Jobir roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘limlaridan uch kun oldin: «Sizlarning har biringiz Alloh azza va jalla haqida yaxshi gumon qilgan holingizdagina vafot etingiz», deganlarini eshitganini aytganlar (Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, Arsh tarafdan bir jarchi «falonchi o‘g‘li falonchi qaerda?» deb nido qiladi. Bu ovozni eshitgan har bir kishining hushi boshidan uchadi. Alloh azza va jalla o‘sha kishiga: «So‘ralayotgan sensan. Osmonlaru yerning Yaratuvchisiga ro‘baro‘ bo‘lishga shoshil», deydi. Butun maxluqotlar Arsh tomonga tikilib qoladi. Haligi kishi Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilinadi. Alloh azza va jalla unga maxluqotlardan to‘sib turadigan nurini tushiradi-da, so‘ng unga: «Bandam, dunyo hayotidagi har bir amalingni ko‘rib, kuzatib turganimni bilmasmiding?» deb so‘raydi. Banda: «Bilardim, ey Rabbim», deydi. «Bandam, Menga osiylik qilgan kimsalarga azobim va intiqomim borligini eshitmaganmiding?». «Eshitgandim, ey Rabbim». «Ey bandam, Menga osiylik qilding?» «Ey Rabbim, shunday bo‘lgan edi». «Bandam, bugun Meni nima qiladi deb o‘ylayapsan?». «Ey Rabbim meni afv etasan, deb o‘ylayapman». «Bandam, nimaga asoslanib meni afv etadi, deb o‘ylayapsan?» «Ey Rabbim, chunki Sen mening gunoh qilayotganimni ko‘rib, uni yashirgan eding». «Seni afv etdim, kechirdim. O‘ylagan narsangni ro‘yobga chiqardim. Kitobingni o‘ng tarafingdan olgin. Unda nimaiki yaxshilik bo‘lsa, uni qabul qildim va nimaiki yomonlik bo‘lsa, uni kechirdim. Men saxiy, karim zotdirman», deydi Alloh taolo.