Alloh uchun sevmoq
Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) besh jumla bilan ifoda qilgan xususlar bor: «Haqqot muhabbatiy lil-mutazovirina fiyya», ya’ni, «Mening muhabbatim, sevgim, sevmog‘im, rozi bo‘lmog‘im vojib bo‘lgay, kerak bo‘lgay, tahaqquq etgay — muhaqqaq bo‘lgay... Kimlarga?.. Bir-birlarini Alloh uchun ziyorat etganlarga... «Va haqqot muhabbatiy lil-mutahabbina fiyya», ya’ni «Bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, yaxshi ko‘rganlarga...» Keyin «Bir-birlariga Alloh uchun yordam berganlarga, bir-birlariga Alloh rizosi uchun haqni so‘ylaganlarga, «mutanasixiyna fiyya...» kabi tomonlari ham bor hadisi sharifning...
Anglashiladiki, musulmonning musulmonni sevmog‘i, yaxshi ko‘rmog‘i ibodatlarning eng savoblilaridandir; ammo biz odatlangan tarzdagi ibodatlar emas. Imomi G’azzoliy, roziyallohu anhu, ifodasi bilan aytganda «odat tarzidagi ibodatlarning» eng savoblilaridandir. Chunki bir musulmonning butun hayoti ibodatdir... Niyati xolis bo‘lsa, bir musulmonning butun hayoti ibodatdir, hatto uyqusi ham ibodatdir!.. Uyqusi sunnati saniyyaga uyg‘un bo‘lsa, uyqusi rizoi Boriy taologa muvofiq bo‘lsa, uyqusi yaxshi bir niyatga tayansa, uyqusi ham ibodatdir... Yemog‘i, ichmog‘i ham ibodatdir, ziyorati ham ibodatdir, birodarligi ham ibodatdir. O’sha mumtoz ibodatlar bilan birga bulardan ham ulkan savoblar olgay. Har on savob olgay... Niyati bilan bir musulmon har on savob olgay. Bu Islomning go‘zalliklaridan biridir...
Darvishlik, tasavvuf deb atagan narsamizning eng muhim tayanchlaridan biri, mo‘‘minlarning qardosh-birodar bo‘lmog‘i, og‘a-ini bo‘lmog‘i, do‘st bo‘lmog‘i, yor bo‘lmog‘idir; odat tarzidagi bir ishdan ham davomli savob olmog‘idir. Chunki bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, mahshar kunida insonlar dahshatli qiyinchiliklar ichra qolganida, og‘irlik, qiyinchilik tuymagaylar; Arshi a’loning soyasida ardoqda bo‘lgaylar... Nurdan bo‘lgan minbarlarda o‘ltirgaylar, xaloyiq ularga havas etgay... Mahshar xalqi, mahshar joyidan ularni, xuddi biz dunyodan osmon yuzidagi yulduzlarni tomosha qilganimizdek, tomosha qilgaylar; «Bular payg‘ambar emas, shahid emas, ammo kim bular?» degaylar.
Payg‘ambar (s.a.v.) janobimiz marhamat etadilarki: «Ular bir-birlarini Alloh uchun yaxshi qo‘rganlardir!..» Shuning uchun Alloh bir-birimizga nisbatan muhabbat va hurmat, birodarlik va do‘stligimizni xolis aylasin... Ibodat sifatlig‘ aylasin!..
Mahmud As’ad Jo’shon, "œHaqiqiy sevgi"