Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289327 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 61 B


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:01:12

* * *

Tez-tez yurib ketgan bo‘lsam ham, bu ketishim boshlangan bo‘lmag‘ur gap-so‘zga xotima bermaganligini sezib turdim. Dengiz labiga yetganimdan so‘ng suvga jahl bilan tosh ota boshladim. Ora-sira yerga egilgan bo‘lib orqaga qarardim. Ko‘rgan narsalarim meni tinchitadigan emasdi.
Mujgon meni mahv etishga yaqinlashgan, buning oldini oladigan chora menda yo‘q edi.
Oldin kulib gaplashib turishdi. Keyin ikkovi ham jiddiylashdi. Mujgon aytadigan gapini topolmayotgandek shamsiyasining uchi bilan yer chizar, bo‘lam bo‘lsa haykal singari qimir etmay turardi. Nihoyat, ikkovining ham men tomonga o‘girilib qaraganini va eng yomoni shu yoqqa qarab kelayotganlarini ko‘rdim.
Masala oydin. O‘zimni qirg‘oqning eng tik yeridan jonimning boricha qumloqqa tashladim. O‘sha kun, o‘sha tashlashimda qanday qilib yumalab ketmaganimga, bir yerimni emas, bir qancha yerimni chaqa qilib olmaganimga hali-hali hayron bo‘laman.
Netayin, bu xatarli telbalik ham meni ulardan qutqazib qololmadi. Boshimni o‘girib qaradim, ular ham qirg‘oqning boshqa bir yeridan pastga sekin-sekin tushib kelishyapti!
Qocha boshlaguday bo‘lsam, bu nozik insonlar otga minib quvlaganlarida ham meni tutolmasliklari turgan gap. Faqat shunisi borki, mening qochishim ma’nosiz ketmaydi: hamma sirga tushunganimni yoki hech bo‘lmaganda, biron narsadan shubhalanganimni bildiradi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:02:12

Shuning uchun hech qanday dardim, g‘amim yo‘qday ora-sira dengizga tosh ota-ota tez-tez yurib ketdim. Oldindagi burundan o‘tib olsam ulardan salomat qutulib ketardim. Lekin omadim kelishmay bugun ertalab dengiz orqaga chekilibdi, qoya chetida qup-quruq yer ochilib qolibdi.
Rejam tayyor edi. Qumloqda yana bir oz yurganimdan so‘ng u yerdagi tor so‘qmoqdan tirmashib qirg‘oqqa chiqib olaman. Bu so‘qmoq echkilar zo‘rg‘a chiqadigan qaltis yo‘l bo‘lganidan, ular meni quvishdan qo‘rqishadi, natijada, izimni yo‘qotishadi.
Ammo burunning u tarafida men ro‘para kelgan komediya, to‘g‘rirog‘i, fojia bir necha minutgacha hamma narsani esimdan chiqarib yubordi. Hali yonimizdan o‘tib ketgan qari baliqchi, qo‘lida kurak bilan bir daydi qora itni quvib kelib qoldi. Jonivor akillab o‘zini u yon-bu yonga urar, chol yetib kelib kuragi bilan bechoraning to‘g‘ri kelgan joyiga tushirardi.
Oldin it quturgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab o‘zimni picha yo‘qotib qo‘ydim. Keyin bilsam, baliqchining o‘zi battarroq quturibdi: esini yo‘qotib tipirchilaydi, irg‘ishlaydi, baqiradi.
Birdan yoniga borishga betlamay qichqirdim:
— Nima qildi, nimaga urasiz bu bechorani?
Chol hadeb hansirar edi. Bir zumgina tayoqqa dam berib kurakka tayandi. Yig‘laguday tovush bilan:
— Nima qildi emish, o‘ttiz qurushlik qoramoyni to‘kib yubordi, maraz, — dedi. — Lekin uni senga tashlab ketmayman.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:02:25

Jahlining sababi ma’lum bo‘ldi. Baliqchining qumloqdagi o‘chog‘ida qaynayotgan bir chelak qoramoyni it ag‘darib yuboribdi. Katta gunoh! Lekin bechora itni qayiq eshkagi bilan urib o‘ldirishga arziydigan gunoh emas!
It bir qoya yorig‘iga, o‘ziga bexatar ko‘ringan joyga kirib oldi. Bir ozdan keyin eshkakli dushmanning yangi hujumiga duch kelganda nima qilishini, o‘z oyog‘i bilan kirgan bu qopqondan qanday qutulishini o‘ylamay, yalang ulir edi. Holbuki, qumloq bilan to‘ppa-to‘g‘ri qochib ketsa yoki men tushgan yo‘ldan yuqoriga tirmashib chiqsa, batamom qutulib ketardi.
Vaqtim bo‘lsa, bechora itni qutqazish uchun biron narsa qilardim. Lekin nachora, o‘zimning dardim boshimdan oshib yotibdi. Men ham uning singari quvg‘inga uchragan edim.
Mujgon bilan bo‘lamning burunga qaytish ehtimoli aqlimni uchirdi. Orqamga qaramasdan hamon tez qadamlar bilan borib qirg‘oqqa tirmasha boshladim.
Lekin avvalgi o‘yimga qarshi, butunlay qochib ketishga ko‘nglim chopmadi. Ora-sira to‘xtab, kishi bilmas orqamga, to‘g‘rirog‘i, pastga qarab-qarab qo‘yar edim.
It voqeasi Mujgon bilan Komronni ham jalb qilgan ko‘rinadi. Ular ag‘darilgan qoramoy idishi yonida hayajon bilan gaplashardilar.
Axiyri bo‘lamning cho‘ntakdan hamyonni olib baliqchiga pul berganini ko‘rdim. Shunisi qiziq bo‘ldiki, baliqchi suyunganidan eshkagini yerga qo‘ydi-da, men tomonga o‘girilib, qo‘li bilan ishora qila boshladi.
Ming qatla shukur, it qutuldi. Ularning orqadan chaqirayotganlariga parvo qilmay, to‘g‘ri uyga ketaverdim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:02:37

Mujgonning qilmishini eslasam, aqlim miyamdan uchadi. Butun vujudimni titroq bosadi. Har dam mushtlarimni qisib: "œRasvo bo‘ldim, seni qarab tur, Mujgon!" deyardim.
O‘ylaymanki, o‘sha jahl bilan Istambulga ham yetib olardim. Lekin eshik oldida Aziz pochcham ro‘paramdan chiqib qoldi.
— Qizim, nima bo‘ldi? Lavlagiga o‘xshab qizarib ketibsan? Birov quvdimi? — deb so‘radi.
Asabiy bir ohangda kuldim.
— Nega quvar ekan, pochcha? — dedim-u, bolalar tovushi kelib turgan hovliga yugurib kirib ketdim.
Sahndagi kattakon daraxtga arg‘imchoq solingan edi. Gohi kunlar qo‘shni bolalarni yig‘ib, bu yerni shovqinli bolalar bog‘chasiga aylantirib yuborardim. Bugun kichik o‘rtoqlarim mening chaqirib chiqishimni ham kutmasdan kattasidan-kichigigacha yig‘ilishibdi, arg‘imchoq atrofida to‘polon ko‘tarib o‘ynashyapti.
Omadimdan aylanay! Yo‘lda kelayotganimda o‘z xonamga kirib, eshikni qulflab olaman, deb o‘ylagan edim. Lekin ular, albatta, orqamdan kelishar, eshikni zo‘rlik bilan ochdirishga harakat qilishib, ishning rasvosini chiqarishardi. Mana endi bolalar orasiga kirib ishni jinnilikka aylantiraman-da, ularni yonimga yo‘latmayman. O‘rtoqlarim arg‘imchoq talashib turishgan ekan. Men darrov oralariga suqildim-u, bolalarni qo‘l ishorasi bilan ikkiga bo‘lib:
— Qani, hammang chetga chiq. Senlarni bitta-bittadan o‘zim uchiraman, — dedim.
Arg‘imchoqqa o‘tirdim, kichkintoylardan bittasini quchog‘imga olib, sekin-sekin ucha boshladim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:02:48

Ko‘p o‘tmay Komronlar ham yetib kelishib, bolalar orasida turishdi.
Mujgon sira tinmay hansirar, ora-sira ko‘ksini qo‘li bilan bosib-bosib qo‘yar edi. Bo‘lam uni juda tez yugurtirib kelgan bo‘lsa kerak. Ichimda "œBattar bo‘l!" dedim-da, arg‘imchoqni yana ham tezroq ucha boshladim.
Chetda navbat kutib turgan bolalar: "œKo‘p uchirdingiz, bizni ham uchiring, bizni ham", deb qichqira boshlashdi. Men esam quloq solmas, tepamdagi daraxt yaproqlarini shitirlatib tobora balandroq, tezroq uchar edim.
Bu hol bolalarni butunlay asabiylashtirdi. Sabr-toqatlari tugab, arg‘imchoqqa yaqin kela boshladilar. Mujgon bilan Komron ularni qo‘llaridan ushlab chetga tortar, bolalar esa qaytmay o‘jarlik qilishardi. Hammasidan ham yomoni shu bo‘ldiki, men bilan uchayotgan kichkintoyning hammayog‘i tilindi. Tizzalarim orasidan to‘lg‘anib chirqirayotgan bu bechoraning arqonni qo‘yib yuborishidan, yerga yiqilib o‘lishidan qo‘rqa boshladim.
Nochor, arg‘imchoqni to‘xtatib, bolani tushirishga kirishdim. "œShunchalik narsadan qo‘rqadigan kichkina bolaga arg‘imchoq uchishni kim qo‘yibdi? Bundaqalar uylarida, kichik ukalarining beshiklarida tebranishsa yaxshiroq bo‘ladi", deb bolaga to‘ng‘illab berdim. Yana shunga o‘xshash bir qancha so‘zlar aytdim. Bular Komronni cho‘chitish uchun, men bilan gaplashishga yo‘l qo‘ymaslik uchun aytilgan shunchaki so‘zlar edi. Xayriyatki, boshqa bolalar ham xuddi shunday ovoz, shunday ohangda qichqirishib, bog‘ni boshlariga ilishdi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:03:20

— Meni ham uchiring, Farida opa. Meni ham. Meni ham. Meni...
— Yo‘q, hech qaysingizni olmayman, qo‘rqoq ekansizlar...
— Qo‘rqmaymiz, Farida opa, qo‘rqmaymiz, qo‘rqmaymiz, qo‘rqmaymiz...
Shu choq uy derazasidan xolamning ovozi eshitildi:
— Farida, ularning ham bir oz ko‘ngillariga qara, jonim..
Darhol o‘sha yoqqa o‘girilib, uzundan-uzoq gap talasha boshladim:
— Xola, shunday deysiz-u, yiqilib tushib bir yerlarini mayib qilib olishsa, keyin meni koyiysiz.
— Aylanay qizim, bolalarni yiqitish shartmi! Sekinroq uchirgin-da.
— Xola, bilmagan kishiga o‘xshab gapirmang, iltimos qilaman. Tavba, Choliqushini bilmaysizmi? Menga ishonib bo‘ladimi? Boshimda ming xil fikr. Arg‘imchoq uchayotganimda shayton o‘lgur turtib: "œHayda, hayda, picha tezroq, tezroq" deb turtkilaydi. "œUnday dema, yonimda yosh bola bor!" deb javob bersam ham, qo‘ymaydi. "œHayda, hayda. Yana picha tezlat, tezlat, nima bo‘lib qolasan!" deyaveradi. Arqon, daraxt shoxlari, yaproqlari ham jo‘r bo‘lishib: "œHayda, Farida, hayda, Farida!" deyaverishadi. Shuncha ha-haga bir bechora Choliqushi qanday chidab tura oladi? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, axir!
Hovurim tusha boshladi, orqam o‘girik bo‘lganiga qaramay, bo‘lamning yonimda turganini his etaman. So‘zim tinar-tinmas, uning gap boshlashiga shubha qilmayman. Nima qilay? Unga ro‘para kelishdan qanday qutulsam bo‘ladi?

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:04:36

Bolalardan bittasi etagimga osilgan edi, qo‘ltig‘idan ushlab dast ko‘tarib oldim. Bu yosh o‘rtoqlarimning eng kichkintoyi, yetti-sakkiz yoshli bola edi. Yuzini yuzimga yaqin keltirib turib:
— Ko‘ngling qolmasin, seni ham bir uchirib qo‘yay. Lekin bu do‘mboq betingni qonatib olsak, chatoq bo‘lmaydimi? — dedim.
Bolaning orqasida soya paydo bo‘ldi. U Komronniki edi. Bola boshini boshimdan ayirar-ayirmas, u bilan yuzma-yuz, ko‘zma-ko‘z kelishimga shubham qolmadi. Endi undan qanday qutulaman? Undan qochish, qo‘rqish — dunyoda eng yomon ko‘rgan narsam.
Shuning uchun bolani qo‘limdan tushirib, tikkasiga Komronning ko‘zlariga tikildim.
— Bor, bola. Komron akangning yoniga bor. U qizlar singari karashmali, nozik yigit. Seni sutdan qolgan yosh onaday allalaydi, chayqatmasdan, charchatmasdan avaylab uchirtiradi. Lekin zinhor tipirchilama. Chunki u kishining nozik qo‘llari seni ushlab qololmaydi. Ikkoving ham yiqilasan.
Niyatim — ko‘zlarimni ko‘zlariga qadab, uni bosh egdirguncha shu o‘tkir zaharli kinoyani davom ettirish edi. Ammo u ko‘zlarini olib qochmas, "œbekor urinasan, hamma sirni bilib oldim" deguvchi nazar bilan tikilib turardi.
Ana shunda o‘yinni boy berganimni seza boshladim. Boshimni egib, chang qo‘limni ro‘molcham bilan artishga kirishdim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:04:51

Komron:
— Mayna qilyapsan-a, yaramas, — dedi. — Mana, hozir birga uchishamiz, ko‘ramiz...
Komron chaqqon bir harakat bilan pidjagini yechib, Mujgonning qo‘liga irg‘itdi.
Xolam derazadan:
— Hoy, Komron, bolalik qilma. U shayton qizga bas kelolmaysan, o‘t-betingni mayib qiladi! — deb qichqirdi.
Bolalar tomosha qiziq bo‘lishini sezib, chetga chiqishdi. Biz arg‘imchoq yonida yolg‘iz qoldik.
Bo‘lam kulib:
— Nimaga qarab turibsan, Farida, qo‘rqyapsanmi?— dedi.
Bu safar yuziga qarashga yuragim betlamay:
— Nega qo‘rqar ekanman, — dedim-u, arg‘imchoqqa osildim.
Arqon g‘ijirladi, arg‘imchoq sekin-sekin harakatga keldi.
Men ehtiyot bilan harakat qilar, uchishning nihoyatda og‘ir bo‘lishini sezganim uchun kuchimni tejar, tizzalarimni asta-sekin bukish bilan kifoyalanar edim.
Sur’atimiz orta borib, daraxt larzanglay, yaproqlari shitirlay bordi.
Ikkalamiz ham tishlarimizni qisib, bir og‘iz gapirguday bo‘lsak kuchdan qoladigandek, jim uchar edik.
Harakat sarxushligidan sekin-sekin boshim aylanib, o‘zimdan ketib bordim.
Komronning boshi birdaniga barglarga borib tegdi, uzun sochlari peshonasiga to‘zg‘ib tushdi.
Kinoyali tovush bilan:
— Pushaymon bo‘la boshladingiz shekilli? — deb so‘radim.
U ham kulib:
— Kim pushaymon bo‘lishini ko‘ramiz hali, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:05:07

To‘zg‘igan sochlari orasida porillab turgan yashil ko‘zlari menda g‘alati bir kin, sitam uyg‘otdi. Kuchimning boricha tizzalarimni bukib, arg‘imchoqqa sur’at berdim. Endi har borib-kelishimizda boshlarimiz barglar ichiga kirib-chiqar, sochlarimiz bir-birimiznikiga aralashib ketardi. Bir mahal xuddi tushdagiday xolamning: "œBas, bas!" degan qichqirig‘ini eshitdim.
Buni Komron ham takrorladi:
— Bas-a, Farida!
— Buni sizdan so‘rash kerak, — deb javob berdim.
— Mendan so‘ralsa: yo‘q, — dedi. — Mujgondan eshitgan ajoyib narsalarimdan so‘ng mening charchashim mumkin emas...
Tizzalarim birdaniga bo‘shashdi, arqon qo‘limdan chiqib ketishidan qo‘rqdim.
Komron so‘zini davom qildi:
— Buni sendan kutmagan edim. Bu yerga seni deb kelgan edim, Farida, — dedi.
Harakatdan qolganimga qaramay, arg‘imchoq hamon boyagi tezlikda uchardi. Qo‘llarimni arqon orqasidan o‘tkazib, panjalarimni bir-biriga kirishtirdim.
— Tushaylik endi, yiqilamiz, — deb yalindim.
U holimni sezmadi.
— Yo‘q, Farida, yiqilib o‘lsak o‘lamizki, menga tegishga rozi bo‘lganligingni o‘z og‘zingdan eshitmay turib seni bo‘shatmayman, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:05:25

Lablari sochlarim orasidan peshonamga, ko‘zlarimga tegib ketar edi. Tizzalarim bukildi, bir-biriga kirishgan panjalarim ochilib, qo‘llarim arqon atrofida salanglay boshladi. Komron meni shu asnoda ushlab qolmasa, yiqilishim turgan gap edi. Lekin meni saqlab qolishga kuchi yetmadi. Salmog‘i buzilgan arg‘imchoq arqoni birdan aylandi-yu, biz yerga gursillab yiqildik.
Picha hushimdan ketib yotganimdan so‘ng ko‘zlarimni ochsam, xolamning quchog‘ida yotibman. Xolam ho‘l ro‘molcha bilan chakkalarimni silar:
— Bir yering og‘riyaptimi, qizim? — deb so‘radi.
Boshimni ko‘tarib:
— Yo‘q, xola, — dedim.
— Bo‘lmasa, nega yig‘laysan?
— Yig‘ladimmi, xola?
— Ko‘zlaringdagi yoshlar-chi?
Boshimni xolamning ko‘ksiga bosdim.
— Yiqilmasdan avval yig‘lagan bo‘lsam kerak, xola,— dedim.

Qayd etilgan