—Xo‘-o‘sh, — dedi Krenli xayolchan, — sen, demak, boy-badavlat oilada tug‘ilgansan.
Bu gapni u ovozini balandlatib, texnikaga doir muhim atamalarni aytayotganday, dona-dona qilib aytdi va bu bilan o‘zi aytgan gapga ishonqiramayotganini Stivenga bildirib qo‘ygisi kelayotganiga ishora qildi.
— Sening onangga, harqalay, ancha qiyin bo‘lgandir? — davom etdi Krenli. — Nega endi uni sen ortiqcha xafagarchilikdan xalos qilib qo‘ya qolmaysan, hatto agarс•
— Agar men buni istasam, — dedi Stiven, — bu menga hech gapmas, oson.
— Shunday qila qol-da, — dedi Krenli. — Onang aytganday qil. Shu qiyinmi senga? Agar ko‘nglingda ishonmasang, ishonmay qo‘ya qol, shunchaki rasmiyatchilik uchun cho‘qinsang bo‘ldi, xolos. Uning ko‘ngli tinchiydi.
Krenli to‘xtadi, Stivendan javob bo‘lavermagach, oradagi jimlikni buzmadi. Keyin, go‘yo xayolida kechayotgan o‘ylarni ovoz chiqarib aytayotganday, dedi:
— Biz dunyo deb ataydigan bu kir o‘rada ona mehridan boshqa hammasi omonat. Seni ona dunyoga keltiradi, vujudida avaylab ko‘tarib yuradi. Uning kechirgan azoblarini biz qaerdan bilaylik? Biroq u nimalarni boshidan kechirmasin, ko‘nglidan o‘tkazmasin — bari har holda, chin bo‘lishi kerak. Haqiqiy bo‘lishi kerak. Uning chekkan uqubatlari oldida bizning g‘oyalarimiz, orzularimiz hech gapmas. O‘yin! Quruq safsata! Anov baqiroq echki Templning kallasidayam g‘oya bor. Makkenning miyasidagiyam — g‘oya. Yo‘lda yurib borayotgan har qanday eshshak menda g‘oya bor, deb o‘ylashi mumkin.
Stiven, bu gaplar tagida nima yashiringanini bilishga urinib, atay tergab dedi:
— Paskal, agar xotiram aldamasa, o‘zini onasiga o‘ptirmas ekan, chunki u ayollarning teginishidan qo‘rqqan.
— Demak, Paskal — cho‘chqa, — dedi Krenli.
— Aloiziy Gonzaga ham, chamamda, shunday qilgan.