Bu Vatan
Men Vatan so'zin qanday nafas bilan aytaman,
Bu yo'ldan qaydan boshlab, qay nuqtadan qaytaman.
U bir go'dak, men uni qay tarzda ulg'aytaman,
Bilmam, o'zni anglay deb ko'z yumdimmi qay fursat?
Shu xil turfa holatlar asta rostlay boshlar qad.
Lampachiroq piligi titrab, kuyar kechalar,
Kelinchaklar boshini muzga qo'yar kechalar,
Chaqaloqdan otasin hidin tuyar kechalar,
Kuyovlar qaytib kelmas, kelgan g'amni g'aramlab,
Kelinchaklar fig'oni:"œVoy to'ram-ey, to'ram"œlab.
Qad ko'taraveradi yillar devorin yiqib,
Bir tikilgan mahsini to'rt bor to'zdirib, tikib. Ko'rpasin boshga tortsa, oyog'i qolgan chiqib,
Qiyin kunlar qorida yupun, ivigan ayol,
Tirnog'idan qon sizib, ko'sak chuvigan ayol,
Shu kelinchak, shu ayol Senmasmiding, dilbandim,
Etmish ikki tomirim, jigarim, bandi-bandim,
Sen otammi, bolammi, bilolmayman asli kim,
Bir chetida quyoshday onam botgan Vatanim,
Bir chetini qo'riqlab otam yotgan Vatanim.
Otam bo'lsang ruhingga sadoqatdan aytayin,
Bolam bo'lsang yonar jon, yonar xatdan aytayin,
Momom, onam aytganni men boshqatdan aytayin,
Ko'ylagim shamolidan bahra olar Vatansan,
Maysasida sochimning sochimning hidi qolar Vatansan.
Ko'raman, xayol surib mardlar ketgan yo'l bilan,
Etik izin sog'ingan chechakli o'ng-so'l bilan,
Jang xanjarlari kesgan yigirma million qo'l bilan,
G'alaba bayrog'ini ko'tarishgan Vatanni,
Kim razolatdan kuysa teng kuyishgan Vatanni.
Shunday g'alaba barhaq, er bilan ko'k qo'llasa,
Kechayu bugungi kun, vijdonu o'q qo'llasa,
Har ulusin eng avval chap ko'krak- cho'g' qo'llasa.
Suyan, abad nuramas qoya bo'lar bu Vatan,
Avlodlarni ko'targan g'oya bo'lar bu Vatan.
Bugun mening ko'ksimda gul unadigan kunim,
Diydoringga termulib jim, tinadigan kunim,
Sutdan halol yurt, Senga sig'inadigan kunim,
Bir chetida quyoshday onam botgan Vatan deb,
Bir chetini qo'riqlab otam yotgan Vatan deb.