Uchinchi bayon: oydinlik
NAFISA
Bu dunyodagi hayot qilko‘prik emas, undanda xavfli, undanda battaroqdir. Balki ustara tig‘i ustida yalang-oyoq yurishga qiyoslash o‘rinlidir? Voqean shunday. Ustara tig‘i desakda, qilko‘prik desakda farqsiz — Nafisa bu yo‘lda yura olmadi — toydi. Unga bu yo‘lda qanday yurmoq lozimligini o‘rgatmadilar. Zaharni «asal» dedilar — ishondi, zulmatni «oydinlik» dedilar — ko‘ndi, azobni «rohat» dedilar — ma’qulladi... Sassiq ko‘lni mavjli dengiz deb xayol qilib adashganini, oydin yo‘l degani baxt saroyiga emas, do‘zax qopqasiga yetaklaganini kech angladi. Agar uyida o‘lim topmaganida balki «kech angladi» demog‘imiz o‘rinsiz bo‘lardi. Harom-halolning farqiga endigina borayotgan juvon uchun pokiza dengiz yo‘llari ochilarmi endi?..
Bir kuni ishxonasidagi ayolning «Har bibi seshanba kuni osh damlab muhtojlarga chiqaraman, shuning uchun Xudo mushkullarimni oson qiladi», degan gapi Nafisaga ta’sir qildi. Farishtali oila deb atalmish baxtdan boshqa hamma narsasi bor Nafisa keyingi haftalarda o‘zi sezmagan, o‘zi istamagan holda ezila boshlagan edi. Tursunali akasi u yoqda, eri tog‘da bo‘lgan juvonning yolg‘iz qolishi azob edi. Yo‘q, Nafisa o‘gay onasi ta’rif etgan darajadagi toifadan emasdi. Ersirab qolgani ham yo‘q edi. Faqat ayollar oilalaridan gapirishsa, hatto turmush qiyinchiliklaridan nolishsa ham ularga havasi keladigan bo‘lgan edi. U er hukmron bo‘lgan ko‘p bolali oilaga ega bo‘lish orzusida yashay boshlagan edi. Chiroyli yoki puldor er havasi shamolda qolgan shamchiroq singari umri poyoniga qarab borardi. Shinam oila orzusida u osh damladi. Ikki yon qo‘shnisinikiga bir kosadan chiqardi, bir kosani olib yuqori qavatga ko‘tarildi. Abduqayum uyda yolg‘iz edi. Nafisa ochiq eshikdan kirib, kosani aravachaga moslangan stol ustiga qo‘ydi. Nafisa qo‘shni ayollarning bu xonadonga kirib, gaplashib o‘tirishlarini bilardi, «bu bola ko‘p kitob o‘qiydi, bola emas — balo!» degan ta’rifni ham eshitgan edi. Shu sababli Abduqayumning «Nafisa opa, bir pas gaplashib o‘tiring», degan taklifini rad etgisi kelmadi.