61
Qaysi hokim hukmining ta’siri cho‘p bilan kaltaklash ta’siridan kamroq bo‘lsa, unday hokim hukumat yurgizishga yaroqsizdir.
62
Agar o‘g‘illarimdan qaysi birovi saltanat martabasiga da’vogarlik qilib bosh ko‘tarar ekan, uni urib-so‘kib, o‘ldirishga yoki muchasidan biron joyini kamaytirishga hech kim jur’at qilmasin, lekin uni ko‘z tagida saqlasinlarki, toki o‘z da’vosidan qaytsin va Tangri taoloning mulkida fasod chiqmasin.
63
Davlat ichida talay olchoq, yomon odamlar bordirki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jon fidolarini turli makr-hiylalar bilan xarob qiladilar. Bularning maqsadlari saltanat qo‘rg‘oniga raxna solishdir.
64
G’arazgo‘y, buzuqi va hasadgo‘y odamlarning vazirlar haqidagi uydirmalarini eshitmasinlar, chunki bu tabaqadagi kishilarning dushmani ko‘p bo‘ladi, negaki, olam ahlining barchasi dunyotalabdir. Agar vazirlar bunday odamlarning ko‘ngliga qarasalar, davlatga xiyonat qilgan bo‘lurlar, qaramasalar, ular vazirlarga dushmanlik qilurlar.
65
Agar dorug‘alar va hakamlar xalqqa zulm qilib, ularni xarob qilgan bo‘lsalar, qilgan ishlariga loyiq jazo berilsin. Agar biror kimsaning gunohi isbotlangandan so‘ng undan jarima olsalar, boshqa yana darra bilan urmasinlar. Agar darra urish bi-lan jazolasalar, undan jarima olmasinlar.
66
Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar. Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zni ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino ishlar qilsa, uni devondagi shariat qozisi yoki ahdos qozisiga olib borib topshirsinlar.
67
Vazirlar ushbu to‘rt sifatga ega bo‘lgan kishilardan bo‘lishlari lozim: birinchisi — asillik, toza nasllilik; ikkinchisi — aql-farosatlilik, uchinchi-si — sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lish; to‘rtinchisi — sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik. Kimki shu to‘rt sifatga ega bo‘lsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq kishi deb bilsinlar. Uni vazir yoki mas-lahatchi etib tayinlasinlar. Bunday vazirga to‘rt imtiyoz: ishonch, e’tibor, ixtiyor va iqtidor berilsin. Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi.
68
Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim. Nasliyu zoti yomon, hasadchi, gina-kek saqlovchi, qora ko‘ngilli kishilarga zinhor vazirlik lavozimi berilmasin. Buzuqi, qora ko‘ngilli, zoti past odam vazirlik qilsa, davlatu saltanat tez orada qulaydi.
69
Ruxsat etuvchi va taqiqlovchi buyruqlarida vazirning asilligi va toza naslligi ko‘rinib turadi. Dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Xoh sipohdan, xoh raiyatdan bo‘lsin, har kimning nomini yaxshi so‘zlar bilan tilga oladi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi. Agar birovdan yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, unga nisbatan shunday muomala qiladiki, u shaxs oxiri yomonligidan qaytadi. O’ziga yomonlik qilgan odamga nisbatan shunday yaxshilik qiladiki, u oldiga bosh egib keladi.
70
Asli toza, nasli pok, ulug‘ zotlardan bo‘lgan, yaxshi ravishli kishilardan topib, vazir qilinglar. Chunki asli toza kishi xatolikka yo‘l qo‘ymaydi, badasl esa vafo qilmaydi.