Bilmadin, yoshligidan otasi bilan birga dala-dashtlarda yilqi haydashib, ot choptirib erka o'sganidanmi, yoki bittayu-bitta qiz bo'lganligi uchunmi, ishqilib Jamilaning xatti-harakatlarida allaqanday jo'shqinlik, erkaklarga xos fazilat bor edi. Har bir ishga astoydil kirishar, boshqa kelinlardek boshim, belim og'riyapti deb sira zorlanmasdi. Biroq o'zi ham birovga haqini ketkizmaydigan, aytishgan bilan aytishib, so'kishgan bilan so'kishadigan, o'jar ayollardan edi. Uning ovuldagi kelinlar bilan yumdalashgan paytlari ham bo'lgandi.
---Ee, bu qanday shaddod kelin o'zi! Tushganiga hech qancha vaqt bo'lmay tilidan zaxar sochadiya!--- deganlarida oyim:
---Mayli, shunisi yaxshi, kelinimiz ochiq-yoriq, sira bo'sh kelmaydi...Ana hsunday ko'nglida kiri yo'q odam yaxshi, indamay yurgan pismiqlardan qo'rqish kerak, hamma fisqi-fasod o'shalardan chiqadi--deb javob qaytarardi.
Otam bilan haligi "ishchan" degan oyim boshqa qaynona qaynotalardek Jamilani turtmay, so'kmay aksincha o'z farzandlaridek erkalatishib: --"Xudo ishqilib o'ziga insof bersin, to'g'ri yurib, to'g'ri tursa bo'lgani!"--deyishardi. Ular voyaga yetgan to'rt o'gillarini harbiyga jo'natishib, ikki xonadondagi yakkayu yagona kelinlarini ranjitisharmidi? Biroq men oyimning ba'zi ishlariga xayron qolardim. Boshqalarni qo'yib turaylik, oyim birovning qo'liga qaraydigan ayollardan emas edi.Har yili kuz kelishi bilan odati bo'yicha otam tayyorlagan olti qanotli qora o'tovni tikib archa tutardi, bizlarni chizgan chizig'idan chiqmaydigan qilib tarbiyalab, hargiz ikki oilaning boshini qovushtirib kelardi. Oyimning aytgani aytgan, degani degan edi. Ammo Jamila oramizda ajralib turardi. To'g'ri u kampirlardan biroz tortinar, ularning hurmatinoi joyiga qo'yar, biroq ovuldagi ko'pchilik kelinlardek indamay boshini quyi solib o'tirmas, yoki teskari qarab po'ng'illamas, ko'nglida borini yashirib o'tirmay shartta gapirib qo'ya qolar edi.Gaplari o'rinli bo'lsa oyim uni ko'pincha ma'qullar, lekin o'shanda ham o'z gapini ikki qilmasdi. Nazarimda oyim uni to'g'riligi, bir so'zligi uchun o'ziga yaqin tutar, kelajakda uni ikki xonadonning boshini qovushtirib, ro'zg'orning rizq-barakasini o'zidek saqlay oladigan, uddaburon o'rinbosar qilib qoldirish niyatida edi.
--Xudoga shukur, tagli-tugli yerga tushding bolam.Bu ham bo'lsa seni baxting, buni sira ham yodingdan chiqarma. Xotin degan tangrining berganiga shukur qilib, ro'zg'orini birini ikki qilib yursa shuning o'zi katta davlat. Biz chol-kampir topgan tutganimizni o'zimiz bilan birga go'rga olib ketarmidik...O'z qadr qimmatingni bilsang sira kam bo'lmaysan, doim martabang baland bo'ladi bolam--deb eslatib turardi.To'g'ri chol-kampirlarning cho'chiganicha bor edi: Jamila juda sho'x, yosh bolaga o'xshardi, bir qarasangiz o'zidan-o'zi kampirlarga suykalib erkalanar, yo bo'lmasa birdan qah-qah urib kular, yoki ko'chadan kirib kelayotganida xuddi yosh qizchalardek ariqdan lorsillab sakrab o'tar, yoki o'zicha xirgoyi qilib yurardi.Kampirlar Jamilaning bu qiliqlarini o'zlaricha gap qilib: "Hali bolada, bora-bora quyilib qoladi" deyishardi.