Abu Xaysama chinakam musulmonlardandir. Safardan to‘sadigan hech qanday uzri ham yo‘q. Lekin u ham yelkalaridan bosib turgan tanballikni yenga olmadi. Bugun, ertaga deguncha qo‘shin jo‘nab ketib bo‘ldi, oradan kunlar o‘tib ketdi.
Bir kuni Abu Xaysama dam olish uchun bog‘iga keldi. Havo nihoyatda issiq. Kapasining oldida to‘xtadi. Ikkala xotini ham shu yerda edi. Atrofga suvlar sepib, u yerning
havosini harholda salqinlatib qo‘yishibdi. Chanqovbosdiga muzday suv ham tayyor. Kapa bunaqa kunda dam olish uchun izlab topilmaydigan holga kelgan.
- Marhabo, bu yoqqa keling, ey Abu Xaysama, - deya har ikkala xotini ham uni ochiq chehra bilan kapaga chorlashdi.
Lekin Abu Xaysama bir on taraddudlanib, qaytib qoldi.
-Qarasangiz-chi, bu yer salqin...
Ha, salqin, ammo bu issiqda necha kunlardan beri yo‘l bosayotgan o‘ttiz ming kishilik qo‘shin va bu qo‘shin boshida ayni aziyatni cheka-cheka borayotgan payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.)... ular nima qilishyapti ekan?
Vijdoni birdan qarshisiga chiqdi, «Ollohning rasuli bu issiqda qovurilib tursalar-u, sen bu salqin kapada-a yotsang... yo‘q, bunday qilolmaysan, ey Abu Xaysama!..» dedi go‘yo.
- Menga oziq-ovqat tayyorlanglar, hamon ketaman! - dedi.
- O’tiring, ozgina damingizni oling, keyin ketarsiz,- deyishdi xotinlari.
- Bo‘lmaydi, kutishga vaqtim yo‘q!
Shu tariqa Abu Xaysama tuyasiga minib, yo‘lga chiqdi.
Yo‘lchilik davom etar, ba’zilar qo‘shindan orqada qolib ketar edi. Ahvolni Payg‘ambar janobimizga bildirishganida u zot (s.a.v.): «Qo‘yaveringlar, agar unda biron yaxshilik bo‘lsa, Ollohning o‘zi yetkazdirib keladi, yaxshilik bo‘lmasa, uning haqqida hukmini bildiradi», derdilar.
Abu Zarr ham qaysarlashgan tuyasiga so‘zi o‘tmay, do‘stlaridan ortda qolishga majbur bo‘ldi. Tuyasi negadir hech yurgisi yo‘q. Uni yo‘lga solaman deb ancha payt urinib ko‘rdi, qo‘llamagan chorasi qolmadi, natija o‘sha-o‘sha - tuya qaysarligini qo‘ymadi. Noiloj biror o‘tloq joyda qolib, qornini to‘g‘azib, tuyasiga quvvat kirgach, keyin qo‘shin ortidan yetib olishga qaror qildi. Darhaqiqat, hozirgina yurishga qaysarlik qilib turgan tuya boshi o‘tloqlarga burilgach, yayrab-yayrab o‘tlay boshladi. Tuya to‘ygani sari Abu Zarrni quvonch qoplar edi. Chunki qornini to‘ydirib, ozmi-ko‘pmi kuch yig‘ib olgan tuya bilan yo‘lga chiqsa, qisqa zamonda sheriklariga yetishib olishi mumkin edi-da.
Mo‘ljalda maqsad hosil bo‘ldi, endi yursa ham bo‘ladi. Ammo tuya bunaqa o‘tloq joyni hech tashlab ketgisi yo‘q edi. Har turli hunarga solib ko‘rdi, bo‘lmadi. Oxiri tuyani shu yerda qoldirib, yukini orqasiga olib, qo‘shin ortidan piyoda yo‘lga chiqishga majbur bo‘ldi. Cheksiz qum dengizida oyog‘i botib-chiqib, ketaverdi. Madinadan hisoblasa to‘qqiz yuz chaqirimcha chiqadigan bitmas-tuganmas bu yo‘lchilik Abu Zarr uchun endi shunday davom etajak.
Rasuli akram (s.a.v.) boshchiliklaridagi qo‘shin Quro vodiyidan o‘tib borardi. Bir ayolning bog‘iga duch kelishdi. Xurmo daraxtlariga boqishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
- Qani, chamalanglar-chi, bu daraxtlar qancha yuk qilarkin? - dedilar.