Rasulullohning bu qilgan ishlari barcha ummatlariga, ayniqsa, askar boshchilariga katta ibrat bo‘lib, urush kunlarida qanchalik soq bo‘lishi kerak ekanligini bildirdi. Chunki Rasululloh shu payg‘ambarlik davri — yigirma uch yil ichida aytgan so‘zlari, amal qilgan ishlari ersa butun ummatlar uchun ikki dunyo davlatini topish yo‘llarini o‘rgatish edi.
Shuning uchun Xudo Qur’onda aytgandur: «Laqod kana lakum fi rasulillahi usvatun hasanatun», ya’ni, «Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlarida musulmonlarga yaxshilikka ulgu bo‘lg‘udek ko‘p foyda bordur». Bundan boshqa ham shu mazmunda kelgan oyatlar Qur’onda ko‘pdir. Agar, biz musulmonlar, shu yo‘lda kelgan oyat, hadislarning birortasiga amal qilgan bo‘lsak edik, bugungi kunda islomiy, insoniy haqlarimizdan mundog‘ ajrab qolmas edik. Endi nima chora qilgali bo‘lur, ish vaqtidan o‘tdi. Qachonlardan beri yig‘ilib yotgan yozuqlarimiz endi boshimizga yetdi. Allohning ulug‘ qudratidan o‘zgaga umid etarlik o‘rin qolmadi. Yo‘q esa Islomdek dini bor, Haq yuborgan Muhammad alayhissalomdek payg‘ambari bor, ko‘kdan tushgan Qur’ondek kitobi bor bir millat hech qachon bunday xor-zorlikka qolishi mumkin emasdur.
Chunki Alloh aytmishdur: «Innalloha la yug‘ayyiru ma biqavmin xamma yug‘oyyiru ma bianfusihim» Ma’nosi: «Alloh taolo bir qavmga bergan ne’matni o‘zgartirmaydi, qachonki, u ne’matning shukrini qilmasalar, aning qadriga yetib yaxshi kutmasalar, ul chog‘da ne’matdan ajragaylar, davlatlari qo‘llaridan ketgay». Bu oyatning mazmunicha, o‘zimizdan o‘tmagan bo‘lsa edi, hech qachon vatanimiz, davlatimiz qo‘limizdan ketmas edi. Bu qayg‘ulik qissani gapirish bu joyga sig‘maganlikdan, yana o‘z so‘zimizga kelaylik.