Fasl
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir birodari uchun vositachilik qilsa-yu, buning evaziga unga hadya berganda hadyani qabul qilsa, batahqiq, u sudxo‘rlikning katta eshiklaridan biriga yaqinlashibdi», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Birodaringning hojatini bilib, uni ravo qilsang-u, (buning evaziga) senga hadya berganda, qabul qilsang, bu ishing haromdir».
Masruq (rahmatullohi alayh) Ibn Ziyod bilan gaplashib, uni zulmdan qaytardilar. Shunda zulmdan xalos bo‘lgan kishi u zotga xizmatkor hadya qilgan edi, qabul etmadilar va: «Ibn Mas’udning: «Kimki musulmondan zulmni daf etsa-yu, buning evaziga unga oz yoki ko‘p narsa bersa, u narsa haromdir», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Abu Abdurahmon, faqat hukmdagi porani harom, deb o‘ylardik», degan edi, u zot roziyallohu anhu: «U kufrdir», deya javob bergandilar», dedilar.
Allohdan barcha balo-ofatlardan sog‘-salomat saqlashini so‘raymiz.
Imom Abu Amr Avzo’iy (rahmatullohi alayh) Bayrutda yashayotgan chog‘larida huzurlariga bir nasroniy keldi-da: «Ba’labakka (shahrining) hokimi menga zulm qildi. Unga bir maktub yozib bersangiz», deb bir ko‘za asal uzatdi. Avzo’iy (rahmatullohi alayh): «Xohlasang asalni qaytarib, maktub yozib beraman, xohlasang asalni olaman», dedilar. So‘ngra hokimga: «Bu nasroniyning yer solig‘ini kamaytir», deb maktub yozib berdilar. U asal bilan maktubni olib, hokimga uchrashdi va unga maktubni berdi. Imomning sharofati sababli hokim undan o‘ttiz dirhamni olib tashladi.