Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244933 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 54 B


Ansora  06 Fevral 2010, 15:18:58

Yigit paytida tezkorlikni yaxshi ko‘rgan Humoyun taxtga o‘ltirganining dastlabki uch-to‘rt yili ichida sharqqa va g‘arbga, janubga va shimolga ketma-ket yurishlar qilib, o‘ndan ortiq viloyatlarni zabt etdi. Lekin u Gujaratga yurish qilganda sharqda Bixor isyon ko‘tarib, ixtiyoridan chiqib, mustaqil bo‘lib oldi. Akbar o‘sha achchiq saboqlarni esda tutib, davlatining chegaralarini shoshmasdan, qadamma-qadam kengaytirib bormoqda edi. o‘n besh yil davomida Gujarat bilan Agra oralig‘idagi Bikanir, Chitor, Bundi, Malva kabi viloyatlarda ichki parokandalikni tugatdi, eng nufuzli roja va roalar bilan qon-qarindosh bo‘ldi, otliq askarlarining yarmini sodiq rajputlardan yolladi. Hatto umr bo‘yi Bobur va Humoyunga qarshi kurashib o‘t¬gan Rana Sangram Sinxning nevarasi Uday Sinx endi Akbarni tan olib, u bilan ittifoq tuzdi. Uning E’ti¬modxon bilan mahfiy aloqa o‘rnatganiga ham ikki yil bo‘ldi. Endi Gujarat yurishi uchun vaziyat yetilganini o‘sha yoqdan axborot yuborib turgan xufiyalarning ma’lumotlari ham tasdiqladi.
Akbar o‘n ming qo‘shin bilan mezon oyida Ah¬mad¬¬obodga yaqinlashdi. E’timodxon so‘zida turib, ikki ming odam bilan Akbar tomonga o‘tdi. Muzaffarshoh jang qilishga yuragi betlamay poytaxtni tashlab qochdi. Akbar Aziz ko‘kaldoshni besh ming askar bilan quvg‘in qilib yubordi-da, o‘zi Ahma¬doboddagi podsho saroyiga kirib joylashdi.
Aziz ko‘ka ertasi kuni peshinda Muzaffarshohni tutib keltirdi. Bu shoh qirq yoshlardagi, semiz, qora odam ekan, o‘zi shuncha yil hukmronlik qilgan saroyni endi Akbar egallab olganini ko‘rib, yuzlari alamdan ko‘karib ketdi. Biroq joni shirin tuyulib, Akbar o‘ltirgan taxt qarshisida ta’zimga egildi, o‘ng qo‘lining orqasini avval yerga tekkizib, so‘ng boshi ustiga baland ko‘tardi-da, taslim* bajo keltirdi:
— Hazrat shahanshoh, taqdir ekan, biz yengildik. Xatolik o‘tgan bo‘lsa afv eting. Agar qonimdan kechsangiz, to o‘lguncha sizga sadoqat saqlab, bir go‘shada tinchgina yashamoqchimen!
Akbar uning zahar tomib turgan ko‘zlariga qarab, dilidan hali adovat ketmaganini sezdi. Taxt yonida turgan Bhagvan Das ham Akbarga, «ishomang, so‘zida turmagay!» deb shivirladi.
Lekin Ahmadobod jangsiz olinganidan quvonib, ko‘ngli yumshab turgan Akbar tiz cho‘kib, taslim bo‘lgan odamni o‘limga buyurishni o‘ziga munosib ko‘rmadi.
— Janob Muzaffarshoh, mening ota-bobolarim «egilgan boshni qilich kesmas» degan qoidaga amal qilib kelganlar. Men ham birinchi marta qoningizdan kechdim...
— Minnatdormen, hazratim, hoki poyingizni ko‘zga surgaymen.
Akbar unga Ahmadobod yaqinidan jogir berdi, xa¬zinadan nafaqa to‘lab turishni, ayni vaqtda, kecha-yu kunduz atrofidan qo‘riqchini uzmay, ko‘z-quloq bo‘lishni buyurdi.
Muzaffarshohni tutib kelgan Aziz ko‘kaga xoni a’zam unvoni berildi. Akbar uni Ahmadobodga hokim tayinladi-da, o‘zi besh ming askari bilan dengiz bo‘yidagi Surat bandariga yo‘l oldi.

_______________
* T a s l i m — ta’zimning bir turi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:20:02

*  *  *

Hind ummoni. Oxiri ufqlarga tutashib ketgan bahaybat katta suv ichida ulkan kemalar ham pista po‘chog‘iday kichik ko‘rinadi. Akbar umrida birinchi marta dengiz kemasiga tushib, ota-bobolari ko‘rmagan Kambey ko‘rfazida sayr qildi va Goa oroligacha suzib bordi. Bu yerda u dengiz hokimlari bo‘lib olgan farangi portugallarning cherkovlarini kirib ko‘rdi. Portugallarning kemalari hind kemalaridan yirikroq va qudratliroq edi. Goani o‘zlariniki qilib olgan va dengiz yo‘liga xo‘jayinlik qilib yurgan farangilar Akbarga iltifot ko‘rsatgan bo‘lib, uni eng katta kemalarida sayr qildirmoqchi bo‘lishdi.
— Men hind kemasida suzishni afzal ko‘rurmen!— dedi Akbar va Goaning portugaliyalik hokimidan tarjimon orqali so‘radi: — Bu yerda ilgari hind ibodat¬xonalari, muslim masjidlari bormidi?
— Bor edi.
— Hozir nechun ko‘rinmaydir?
— Chunki... aholi bari cherkovga boradigan katoliklardir.
— Qachondan beri? Asrlar davomida Goada hindlar bilan muslimlar yashab kelar edi-ku. Ularni fa¬rangilarning Albukerka degan amiralbahri qirib tashlagani rostmi?
— Hammasini emas... bir qismi... katolik diniga o‘tgan...
— Demak, farangilar hindi-yu muslimlarni zo‘ravonlik bilan o‘z dinlariga o‘tkazmoqdalar! Balki sizlar butun Hindistonni zo‘ravonlik bilan bosib olmoqchidirsizlar?!
— Zinhor undoq emas, hazrati oliylari! Biz sizdek ulug‘ podshohni hurmat qilurmiz... Hind xalqi bilan ham hamkorlik qilmoqchimiz.
— Ayting-chi, janob hokim, rasmiy hujjatlarda sizning lavozimingiz ne tavr aytilur? — so‘radi Akbar.
Goa hokimi Portugaliya qirolining Hindiston bo‘yicha noibi hisoblanardi. Rasmiy hujjatlarda bu hokim «Hindiston vitse-qiroli» deb ulug‘lanardi. Ho¬kim buni ochiq aytsa, butun Hindistonga da’vo qiladigandek ko‘rinishini sezdi-yu, gapni burdi:
— Kamina Portugaliya qirolining Goa orolidagi noibimen...
— Faqat Goa emas, janob noib, sizni butun Hindiston yerlariga xo‘jayin tayinlab farmon chiqarilganidan biz xabardormiz! Qirolingizga shuni ma’lum qilingki, Hindiston — mustaqil davlat, uning o‘z podshosi bor. Hindistonga noib kerak bo‘lsa, uni Farangiston qiroli emas, biz o‘zimiz tayinlagaymiz!
— Bu so‘zlaringizni qirol hazratlariga albatta yetkazgaymiz. Biz sizning mustaqilligingizni hurmat qilurmiz!

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:20:55

— Ammo ba’zi farangilar bizning ichki ishlarimizga aralashmoqdalar... Hatto bizga qarshi suiqasd qilgan bir telbaning uyidan farangi to‘fangi topildi... Hozir bizda ham to‘fang-u zambaraklar ko‘p. Ogoh¬lantirib qo‘ymoqchimizki, yana shunday ishlar takror bo‘lsa, bizning zambaraklar sizlarga qarshi otilmog‘i ham mumkin!
Akbarning aytganini qila oladigan odam ekanini biladigan Goa hokimi tashvishga tushib:
— Biz siz bilan tinch-totuv yashashni istaymiz, hazrati oliylari! — dedi. — Agar suiqasdga qatnashgan odam Goada bo‘lsa uni tutib berishga tayyormiz!..
Akbar vazir Jamilga ishora qildi. Vazir Jamil qo‘y¬ni¬dan qog‘oz olib, Po‘lat vasvas va ba’zi guvohlarning aytishicha, o‘sha to‘fangni Alvaro Pakavira degan keksa odam Dehliga olib borgani haqida axborot berdi.
Goa hokimi yonidagi mulozimlaridan nimanidir so‘radi-da, tez Akbarga yuzlandi:
— Alvaro Pakavira yaqinda po‘rtana paytida dengizga cho‘kib halok bo‘lmishdir... Agar hazrati oliyla¬riga yomonlik qilgan bo‘lsa, unga qasos qaytgani shu! minba’d biz Hindiston bilan faqat yaxshi aloqalar qi¬lish niyatidamiz. Din-u millat ayirmasdan bordi-keldi qilaylik! Agar siz hazrati oliylari, lozim ko‘rsangiz, bizga elchilar yuboring. Biz elchilaringizni o‘z kema¬larimizda Portugaliyaga, o‘z qirolimiz huzuriga olib borishga, so‘ng qaytarib olib kelishga tayyormiz.
Bu gaplar Akbarni xiyol yumshatdi. U Portu¬galiyaga elchi yuboradigan bo‘lib Goa hokimi bilan xayrlashdi. Surat bandariga kemada qaytar ekan, yoni¬da turgan Qilichxon Andijoniy unga turk dengizchisi Seydi Ali Raisni eslatdi:
— Jannati otangiz bu turk lashkarboshisi bilan Dehlida Puran qal’ada qanday so‘zlashganlari yodingizda bormi? O‘shanda otangiz «turk podsholari bilan hamkorlikda farangilarni Goadan quvgaymiz» deb niyat qilgan edilar-a!
— Ha, ha, Seydi Ali Rais Sulaymoniy degan eng buyuk zambaragini Surat bandariga yashirib ketganini aytgan edi... Ehtimol, hali turgandir?
— Oradan yigirma yil o‘tdi. Balki yo‘qolib ketgandir?

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:21:15

— Ammo izlab ko‘rmoq kerak, janob Qilichxon! Bu vazifa sizga yuklanur!
Seydi Ali rais Surat bandarining odam kam boradigan chet bir jyoiga, eski turk kemasining ichiga be¬kitib ketgan zambarak hali turgan ekan. Qilichxon Andijoniy boshliq yuzdan ortiq navkarlar uni topib, qirg‘oqqa olib chiqdilar. Zambarakning suv tekkan joylari zanglagan ekan, uni tozalab, yog‘ladilar va o‘n g‘ildiraklik ulkan arobaga ortdilar. Bu arobani o‘ttiz ikkita ho‘kizga torttirib, Ahmadobod orqali Fathpur Sekriga jo‘natdilar.
— Bu zambarak ham bizning turk podshosi bilan hamkorlik qilishimizga, ham farangilarni Goa orolidan quvishimizga xizmat qilgay! — dedi Akbar. — Janob Qilichxon! Siz Turkiyaga bizdan elchi bo‘lib borgaysiz! Dengiz kemalari qurmog‘imiz kerak. Turk kemasozlari kelsinlar!..
Lekin Akbar bu niyatini amalga oshirishga ulgurmasdan Ahmadoboddan shum xabarlar keldi. Muzaf¬farshoh Akbar qo‘ydirgan qo‘riqchilarni o‘ldirib qochibdi, bir guruh temuriyzoda mirzolar uning tara¬fini olib isyon ko‘taribdi.
Husayn Boyqaro avlodidan bo‘lgan bu mirzolar avval ham o‘z qarindoshlari Akbarga baxilligi kelib, nuqul uning dushmanlariga yordam berib yurishardi. Sambxaldan qochgan va Po‘lat vasvasni ishga solib Akbarga o‘q ottirgan Sharafiddin mirzo ham shular¬ning yoniga kirgan edi. Mirzolar yordamida Ah¬madobod yonidagi jogiridan qochgan Muzaffarshoh Borinj qal’asini g‘aflat uyqusi paytida ishg‘ol qilib, Akbarga sodiq bo‘lgan Qutbiddinni qatl ettiradi. Gujarat viloyatining xazinasiga necha yillar davomida yig‘ilgan o‘n kurur* rupiy oltinni Akbar Qutbiddinga ishonib topshirgan edi. Muzaffarshoh shunday katta boylikni o‘zlashtirgach, o‘zini yana qudratli sezib, bir talay askar yollaydi. So‘ng Ahmadobod qal’asida hokim bo‘lgan Aziz ko‘kaga qarshi urush boshlaydi. Mirzolar esa undan beridagi Sarnalda Akbarning Ah¬madobodga qaytadigan yo‘lini to‘sib turgan emishlar.
Akbar bu xunuk xabarlarni eshitganda Muzaf¬farshohni kechirib katta xatoga yo‘l qo‘ygani uchun o‘zidan ham qattiq koyindi. Qarindosh bo‘la turib, yelkadan pichoq urgan temuriy mirzolarga qarshi di¬lida qo‘zg‘algan cheksiz qahr-u g‘azab uni  quyunday uchirib, dengiz bo‘yidan Sarnal tomonga olib ketdi.
Suratdan Sarnalgacha otda o‘n kunlik yo‘l edi. Akbarning dengiz bo‘yida yurganini eshitgan mirzolar uni hali-beri qaytib kelolmaydi, deb bexavotir yurgan edilar. Akbar Hayron degan chopqir iroq otida uch kun o‘tmay Sarnalga yetib bordi. U behad tez yo‘l yurgani uchun qo‘shinining asosiy qismi Mahendra daryosidan narida qolib ketdi. Akbar daryodan bi¬rinchi bo‘lib o‘tib, Sarnal qal’asiga elliktacha odami bilan yetib kelganda, darvozalar ochiq turgan ekan. Akbar asosiy kuchlarining yetib kelishini kutadigan bo‘lsa, mirzolar xabar topib, qal’a darvozalarini be¬kitib olishadi. Keyin urush va qamal bir necha oyga cho‘zilib ketishi mumkin. Akbar o‘ng yonida turgan Bhagvan Dasga qaradi:
— Tavakkal qilaylikmi?

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:21:31

— Mayli! — dedi Bhagvan Das ham tap tortmay.
Akbar bor odamini uchga bo‘ldi-da, o‘ng qanotga Zayniddin ko‘kaldoshni, chap qanotga Man Sinxni tayinladi. O‘n olti yoshga kirib, janglarga qatnashib yurgan Abdurahim otasi Bayramxonday pishiq, dovyurak yigit bo‘lgan edi. Akbar bilan o‘n kunlik yo‘lni uch kunda bosib o‘ta olgan eng dov yigitlarning biri ham Abdurahim edi... Akbar uni va Bhagvan Dasni o‘zi bilan markazda qoldirdi. So‘ng hammalari qilich yalang‘ochlab Sarnal qal’asining ochiq darvozasidan ot qo‘yib kirdilar.
Qal’a ichida mirzolarning to‘rt ming askari bor edi. Lekin Akbarning kutilmagan hamlasi ularni esankira¬tib qo‘ydi. Saflanishga va to‘planishga ulgurmagan yuzlab navkarlar qal’aning tor ko‘chalarida tiqilishib, o‘zlariga o‘zlari xalaqit bera boshladilar. To‘polonda yov askari qaysi, o‘zlariniki qayoqda — ajratish oson emas. Shunday bo‘lsa ham, Muzaffar Husayn mirzo boshliq yuztacha otliqlar Akbarning yo‘lini to‘sib chiqdi. Narigi ko‘chadan chiqqan Ibrohim Husayn mirzoning navkarlari chap qanotdagi Man Sinxga hamla qildi. mas’ud Husayn mirzo Zayniddin ko‘ka bilan olisha boshladi.
Akbarning egnida zirhli kiyim, boshida dubulg‘a. Qarshidan otilayotgan yoy o‘qlaridan biri ko‘kragidagi choroynaga «tars» etib tegib, sirpanib ketdi. Yana bir o‘q tizzasini yopib turgan temir zonupo‘shga qarsillab urildi. Akbar boshini yelkasiga tortib xiyol egildi-da, qilich yalang‘ochlagan holda o‘q otayotgan navkarga tashlandi. Lekin shu orada Bhagvan Das bu navkarni qilichi bilan chopib, otdan yiqitdi. Yon tomondan Zayniddin ko‘kaning:
— Akbar hazratlariga qarang! — degan xitobi eshitildi. Bu uning: «Akbarni qo‘riqlang!» degani edi.
Amir Temurning oltin sopli qilichini yalang‘och¬lab, ot choptirib kelayotgan akbarni yov navkarlari endi ko‘rdilar. Bhagvan Das va Zayniddin ko‘kaning zarbalaridan yiqilib tushayotgan yovlar ham ularga Akbarning qilichidan ag‘anab ketayotganday tuyuldi. Mirzolar tomonidan otilgan yoy o‘qlari Akbarning zirhli kiyimiga tegib, sapchib ketayotgani yovlariga uni o‘q o‘tmaydigan nazarkarda qilib ko‘rsatardi.
— Akbarning o‘zi! Qo‘lida Amir Temurning qilichi!
— Akbar!.. — degan so‘zlar yov navkarlari orasida xuddi «balo-qazo kelyapti, joning borida qochib qol!» degan bir vahimali ohangda tarqaldi. Son jihatidan qirq barobar ko‘p bo‘lgan yovlar mana shu vahimaga berilib, tiraqaylab qocha boshladi. Akbar ulardan birortasiga qilich tekkizolgani yo‘q. Faqat uning o‘zi oldingi safda o‘q yomg‘iri ostida hujum qilib kelayotgani uchun yonidagi bek va navkarlari o‘lgan-qolganlariga qaramay dushmanlar ustiga tashlanmoqda edilar. Markazdagi Bhagvan Das Akbarga nayza otmoq¬chi bo‘lgan mirzolardan birining qo‘liga qilich urdi. Dasning butun xayoli Akbar himoyasi bilan band bo‘lib, o‘ng yonida jang qilayotgan o‘g‘li Bhupatni ham unutgan edi. Mirzolar tomonidan otilgan bir o‘q o‘n yetti yoshli Bhupatning bo‘yniga qadaldi. U otdan yiqilayotganda Abdurahim kelib tutib qoldi va bexatar joyga olib chiqdi.
Qochib borayotgan yov askarlari hujum qilib kelayotganlar bilan aralashib ketgani uchun mirzolarga dushman behad ko‘p bo‘lib ko‘rindi. Bu orada Akbarning asosiy kuchlari ham daryodan o‘tishga ulgurgan va Sarnalga kira boshlagan edi. Endi Akbarga bas kelib bo‘lmasligini sezgan mirzolar qal’aning narigi chetidagi darvozalardan tumtaraqay bo‘lib qochib chiqdilar. Ibrohim mirzo shimoldagi Multonga qarab qochgan edi. Uni tutib, boshini kesib keltirdilar. Muzaffar Husayn bilan Sharafiddin mirzolar janubdagi Dakan podshosining huzuriga qochib borib jon saqladilar.
Dakan tojdorining mustaqil hukmronlik qilishi uchun Akbardan ko‘ra Muzaffar Husayn bexatarroq edi. Mirzolar uning yordamida o‘n ming qo‘shin to‘pladilar va bir yil o‘tgach, yana Gujarat chegarasiga bostirib kirdilar. Muzaffarshoh o‘z tarafdorlari bilan qo‘shildi. O‘ttiz mingga yetgan mo‘ri-malaxday dahshatli qo‘shin Gujaratda hokim bo‘lgan Aziz ko‘kaning atrofini o‘rab Ahmadobodga bostirib kela boshladi.

____________
* O‘ n  k u r u r — yuz million.


Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:22:55

*  *  *

Allaqachon Fathobodga qaytib, bu yerdagi qurilish ishlariga kirishib ketgan Akbar Aziz ko‘kaning qamalda qolganini saraton oyida eshitdi. Yomg‘ir fasli avjida, yo‘llar balchiq bo‘lishiga qaramay u o‘n ming askarni Bhagvan Das boshchiligida Gujaratga yordamga jo‘natdi. Adulfazl ham bu qo‘shin bilan birga ketdi.
Akbarning o‘zi asad oyida ham poytaxtda yurar, mirzolar buni Sekridagi xufiyalarining axborotidan bilib turar edilar. Bhagvan Das boshliq qo‘shin yomg‘irli kunlarda qaynalib bir oyda ham Ahmadobodga yaqinlasha olgan emas edi.
Sunbula kirib, osmonda yomg‘ir bulutlari kamaya boshlagandan keyin akbar besh yuzta saralangan bek-u navkari bilan kechasi Fathoboddan Gujaratga yo‘l oldi. U dushmanlarini yana g‘aflatda qoldirib, to‘satdan bostirib bormoqchi edi. Shuning uchun choparlar tezligida yo‘l yura boshladi. Eng tezyurar ot va tuyalar oldindan tanlangan va yo‘llardagi maxsus joylarda tayyorlab turilgan edi.
Sekri bilan Ahmadobod oralig‘idagi yo‘l salkam sakkiz yuz mil. Ot va tuyalarni ming qistab haydaganda ham Hindiston issiqlarida yetmish-sakson mil yo‘l bosib bo‘lmas edi. Lekin Akbar choparlar kabi ot va tuyalarni har kuni bir necha marta almashtirib, shamolday uchib bora boshladi. Kunduz eng issiq paytida besh yuz odam hammasi soya joy topib uxlab olar, so‘ng kechasi bilan to sahar pallagacha yo‘l yuri¬shar edi. Akbarning o‘zi to‘qqiz kun davomida bu tezlikka bardosh berib kelayotgani uchun ko‘pchilik yigit¬lari ham «charchadim» deb ayta olmas edi.
Bu yigitlardan biri — Akbarning tutingan o‘g‘li, endi o‘n yettiga kirgan Abdurahim edi. Akbar uni o‘zining eng sodiq ko‘kaldoshi Azizning singlisi Moh bonuga uylantirgan, Jajji enaga endi Abdurahimga ona o‘rnida edi. Abdurahim Ahmadobodda qamalda qolgan qaynota-qaynonasini tezroq qutqarish uchun ham tun-u kun yo‘l yurishning barcha mashaqqatlariga bardosh berib kelmoqda edi.
Akbar va uning besh yuz yigiti Sekridan Gujaratga to‘qqiz kunda yetib bordi, bir kecha-kunduzda sakson-to‘qson mil yo‘l bosgan paytlari bo‘ldi.*
Gujaratga hali Akbarning Sekridan yo‘lga chiqqani haqidagi ma’lumot ham kelib ulgurmagan edi. Sabarmati daryosidan naridagi joylarni egallab olgan mirzolarga xabar keltirayotgan xufiyalar yarim yo‘lda qolib ketishgan edi. Gujaratda to‘satdan paydo bo‘lgan Akbar Bhagvan Dasning bir yarim oy oldin yo‘lga chiqqan qo‘shiniga yetib borib, uni ham o‘z ixtiyoriga o‘tkazdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:23:12

Mirzolar daryo bo‘yidagi soya-salqin joylarni qarorgoh qilib bamaylixotir o‘ltirganlarida Sabarma¬tining narigi qirg‘og‘ida birdan Akbar qo‘shini paydo bo‘ldi va daryodan o‘ta boshladi. Mirzolar shosha-pisha o‘ttiz ming qo‘shinni saf qilib, Sabarmati tomon yo‘l oldilar. Bu orada Akbar to‘rtta yigiti bilan Sabarmatidan birinchi bo‘lib suzib o‘tgan edi. Bosh sarkarda o‘zini suvga dadil tashlaganini ko‘rgan bek-u navkarlar ham uning ketidan o‘zlarini suvga otdilar. Uch mingtacha askar o‘tib bo‘lgach, Akbar qolganla¬rini kutib o‘ltirmay hujumni boshladi.
Uning tagida — bir vaqtlari ammasi Gulbadan begim in’om etgan Hayron ismli o‘sha iroq oti. Suv¬dan o‘tish oson bo‘lsin uchun Akbar otning ustidagi og‘ir zirhli kejimni olib tashlagan edi. Jang qizig‘ida zirhli kejimni qayta yoptirishga ulgurmadi, yov tomonni vahimaga solish uchun ham o‘zi oldingi safda ot choptirib bora boshladi. Lekin mirzolarning qo‘shini son jihatidan behad ko‘p edi. O‘qlar do‘lday yog‘ila boshladi. Akbarga tekkan besh-oltita o‘qni uning qo‘lidagi qalqoni va egnidagi zirhli kiyimlari qaytardi. Faqat tagidagi Hayron biqinidan o‘q yeb, gandiraklab to‘xtadi.
Piyoladay katta-katta ko‘zlarida doimiy bir hayrat qotib qolganday ko‘rinadigan bu ot Akbarga o‘n yildan ortiq xizmat qildi. Ne-ne uzoq masofalardan uni qushday uchirib o‘tkazdi. Otning hayron qolarli kuchi va hayratga to‘la kuzlari bor edi, shuning uchun Akbar unga Hayron deb nom qo‘ygan edi.
Hozir zirhli kejim yopilmagani uchun o‘q yegan Hayronning biqinidan tizillab qon otilmoqda. Agar u yana bir necha qadam qo‘ysa, yiqilishi muqarrar. Jonivor ot Akbar bilan yiqilmaslik uchun oyoqlarini kerib to‘xtab turardi.
Buni sezgan Akbar orqada kelayotgan otbegiga:
— Rohvorni* bering! Tez! — deb qichqirdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:23:25

Bosh sarkardaning otdan yiqilganini yovlari ko‘rmasligi kerak edi. Otbegi zirhli kejim yopilgan va uzoq yo‘lda yaxshi yuradigan saman bedov Rohvorni darhol yetaklab kelib, Akbarga to‘g‘riladi. Akbar egardan sakrab o‘tguncha sadoqatli Hayron oyoqlarini yerga mahkam tirab, yiqilmay turdi. Egasi boshqa otga minib uzoqlasha boshlagandan so‘ng yarador ot gursillab yiqildi.
Muzaffar Husayn mirzo uzoqdagi bir tepalik ustida otliq turib, jangni boshqarmoqda. Akbar shu tepalikka yaqinlashganda Man Sinx bir necha yuz rajput yigitlari bilan tepalikni otliq aylanib o‘tishga ulgurdi. Qurshovda qolayotganini sezgan Muzaffar Husayn mirzo qo‘riqchi yigitlari bilan tepadan pastga otildi, ammo qurshovni yorib o‘tguncha bo‘lmay, Man Sinx unga uzoqdan nayza otib, otdan yiqitdi. Nayza Mu¬zaffar Husaynning po‘lat sovutini kesib o‘tolmagan bo‘lsa ham, o‘ng ko‘kragini yaralagan edi. Man Sinx¬ning yigitlari uning qo‘lini bog‘lab, Akbarning oldiga olib ketdilar.
Muzaffar Husayn mirzoning otdan yiqilgani va asir tushgani yashin tezligida yov qo‘shinlari orasida ovoza bo‘ldi. Muzaffarshoh ehtiyotkorlik qilib orqaroqda turgan edi, darhol o‘zining odamlarini ayirib olib, Patan tomonga qochdi. Sharafiddin mirzo ham uning ketidan tiraqaylab qochishga tushdi.
Jang tugagandan so‘ng daryo bo‘yidagi sersoya amalbed daraxtlarining tagida Akbar uchun gilam va zarbof ko‘rpachalar to‘shab, shohnishin qilindi. Uning chap yonida Abdulfazl va roja Birbal o‘ltirgan paytda qirq besh yoshlardagi barvasta, shertaxlit Muzaffar Husayn mirzoni olib keldilar. Birbal uni tutgan odamlarga tahsin aytgisi kelib, soqchi yigitdan:
— Amirzodani kim tutdi? — deb so‘radi.
Man Sinx orqaroqda kamtarona bosh egib, jim turibdi. Qo‘li bog‘log‘liq Muzaffar Husayn mirzo shu hind yigitiga asir tushganini aytishdan or qildi she¬killi:
— Meni tuz tutdi! — dedi va tiz cho‘kib Akbarga murojaat qildi: — Hazratim, biz Shayboniyxon davrida Hurosondan quvildik, darbadar bo‘lib yurganimizda jannatmakon Bobur bobongiz bizni Hindga chaqirdilar, «sizlar ham temuriylardansiz, sulton suyagini xor qilmas» deb, boshpana berdilar, ulufa-yu jogir ajratdilar. Biz buni unutmasligimiz kerak edi. Lekin xom sut emgan banda ekanmiz, Muzaf¬farshohning qutqusiga uchib, ko‘rnamaklik qildik. Boshim egik, afvu so‘raymen! Agar qonimdan kechsangiz, minba’d to o‘lguncha sadoqat saqlagaymen!
Bu gaplar Akbarni ancha yumshatdi. Uning buyrug‘i bilan Muzaffar Husaynning qo‘lini yechdilar va podshoning chap yoniga — Birbaldan pastroqqa o‘tkazdilar. Akbar uning lablari quruqshab turganini ko‘rdi-yu, sharbat so‘radi. Oltin jomda keltirilgan norinj sharbatidan avval o‘zi ichdi-da, keyin Muzaffar Husaynga berdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:23:39

Bhagvan Das va Man Sinxlar Akbarning bu ishidan norozi bo‘lib qovoq solib turar edilar. Sarnaldagi jangda mana shu mirzoning dastidan halok bo‘lgan Bhupat — Akbarning qaynisi edi-ku! Nahotki uning qotili shunchalik iltifotga loyiq bo‘lsa? Akbar qaynog‘asining ko‘nglidan o‘tayotgan bu gapni sezganday bo‘lib, Bhagvan Das bilan Man Sinxni o‘zi¬ning o‘ng yoniga taklif qildi.
— Sizni tuz tutgani rost, Mirzo janoblari, — deb Akbar Muzaffar Husaynga so‘z qotdi: — Siz menga qanday qarindosh bo‘lsangiz, roja Bhagvan Das ham hozir shunday qarindoshdir. Lekin qarindoshlar ham har xil bo‘larkan. Siz kabi mirzolar, temuriylar xona¬donidan chiqib, umr bo‘yi shu xonadonga isnod-u ofat keltirib yashamoqdasiz. Ammo roja Bhagvan Das g‘ayridin bo‘lsa ham shu xonadonga sizlardan yuz barobar sodiqroq xizmat qilmoqda. Siz menga qarshi tajovuz qilganingizda roja Bhagvan Das bizni shu tajovuzdan himoya qila turib, suyukli o‘g‘lini qurbon berdi. o‘n yetti yoshli Bhupatning qoni sizning bo‘yningizdadir, janob Mirzo! Har ikki tomon ham qarindoshlarim bo‘lgani uchun, men adolatni himoya, qilmoqchimen. O‘tgan gal Muzaffarshoh bosh egib sadoqat izhor qilganda unga amniyat berib pand yedik. Bugun ham o‘sha Muzaffarshoh qancha odamlarimizning qonini to‘kib, yana qochib, qutulib ketdi. Endi bu xatoni takrorlashga haqqimiz yo‘q. Maharoja, — deb Akbar Bhagvan Dasga yuzlandi: — Muzaffar Husayn mirzoni sizning ixtiyoringizga topshirgaymiz. Neki qilsangiz biz rozimiz!
O‘lim xavfidan qalt-qalt titrayotgan Muzaffar Husayn mirzoni Bhagvan Dasning ikkita yigiti qo‘lidan tutib olib ketdi. Bhagvan Das uni o‘rmon ichiga olib kirib chuqur qazdirdi-da, o‘sha yerda boshini kestirdi.
Otasi Bayramxonday dovyurak jangchi bo‘lib yetishgan Abdurahim bugun g‘ulda shijoat bilan jang qilganini Akbar ko‘rgan va shimolga qochgan Sharafiddin mirzoni tirik tutib kelishni unga buyurgan edi. Ikki yuz navkar bilan quvg‘inchi bo‘lib ketgan Abdurahim kun oqqanda qo‘li bog‘loqlik Sharafiddin mirzoni oldiga solib haydab keldi. Akbar Abdurahimni tarbiyalab, otasi darajasiga yetkazishni ko‘pdan beri ko‘ngliga tugib yurardi. Bugun uning jasoratiga tan bergandan so‘ng:
— Vazir Jamil! — dedi, — maxsus farmon yozdi¬ring, Abdurahimga xoni xonon unvoni berilsin! Rah¬matli Bayramxonning qancha ulufasi, qanday imti¬yoz¬lari bo‘lsa, hammasi Abdurahim uchun tayin etilsin!

Qayd etilgan


Ansora  06 Fevral 2010, 15:23:51

Shundan so‘ng Akbar Sharafiddin mirzoni qar¬shisiga tikka qilib qo‘yib:
— Bir vaqtlar sizga ham katta inoyatlar qilingan edi, — dedi. — Hammasini unutib, xiyonat yo‘liga o‘tganingiz uchun, mana axiyri shu ahvolga tushdingiz. Axir siz Xo‘ja Ahrori Vali avlodidanmen, deb maqtanar edingiz-ku! Ahroriy degan taxallusingiz bor edi. Nechun siz Po‘lat vasvasning ilki bilan bizga qarshi o‘q ottirdingiz! O‘zingiz podsho bo‘lgingiz kelganmidi, a?!
— Hazratim, boshqa gunohlarim ko‘p. Ammo Po‘lat vasvasning suiqasdidan faqir mutlaqo bexabar edim. Bu vasvas termizlik Said Abulmalining odami edi!
— Abulmali Kobulda allaqachon yasoqqa yetdi. Endi navbat sizniki. Janobi mirg‘azab, o‘z xiyonatlari bilan butun ajdodlariga isnod keltirgan bu kimsa quturgan filning oyog‘i tagiga tashlansin!
Ilonning yog‘ini yalagan Sharafiddin mirzoning mahovatlikdan ham xabari bor edi, fillarga yoqadigan so‘zlarni bilar edi. U soqchilarning o‘zaro gapidan jazo uchun ajratilgan filning nomi Suman ekanini eshitib qoldi. Qo‘li orqasiga bog‘langan holda pastakkina taxta orqasida tiz cho‘kib o‘ltirganda mast fil bo‘kirib kelib uni oyog‘i bilan taxta ustiga bosib, yanchib tashlashi kerak edi. Lekin fil yaqinlashayotganda Sharafiddin mirzo ota-bobolaridan meros qolgan jozibali tovush bilan shivirlab:
— Suman, shafqat qil! Suman! Suman! Jonim! Suman! — deb xudoga iltijo qilganday filga sajda qilib yalina boshladi. Ziyrak jonivor bo‘lgan fil o‘z otini shunday ta’sirli bir tarzda aytib, bosh eggan odamni bosib o‘ldirgisi kelmay bir na’ra tortdi-yu, orqaga qaytdi. Filbon uni qaytarib kelib, yana bosishni buyurdi. Lekin Sharafiddin mirzo bor kuchini ko‘zla¬riga to‘plab, chumchuqni avragan ilonday filning ko‘zlariga tikilib yana sajda qildi va yalina boshladi. Fil yana uni bosgisi kelmay bo‘kirib orqaga qaytdi. Bu hol uch marta takrorlangach, Akbar Sharafiddin mirzoning qonidan kechdi-yu, uni mamlakatning sharqiy chek¬kasidagi Bangolaga surgun qildi. Sharafiddin mirzo o‘sha joyda ham ko‘p buzg‘unchiliklar qildi, bachcha¬bozlikka o‘rgandi. Oxirida Mahmud degan bachchasi ovqatiga zahar qo‘shib berib o‘ldirdi.

Qayd etilgan