«Mirzo Sulton Abu Sa’id hukmronlikni qo’lga olgach, Xoja Ubaydulloh hazratlarini Toshkanddan Samarqandga ko’chirtirib keldi. Hazrat Xoja Ubaydulloh Samarqandga ko’chib kelganlarida u kishini birinchi bo’lib ziyorat qilgan Men edim».
Bu voqea 1452 yilda sodir bo’lib, shundan so’ng Xoja Ubaydulloh umrining oxirigacha Samarqand bilan bog’landi. Albatta, u Movarounnahr va Xurosonning juda ko’p shaharlari, qishloqlariga sayohatlar qilardi, ammo asosiy makoni Samarqand bo’lib qoldi. Xoja Ubaydulloh Sulton Abu Sa’id va so’ngra uning o’g’li Sulton Ahmadning Samarqanddagi hukmronliklari davrida ular nazdida juda katta e’tiborga sazovor bo’lib qolmay, balki Mehnatkash aholi, tijorat ahli, hunarmandlar, ilm, adabiyot, tasavvuf va boshqa sohalarning zabardast vakillari doirasida shuhrat qozondi, ko’pgina mol-mulk, yer va boyliklar sohibi ham bo’ldi. Xoja Ahror e’tiborining tezda oshgani shundan ham bilinadiki, 1454 yilda Xoja Ahror tomonidan sotib olingan hovli vasiqasida u oliy maqom, davlat va din sharafi, ilohiy sirlarning orifi va mazhari kabi faxriy unvonlar sohibi sifatida hamda fuqaro va akobirlarning pushtu panohi, deb tilga olingan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Xoja Ubaydullohning bunday yuksak martabalar va ehtirom sohibi ekani shu vasiqada zamonasining a’lam ul-ulamosi Xoja Fazlulloh ibn Abdulvohid Abulays tomonidan ham «Shunday, V-ollo-hu a’lam», deyilib tasdiqlangan. Bunday hol faqat Samarqanddagina emas, balki Xurosonda ham ma’lum va mashhur bo’lgan.
Ma’lumki, Xuroson hokimi Sulton Abulqosim Bobur 1454 yilda Abu Sa’id mirzo hukmronlik qilayotgan Samarqandga yurish qildi. Shu voqea bilan bog’liq bo’lgan ayrim lavhalar Muhammad Qozi tomonidan Keltirilganki, ular bir tomondan, Xoja Ubaydullohning mavqyeini tushinishda, ikkinchi tomondan esa, Abulqosim Boburga Tegishli ba’zi masalalarni oydinlashtirishda ko’maklashadi. Ulardan biri quyidagicha:
Ayturlarkim, Abulqosim Bobur Mirzo Samarqandni qamal qilgan vaqtda Xoja Abu Nasr Porso hazratlari Balxda ekanlar. Bir kuni Balxda «Abulqosim Bobur Samarqandni egallabdi» degan gap tarqalibdi. Xoja Abdulmalik iztirob bilan Xoja Abu Nasr huzuriga kelib, «Mirzo Bobur Samarqandni olibdi» Dedi. Xoja Abu Nasr bunga e’tibor bermabdi. Xoja Abdulmalik esa bu gapni bir Necha marta takrorlabdi. Bu vaqtda Xoja Abu Nasr tahorat qilib, qo’llarini yuvayotgan ekanlar. Xoja Abdulmalik haddan tashqari mubolag’a qilaVergach, Xoja Abu Nasr aytibdilarki, shunday ovoza qilibdilarmi, deb qo’llarini uzatib, mana, Bobur Samarqandni olar ekan?! Samarqandning egasi bor, uning ijozatisiz va roziligisiz hech kim Samarqandni ololmaydi. Xoja Abdulmalik «Samarqandning egasi kim» deb so’rabdi. Xoja Abu Nasr aytibdilar: Xoja Ubaydulloh hazratlari... Bir kecha fursat o’tgach, Boburning Samarqandni olgani haqidagi ovozaning yolg’onligi ma’lum bo’libdi.