Stiven bu gapni ma’qullaganday shapkasini ko‘taribroq qo‘ydi.
— Erkinlik! — takrorladi Krenli. — Qayoqda! Sen hatto jinday kufrlikka qo‘l urishga ham qo‘rqasan-ku. O‘g‘rilik qila olasanmi?
— Yo‘q, undan ko‘ra tilanchilik qilgan yaxshi, — dedi Stiven.
— Agar sadaqa berishmasa-chi, unda nima qilarding?
— Sen mening, — javob qildi Stiven, — mulk huquqi shartli, sharoit taqozo etganda o‘g‘irlik qilinsa, bu jinoyatga kirmaydi, deyishimni xohlayapsan. U holda hamma o‘g‘irlik qilardi. Shuning uchun men bunday fikrni aytishdan tiyilaman. Yaxshisi, sen iezuit ilohiyotshunosi Xuan Mariya de Telved2ga murojaat qil, u senga qanday sharoitda qirolni o‘ldirish gunoh sanalmasligini va buni qay tarzda — taomiga zahar solibmi yoki kiyim-boshini yo bo‘lmasa egarini og‘uga bulabmi — amalga oshirganing ma’qulligini tushuntiradi. Mendan esa: sen o‘zingni tunashga ruxsat berarmiding, deb so‘raganing ma’qul. O‘g‘rilarni men shappa ushlab, adolat posbonining qo‘liga topshirmasmidim?
— Xo‘sh, buni sen qanday qilarding?
— Menimcha, — dedi Stiven, — bu harqalay, men uchun bor-yo‘g‘imni o‘g‘irlab ketgandan ko‘ra og‘irroq musibat bo‘lardi.
— Tushunaman, — dedi Krenli.
U cho‘ntagidan gugurt cho‘pini olib, tishlarini kovlay boshladi. Keyin tomdan tarasha tushganday qo‘qqisdan so‘radi:
— Ayt-chi, sen, masalan, qiz bolani iffatidan mahrum qila olarmiding?
— Kechirasan-u, — dedi xushmuomalalik bilan Stiven, — buni, axir, ko‘pchlik yigitlar orzu qilsa kerak?
— Sen-chi, sen bunga qanday qaraysan? — so‘radi Krenli.
Uning oxirgi, xuddi kuyundining hididay achchiq tagdor gapi Stivenning xayolini alg‘ov-dalg‘ov qildi, ko‘ngliga og‘ir botdi.