TASAVVUF, sufiylik - islomda insonning ruhiy dunyosi to‘g‘risidagi qarash. Bu atama va undan yasalgan mutasavvif (sufiy, "sufiylik qiluvchi") va sufiy (tasavvuf izidan boruvchi) so‘zlarining kelib chiqishi xaqida turli taxminlar bor. Lekin hozir umumiy qabul qilingan nuqtai nazarga ko‘ra, tasavvuf - suvf - "jun", "po‘stin" so‘zidan olingan. Ilgari zamonda tarkidunyo qilgan zohid, "o‘zini xudoga bag‘ishlagan odam" odatda dag‘al jundan to‘qilgan kiyim yoki po‘stin kiyib yurgan. T.ga asos solgan tarki dunyochilik tasavvufiy kayfiyatlar islom dini b-n deyarli bir vaqtda paydo bo‘ladi. Har qalay, Muhammad paygambar (sav)ning ayrim safdoshlari Abu-d-Dardo, Abu Zarr, Huzayfa (7-a.ning 2-yarmida vafot etganlar) singarilarga ana shunday kayfiyat xos bo‘lgan, deb hisoblaydilar. Biroq islomdagi zohidlik oqimi taxm. 8-a.ning o‘rtalari - 9-a.ning boshlarida shakllana boshlagan deyish to‘g‘ridir. Odatda, bu oqimga hadislarni to‘plovchi (muhaddis)lar orasidan chiqqanlar, sayyor baxshilar va nasihatgo‘y voizlar (qussos), qori-yu qurrolar, jihod qatnashchilari (Vizantiya b-n chegara urushlari nazarda tutilmokda), taqvodor hunarmandlar va savdogarlar, shuningdek islom dinini qabul qilgan nasroniylarning bir qismi qo‘shilgan. Islomda zohidlik an’analari paydo bo‘lishi va rivojlanishining sabablari orasida musulmon jamoasi yashay boshlagan dastlabki ikki asrdagi ijtimoiy-siyosiy ixtiloflar, chuqur g‘oyaviy va ma’naviy izlanishlar b-n davom etgan diniy hayotning umumiy murakkablashuvi, boshqa diniy-falsafiy tizimlarning, birinchi navbatda xristianlikning ta’sirini ko‘rsatish mumkin. Ilk sufiylik, aniqrog‘i zohidlar va tarkidunyo qilganlarning o‘ziga xos xususiyati Qur’on matni mazmuni ustida mushohada qilish, kundalik hayotda bu ilohiy kitob va payg‘ambar hadislari ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etish, ko‘p marta qo‘shimcha namoz o‘qish, bedorlik va ro‘za tutish, har qanday dunyoviy narsalardan yuz o‘girish, kundalik hayotda taqvoli bo‘lish, xususan ruxsat etilgan narsalar b-n man qilingan narsalarni qatiy ajratish, dunyoviy va harbiy hukumatlar b-n hamkorlik kilishdan voz kechish, o‘zini taqtsiri ilohiyga topshirish (tavakkul) kabilar bo‘lgan. Shuningdek, faqirlikni ulug‘lash, oxiratni o‘ylash va tavba qilish kayfiyati, berganiga shukr qilish, azob-uqubatlarga sabr-toqatlilikdan iborat edi. Sufiylik ta’limoti inson qalbidagi eng nozik o‘zgarishlarni ham chuqur mulohaza b-n o‘rganish, odamlardagi botiniy tuyg‘ularga hamdard bo‘lishga o‘rgatardi. Shu sababli ham T. asoschilaridan biri nozik ruhshunos, "qalb va fikrlar" hamda insoniy niyatlar to‘g‘risidagi "fan"ning yaratuvchisi Hasan al-Basriy hisoblanishi bejiz emas. Basralik zohidlar - Hasan al-Basriyning shogardlari va izdoshlari Raboh ibn Amr, Robiya al-Adaviya, ad-Daroniy (8-a. oxiri - 9-a. boshi)larning da’vat va xutbalari kishida xudoga astoydil muhabbat, unga yaqinlashishga intilish tuyg‘ularini paydo qildi. O’sha paytdan boshlab bu tuyg‘ular sufiylik g‘oyasining o‘ziga xos xususiyati va farkli belgisi bo‘lib qoldi. 9-a. davomida T. nazariyasi va amaliyoti ustida faol ish olib borildi. Bir qancha sufiylik maktablari paydo bo‘ldi, ular orasida Basra maktabidan tashqari Bag‘dod va Xuroson maktablari ham birmuncha ta’sirga ega edi. Ularning vakillari inson va uning Xudoga munosabati qanday bo‘lishi kerakliga haqidagi ta’limotni yaratdilar. Ruhiy kamolotga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berdilar. Bu yo‘l 4 bosqichdan iborat: 1-bosqich - shariat. Bunga ko‘ra, T. ahli avvalo shariatning barcha talablariga bo‘ysunishi kerak. Shundan keyin 2-bosqich - tariqatga ko‘tarilish mumkin. Bunda muridlar o‘z pirlari - murshidlarga itoat etishi, o‘z shaxsiy istaklaridan voz kechishi shart. Bu bosqichdan o‘tganlar yuqoriroq, 3-bosqich - ma’rifatga ko‘tariladilar, bunda koinotning birligi Xudoda mujassam bo‘lishi, yaxshilik va yomonlikning nisbiyligi akl b-n emas, qalb b-n anglab yetiladi. 4-bosqich -haqiqat hisoblanib, zohid "shaxs sifatida tugab" "haqiqat"ga, xudoga yetishadi, unga singab ketib abadiylikka erishadi. Bunga sufiylar maxsus ruhiy va jismoniy harakatlar -sig‘inish va ibodatlar orqali intiladilar. Sufiylar xudoga yetishish mumkinligi haqidagi fikrlari, shariat tomonidan buyurilgan amallarni bajarishdan bosh tortishlari tufayli goh-gohida ma’murlar ta’qibiga ham uchrab turadilar (at-Tustariy, Hakim at-Termiziy, an-Nuriy). Mashhur mutasavvif Husayn Mansur Halloj "anal haq" (men haq, men xudo) degani uchun Bag‘dodda xalifa tomonidan dorga osildi (921). O’z yurti Tabaristonda katta obro‘ qozongan Abu Yazid Bistomiy ham shakkoklikda ayblanib, qatl etilgan edi (873). T.ga sunniylarning rahnamolari tomonidan bunday munosabatda bo‘lish ularni ehtiyotkorlikka, murosali yo‘llar izlashga majbur etdi. Ular Qur’on va sunnaga sodiqliklarini e’lon qilaverdilar, "tiyiqsiz" safdoshlarining keskin fikrlaridan uzoqlashib, o‘z maslaklarini niqobladilar. Bag‘dodlik al-Junayd (910 y. v.e.) ana shunday mavqeda turgan sufiy edi. U "mo‘‘tadil" deb atalgan sufiylik an’anasini boshlab berdi. Bunday an’ana tarafdorlari keyin "keskin" yoki "ekstatik" sufiylikka qarshi turdi. Ilk T.ning ijtimoiy asosini asosan shaharliklar: mayda savdogarlar, hunarmandlar va h.k. tashkil etgan edi. Ular ichida diniy ta’limot olganlari ko‘p uchramasdi, shunday bo‘lsa-da, o‘zlarini "sufiylik fani" nazariyotchilari deb bilardilar. T.ning ilk bosqichidayoq ma’naviy ustoz (shayx, murshid, pir) rahbarligida sufiylik nazariyasi va amaliyotini egallash muhim hisoblangan, busiz boshlovchi sufiy (murid) akd-hushi va sog‘lig‘ini yo‘qotishi mumkin edi. Shayxga butunlay bo‘ysunish, barcha diniy va dunyoviy masalalarda uning obro‘sini tan olish talabi uni muridlar ko‘z o‘ngida boshqa odamlardan ustun qilib qo‘yardi. Yirik sufiy ustozlarni valiy deb atay boshladilar. Bunda shialarning imomlar to‘g‘risidagi ta’limotining ta’sirini ko‘rish mumkin. Muridlar, ularga ergashib oddiy xalq bu odamlarning "adashmasligi", Alloh nazar qilganligi, karomat ko‘rsatishga, payg‘ambarga kelgan vahiylarning "yashirin" ma’nosini izoxlab berishga qodirligi, xudo b-n bevosita aloqa qila olishi hakdda gapira boshladilar. Bularning hammasi xalq og‘zaki ijodida, shuningdek, T. nazariyotchilari (mas., Hakim at-Termiziy)ning asarlarida o‘z ifodasini topdi. Sufiy bilimlari va barakasining shayhtsan muridga o‘tishi uzoq ta’lim jarayonida amalga oshirilgan, saboq berish tugagach, shogird ustozdan sufiylik jandasi (xirqa)ni olgan, bu o‘ziga xos "shahodat" vazifasini o‘tagan va mustaqil targ‘ibot olib borish huquqini bergan. Odatda muridlar turli joylardan kelgan bo‘lib, o‘z makonlariga qaytib borganlar, u yerda sufiylik to‘garaklari va manzillari (zoviya, xonaqoh) tashkil qilib, o‘zlari shogird tayyorlay boshlaganlar. Bularning hammasi T.ning tez tarqalishiga olib kelgan.
10-a. oxiri - 11-a. boshlarida T.ga oid kitoblar yozildi. Ular orasida at-Tusiy (988 y. v.e.), al-Kalabodiy (990 yoki 995 y. v.e.), Abu Tolib al-Makkiy (998 y. v.e.), as-Sulamiy (1021 y. v.e.) kabilarning bizgacha yetib kelgan asarlari bor. Bu mualliflar T.ga doir bilimlarni tartibga soldilar, sufiylik istiloxlarini tushuntirib berdilar. T.ni izchil islom ta’limoti b-n yaqinlashtirib, uni keyinchalik rasmiy ta’limot sifatida tan olinishida Razoliy, Abdulqodir Giloniy (Jiloniy)ning (1161 y. v.e.) xizmati katta. 12-a. o‘rtalari - 13-a. boshlarida sufiylar tashkil etgan zoviyalarda, xususan shaharlarda T. tariqat (suluk)lari vujudga kela boshladi. Bag‘dodtsa paydo bo‘lgan dastlabki suxravardiya va qodiriya tariqatlari butun musulmon olamiga tarqaldi.
Tariqatlar tariqat nomi berilgan kishilar -Umar as-Suxravardiy va Abdulqodir Giloniydan ham ko‘ra, ko‘proq ularning shogardlari va izdoshlari tomonidan vujudga keltirilgan, bu hol umuman tariqatlarning shakllanish jarayoni uchun xarakterlidir (mas., shoziliya, mavlaviya, badaviya va h.k.)-Tariqatlarning vujudga kelishi b-n T.ning ta’siri yanada kuchaydi. Ko‘pincha ma’murlar tariqat va zoviyalar rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashini istab, ularga turli imtiyozlar berdilar, hatto faoliyat yuritishi uchun pul ajratdilar. Ayni vaqtda ko‘p sufiy rahnamolar dunyoviy ishlarga aralashmasdilar, ma’murlar b-n bevosita aloqada bo‘lmasdilar va moddiy yordamidan bosh tortardilar (chishtiya). Umuman sufiylar xalq ommasi b-n yaqinlashishga harakat qilardi.