Demak, musulmon ulamolar tushni uch turga bo‘ladilar:
1. Allohdan bo‘lgan ilhomiy tushlar.
Ularga «Yusuf» surasidagi tushlar misol bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘rgan tushlari ham shu xildagi tushlardan. Ma’lumki, u kishi Payg‘ambarliklarining dastlabki olti oyida ko‘rgan tushlari xuddi tong yog‘dusidek, aniqlik bilan voqe’likda ham takrorlanib turgan.
Bu haqda sahih rivoyatlar ko‘p.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «To‘g‘ri tush Payg‘ambarlikning qirq olti juzidan biridir», degan hadislarini ham ulamolar o‘sha olti oyga ishorat, deydilar. Ya’ni, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Payg‘ambarliklari yigirma uch yil bo‘lgan. Yigirma uch yil qirq oltita olti oylikdan iborat. Demak, o‘sha tush o‘ngidan kelib yurgan dastlabki olti oy muddat yigirma uch yillik Payg‘ambarlik muddatining qirq oltidan biridir.
2. Hayotda bo‘lib o‘tgan narsalarni xotirlab, esga olib, so‘ngra uxlagandan keyin o‘sha narsalarning tushga kirishi. Bu tushning e’tibori yo‘q. Moddaparastlar shuni ham tush deb biladilar.
3. Shayton ta’siri ostida ko‘riladigan alg‘ov-dalg‘ov tushlar. Buning ham hech qanday e’tibori yo‘q. Shuning uchun ham har bir ko‘rgan tushni e’tiborga olib, ta’birini axtarishga targ‘ib qilish ham yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida:
«Agar birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini tushida ko‘rsa, boshqalarga aytsin. Yomon ko‘radigan narsasini tushida ko‘rsa, chap tomoniga uch marta tuflasin-da, boshqa tomonga yonboshlab olsin. Allohdan uning sharridan saqlashini so‘rasin. Birovga bu tushini aytmasin. Shunda tush unga zarar qilmaydi», deganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh Muoviya ibn Haydatul Qushayriydan rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Tush ta’bir qilinmaguncha kishi uchun folga o‘xshab turaveradi, ta’bir qilinsa, voqe’likda zohir bo‘ladi», deganlar.
Ulamolarning fikricha, tunu kunning uzunligi bir-biriga yaqin bo‘lgan mavsumda tahorat bilan yotgan odamning sahar chog‘i ko‘rgan tushi haqiqatga yaqin tush bo‘ladi.
Tushga nisbatan shar’iy nazarning qisqachasi shu. Hech kim tushni shar’iy dalil sifatida zikr qilmagan. Hech kim tushni biror shaxsning yoki ishning afzalligi uchun ham dalil qilmagan. Tushda ko‘rgan narsaga qarab emas, tush haqida shariatda kelgan dalillarga qarab ish yuritish lozim. Shayxlar tushlarni shar’iy qoidalar asosida ta’vil qilishni bilishlari va tushga oid shar’iy hukmlarni yaxshi bilishlari kerak.
Islom.uz