tengsiz ayol bilan ma’naviy muloqotda bo‘lishni juda istardi. Shu hammasi sabab bo‘lib, u Akbarning taklifiga rozilik berdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:08:25

* * *

Ertalab  oftob chiqqanda Salim otaning kulbasidan tushgan uzun soyalar kunbotish tomondagi kimxob chodirga tushdi. Tong payti uyqudan qushday yengil bo‘lib turgan Akbar va Jodha Bay ko‘lning tiniq suvida yuvinib, o‘z chodirlariga qaytmoqda edilar. Akbar chodirga tushgan uycha soyasini Jodha Bayga ko‘rsatib:
— Biz uchun bu — baxt qushining soyasidir! — dedi.
Akbar bilan ilk nikoh kechasini ham Sanganirdagi chodirda kechirgan Jodha Bay:
— Salim ota chindan rishi* ekanlar! — deb shivirladi.
U haramning asabiy muhitida uyqusizlikdan qiynalib, rangi o‘chib yurardi. Bir haftadan beri shu chodirda Akbar bilan turib, qoracha yuziga yana qon yugurdi, olovli jozibasi qayta tiklanib, ko‘zlarida yulduzlar chaqnay boshladi. Akbar ham uning yonida barcha g‘am-tashvishlarini unutib, o‘zini tabiat bag‘ri¬da yayrab yurgan kiyikday xotirjam va erkin sezadi. Faqat gohida Jodha Bay bu mas’ud kunlarini omonat sezib, qahri yomon Shivadan va uning falokat yuboruvchi xotini Durgadan qo‘rqa boshladi. O‘r¬monda ibodat¬xona yo‘q, Jodha Bay homilani asrovchi ma’budalar — Lakshmi va Shakti*ning kumush haykalchalarini chodir burchagiga qo‘yib ularga erta-kech sig‘inib turadi. Salim ota chodirga kelganda haykalchalarni ko‘radi-yu, Kabir to‘g‘risida so‘z ochadi:
— Hindlar ibodatxonaga borurlar, musulmonlar masjidga. Kabir esa ular ruhan birlashgan joyni izlaydir. — Salim ota Jodha Bay bilan Akbarni oldiga o‘tkazib, Kabirning hindcha she’rlaridan o‘qiy boshladi. Jonli xalq tilida aytilgan olovli she’rlarning har bir bayti Jodha Bayning qalbiga zavq, quvonch, kuch-qudrat olib kirganday bo‘ldi: — Qarang, Kabir ayta¬dirki, imon-u ixlos — faqat odamning dilida yashasa¬gina atrofini obod qilgay. Muttasil yomg‘ir yoqqan bilan ibodatxonaning tosh haykalida yoki masjidning g‘isht devorida biron narsa unib-o‘sgaymi? Shuning uchun Kabir inson dilini o‘ziga sajdagoh qilmishdir. «Ey, odam! — dedi Kabir. — Muhabbat bilan shafqatni, neklik bilan baxtni mullodan yoki brahmandan tilab ovora bo‘lma, ularni senga chetdan hech kim tayyor holda berolmagay. Muhabbat ham, shafqat ham, neklik bilan baxt ham faqat o‘z qalbing ishtiro¬kida, o‘z fazilatlaring-u mehnatlaring tufayli yuzaga kelgay!»
Jodha Bay Salim otani dunyoning barcha sir-u asroridan xabardor kishi deb ishongani uchun ham, uning aytgan gaplaridan behad qattiq ta’sirlanar va ilgarigi qo‘rquvlaridan qutulib, o‘ziga ishonchi ortib borardi. Ayniqsa, ota yod biladigan Kabir she’rlarida hindmuslim yakdilligi ulug‘langan sari Jodha Bayning dili yayrab, ko‘ngli ko‘tarilardi.
— Sizlarga Kabirning ulug‘ ruhi madad bergay! Chunki ikkovlaring ikki xalqdan chiqqan yakdil oila bo‘lib, Kabirning orzusini ham amalga oshirmoqda¬siz¬lar!
Kechasi chodirda Akbar Jodha Bayni quchib, erkalatar ekan:
— Chindan ham, biz — bir tandagi ikki jonmiz! — dedi.
Jodha Bay esa qalbi tagida o‘sayotgan farzandini ikki dilning qo‘shilishidan paydo bo‘lgan uchinchi bir jondek his qilardi.

______________
* R i sh i — hindcha «avliyo» demakdir.
* L a k sh m i — Osmon ma’budi Vishnuning xotini. Sh a k t i — Shivaning xotini.


Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:09:30

* * *

O‘rmon ichida Akbarning qaynisi Man Sinx boshchilik qilayotgan qo‘riqchi askarlar, mulozim va xizmatkorlar chodirdagi akbarlarning tinchini buzmaslikka intilishar, iloji boricha ko‘zga tashlanmay yurishardi. Xizmatkorlar ovqat va boshqa zarur narsalarni kunduz sekin olib kelib berishar, barcha xizmatlarni osoyishta va shovqinsiz qilishardi.
Akbar har kuni ertalab nonushtadan so‘ng o‘rmon ichidagi xirgohga borib, choparlarni qabul qilar, kechik¬tirib bo‘lmaydigan davlat ishlari bo‘yicha farmoyishlar berardi. Beklar va a’yonlara esa Sekridagi Bog‘i Fathga kelishar, Akbar o‘n mil yo‘lni otliq bosib o‘tib, shu bog‘dagi ko‘shkda qabul marosimlari va mashvaratlar o‘tkazar, goho o‘sha yerda yotib ham qolardi. Akbar yo‘q paytda Jodha Bayning chodiriga Hamida begim kelib turardi.
Begim qirq to‘rt yoshga kirib, sochlarida oqi ko‘payib qolgan bo‘lsa ham gavdasi hamon xipcha, yuz-ko‘zidan joziba ketmagan. Dehlida Humoyun maqbarasi oldida ko‘rishganlarida o‘zini pirlarday vazmin tutgan Salim ota endi mana bu o‘rmonda yashnab turgan tabiat bag‘rida begimni xoli ko‘rdi-yu, yuragi hayajondan gursillab ura boshladi.
U Nizom bo‘lib yurgan yigit paytidagi qudratli tuyg‘ular Salim ota uchun yer tagida yashirinib yotgan zilziladay xatarli tuyulardi. Agar bu zilzila uyg‘onsa, Salim otaning og‘ir xastaliklardan so‘ng nurab turgan tanasi yer osti larzalariga bardosh berolmay to‘kilib tushishi hech gap emas.
Salim ota Hamida begimni o‘zining to‘porigina kampiri bilan tanishtirdi-da:
— Taqdirimiz shu ekan! — deb og‘ir tin oldi.
Hamida begim Salim otani Dehlida Humoyun maqbarasi oldida o‘ziga ma’naviy padar deb bilib, qo‘l bergani uchun bu yerda ham unga:
— Salim ota, — deb murojaat qildi, — kelinimiz sizning panohingizda gulday ochilib ketibdir. Ko‘rib sizga ixlosim ortdi. Dehlida maqbara qurilishi bitsa men ham Sekriga ko‘chib kelish orzusidamen.
— Maqbarani o‘n yildan beri qurmoqdasiz, hali ham bitmadimi?
— Toshga gul solib sayqal berish tez bo‘lmas ekan. Og‘ir yumushlar bitgan. Borsangiz ko‘rursiz, maqbara benihoya ulkan bo‘ldi. Sahnini uch oshiyonlik uy barobarida baland ko‘tardik. Gumbazi Akbarjon chizgan tarh asosida yetti oshiyonlilk binoday yuksak bo‘ldi. Dehli tarixida haligacha bunday ulug‘ obida qurilmagan ekan. Shuning uchun o‘n yilda ham bitirolmadik.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:09:43

Hamida begim hali ham Humoyunning xotirasi bilan band ekanini sezgan Salim ota o‘zini bosib dedi:
— Begim, umringiz uzoq bo‘lg‘usidir, Akbardek farzand o‘stirish kamdan kam onaga nasib bo‘ladigan toledir.
— Akbar uchun tangriga doim shukur qilib yashamoqdamen. Ammo balandda turgan odamga shamol-u bo‘ronlar shiddati qattiqroq tegarkan. Qancha qadrdonlarimizni bu bo‘ronlar narigi dunyoga uchirib ketdi.
— Aytmochi, bizga xiyonatlar qilgan Afzalbek tutilgani rostmi?
— Akbarjon aytmadilarmi? U badbaxtga qasos ancha kech qaytdi. Tili kesilib, vujudi parcha-parcha qilindi.
— Afzalbekni uzun kosov qilib ishlatib, o‘zi panada turgan shayx Ansoriy hali ham saroyda shayxulislommi?
— Saroyda yomonlar ko‘pligi rost. Akbarjon ham ulardan bezor bo‘lgan. Lekin... o‘sha shayxulislom¬ning o‘rnini oladigan yaxshi ruhoniylar qani? Siz saroyga shayxulislom bo‘lib borgaymisiz?
Salim ota bosh chayqadi:
— Bu taklifni menga Akbarshoh ham aytdilar, lekin men uzr so‘radim. Shayxulislomlik nedir? Diniy hokimiyat. Sadrlar suduri ham o‘zicha bir hokim. Bular odamlarni o‘limga hukm qilish, zindonga solish huquqiga ega bo‘lgan din peshvolaridir. Holbuki, boylig-u martaba eshikdan kirsa, imon-u e’tiqod tuynukdan chiqib ketgay. Shuning uchun ruhoniylarga hokimiyat ham, boylig-u martaba ham berilmasligi kerak. Davlat hokimiyati bo‘lsa bas — shuning o‘zi ham el-ulusga og‘ir yuk. Yana buning ustiga diniy istibdodning yukini ko‘tarish xalqni ezib yubormoqda. Men Akbarshohga maslahat berdimki, ilojini topsangiz, diniy hokimiyatni yo‘qoting!
Hamida begim bu gapdan qo‘rqib ketdi:
— Salim ota, ruhoniylar g‘ulu ko‘tarib, Akbarjonni ham dahriylikda ayblamasinlar, tag‘in! Siz unga bunday maslahatlarni bera ko‘rmang!
— Berganimda ham Akbaringiz bu maslahatni olgani yo‘q. Uning xayoli hozir boshqa narsalar bilan band.
— Ha, Akbarjon o‘g‘il kutmoqda. Jodha Bayga sizning dargohingiz juda xush yoqqanini katta kelinim Salima begim ham eshitibdir. Yana bitta chodir tikdirib, Salimani ham olib kelsakmikin?
 — Mening bir andisham bor, begim. Kundoshlik azobini bilursiz. Jodha Bayning ko‘zi yoriguncha bu azobni unga yaqin keltirmaganimiz ma’qul.
Hamida begim Salim otaning bu andishasini o‘rinli topdi.

Qayd etilgan