Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Salom Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Madinaga kelganlarini eshitib, ul zotning huzurlariga keldi-da: «Men sizdan payg‘ambarlargina biladirgan uch narsa haqida so‘rayman: Qiyomatning dastlabki belgilari nima? Jannat ahli yeydirgan eng dastlabki taom nima? Bolaning otasi yoki onasiga o‘xshashligi nimadan?» — dedi. Janob Rasululloh: «Sen so‘ragan narsalar xususida Jabroil alayhissalom menga xabar qildilar», — dedilar. Abdulloh ibn Salom: «Bu o‘sha yahudiylarning dushmani bo‘lmish farishtalardan biri — (Jabroildur)», — dedi. Keyin, Janob Rasululloh uning savollariga javoban: «Qiyomatning dastlabki belgilari shuki, alanga (chiqib), odamlarni mashriqdan mag‘ribga to‘playdi. Jannat ahli yeydirgan dastlabki taom ersa, bu hut (kit, katta baliq) jigar o‘simtasidur. Bolaning (otasi yeki. onasiga) o‘xshashligi xususiga kelsak, agar ayolning maniysi ildamlik qilsa, bola onasiga o‘xshaydi», — dedilar. Shunda Abdulloh ibn Salom: «Ollohdan bo‘lak iloh yo‘qligiga va sizning Ollohning Rasuli ekanligingizga shahodat keltirdim!» — dedi. So‘ng, yana: «Yo Rasulalloh, yahudiylar firibgar qavmdur. Mening musulmon bo‘lganimni bilmaslaridan burun ulardan mening xususimda so‘rangiz!» — dedi. Yahudiylar kelgach, Janob Rasululloh ulardan: «Aytingizlar-chi, agar Abdulloh ibn Salom musulmon bo‘lgan bo‘lsa, (sizlar ham Islomga kirasizlarmi?)» — deb so‘radilar. Yahudiylar: «Uni bundan Ollohning o‘zi asrasin!» — deyishdi. Janob Rasululloh savollarini (uch bor) qaytardilar. Ammo, ular boyagi gaplarini aytishdi. Shunda Abdulloh ibn Salom (ichkaridan) chiqib kelib: «Ollohdan bo‘lak iloh yo‘q ekanligiga va Muhammadning uning Rasuli ekanliklariga shahodat keltirdim!» — dedi. Yahudiylar: «(Abdulloh) eng yomonimiz va eng yomonimizning o‘g‘lidur!» — deya uni kamsitishdi. Abdulloh: «Yo Rasulalloh, men shundan xavotir olgan erdim!» — dedi»