Abdulloh ibn Utba ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: "Abu Sufyon ibn Harb habar qiladilarki, Xiraql Quraysh karvoni Shomda savdo qilib turganida, uning xuzuriga odam yubordi. Bu vaqt Janob Rasululloh (Abu Sufyon va) Quraysh kofirlarini poylab turgan erdilar. Ular(Quraysh kofirlari) Iliya (Baytulmuqaddas)da ekanliklarida Xiraql xuzuriga bordilar. Xiraql ularni o’z majlisiga chaqirdi, uning atrofida Rum zodogonlari o’ltirgan erdi.
Ular birlan birga tarjimonni ham chorladi-da: "O’zini payg’ambar deb gumon qiloyatgan kishiga qaysi biringiz nasab jixatdan yaqinroqsiz?" - dedi. Abu Sufyon: "Men unga nasab jixatdan yaqinroqdurmen" - dedi. Xiraql:" Uni (Abu Sufyonni) va uning ashoblarini menga yaqinroq olib kelinglar!" - dedi. Ularni Xiraqlning yelkasiga yaqin joyga olib kelib, turg’azib qo’ydilar. Xiraql tarjimonga: "Unga (Abu Sufyonga) ayt, men o’sha payg’ambar haqida so’ramoqchiman, menga yolg’on gapirsalar,unga yolg’on gapirgan bo’ladilar " - dedi. Abu Sufyon bunday dedi: "Olloh haqqi, agar mendan yolg’on talab qilishdan hayo qilmasalar erdi, shu onda men yolg’on gapirgan bo’lur erdim. U Xiraql dastlab mendan Janob Rasulullohning oramizdagi nasablari qanday ekanligi haqida so’radi. Men: "U bizning oramizda baland nasab egasidir" - dedim. Xiraql: "Undan ilgari shu qavlni (ya’ni,payg’ambarlikni) sizlardan xech kim aytganmidi?" - deb so’radi. Men: "Yo’q" - dedim. U: "Unga zodogonlar ergashyaptimi yo zaiflarmi?"-dedi. Men: "Zaiflar ergashyapti" - dedim. U: "Ularning soni ko’payyaptimi yo ozayyaptimi?" - dedi. Men: "Ko’payyapti" - dedim. U: "Uning diniga kirganlardan biror kishi uning dinidan g’azablanib dinidan qaytayaptimi?" - dedi. Men: "Yo’q" - dedim. U: "U dinga da’vat qilmasidan ilgariuni yolg’onchilikda ayblar edingizmi?" - dedi. Men: "Yo’q" - dedim. U: "Xiyonat qilarmidi?" - dedi. Men: "Yo’q, bir qancha mudatdan beri uning qanday ishlar birlan bandligini bilmaymiz" - deb ham edimki, Xiraql gapimni bo’lib: "Unga qarshi jang qildingizmi?" - dedi. Men: "Jang qildik" - dedim. U: "qanday qilib jang qildingiz" - dedi. Men: "O’rtacha, goh ular bizga, goh biz ularga shikast yetkazardik, ba’zan ular, ba’zan biz g’alaba qilardik" - dedim. Xiraql: "U sizlarni nimaga buyuradi?" - dedi. Men: "Yolg’iz Ollohga ibodat qilishni, unga shirk keltirmaslikni, hatto otalarimiz shirkka da’vat etsa, ularga quloq solmaslikni, namoz o’qishni, rostgo’ylikni, pokiza va iffatli, oqibatli, rahm-shafqatli bo’lmoqni buyuradi" - dedim.
Xiraql tilmoch orqali menga bunday dedi: "Uni nasabini so’rasam, sen nasabi baland, deb aytding, payg’ambarlar aynan shunday bo’ladi. Sizlardan hech kim bundan ilgari mazkur qavl(payg’ambarlik qavli) ila chiqqanmi, desam, sen: "Yo’q", - deding Undan ilgari ham biror kishi shu da’voni qilib chiqqan bo’lsa, bu odam ilgari aytilgan qavlga taqlid qilyapti, degan bo’lur erdim. Men sendan: "Uning ota-bobolari ichida podshoh bo’lganlar bormi?" - deb so’rasam, sen: "Yo’q" - deding. Agar ota-bobolari ichida podshoh o’tgan biror kishi bo’lganida edi, men: "U o’shaning mulkini talab qilyapti " - degan bo’lur erdim. Men: "Uni dinga da’vat qilmasdan ilgari, yolg’onchilikda ayblarmidingiz?" - deb so’raganimda, sen: "Yo’q"-deding. Men bildimki, u ilgari ham odamlarga yolg’on gapirmagan, bunday odam Olloh haqida yolg’on so’zlamaydi. Men sendan: "Unga zodogonlar ergashyaptimi yo zaiflarmi?" - deganimda, sen: "Zaiflar" - deb aytding. Payg’ambarlarga doimo zaiflar ergashgan. Men sendan: "Ergashayotganlarning soni ko’payyaptimi yo ozayyaptimi?" - deb so’rasam, sen: "Ular ko’payayaptilar" - deding. Iymonning ishi ham shunday barkamol bo’ladi. Men senga: "Uning diniga kirganlar undan g’azab qilib dindan qaytyaptimi?" - desam, sen: "Yo’q" - deb aytding. Iymon, ko’rkamligi dillarga yoqib qolsa, xuddi shunday doimo barkamol bo’ladi. Men sendan: "U xiyonat qiladimi?" - desam, sen: "Yo’q" - deding. Payg’ambarlar hiyonat qilmaydi. Keyin sendan: "U sizlarni nimaga buyuradi?" - deb so’radim. Sen: "Ollohga ibodat qilishga, but(sanam)larga sig’inmaslikka, namoz o’qishga, rostg’o’y va iffatli bo’lishga buyuradi" - deb aytding.
Sening aytganlaring rost bo’lsa, u kelib, men hozir mana shu turgan joyni oladi. Men yana payg’ambar chiqishini bilar erdim, lekin sizlarning orangizdan chiqishidan behabar erdim. Agar unga ixlos qilolsam, u birlan uchrashish uchun mashaqqat chekishga rozi erdim. Agar uning huzuriga borsam, uning oyoqlarini yuvib qo’ygan bo’lar erdim".
Keyin, Xiraql Dih’ya (sahoba) orqali Rasululloh Busro boshlig’iga berib yuborgan xatni olib kelishni amr qildi. Uni Xiraqlga uzatdilar. U xatni o’qib ko’rdi, unda "œBismillohir rahmonir rahiymi. Muhammad ibn Abdulloh-Ollohning Rasulu- Xiraql Rum boshlig’iga. Hidoyat yo’liga yurganlarni Olloh hidoyat qilsin! Ammo ba’d: seni islomga da’vat etaman, islomni qabul qil, tinch bo’lursan. Olloh buning uchun senga ikki barobar ajr va savob berg’usidir. Agar undan yuz o’girsang, erisdek(bid’atchidek) gunohkor bo’lg’aysen. Ey ahli kitoblar, o’zaro tenglik kalimasini qabul qilaylik, Ollohdan boshqaga ibodat qilmaylik, unga shirk keltirmaylik, bir-birimizmi Ollohdan o’zga tangri deb bilmaylik(ya’ni, insonni Olloh darajasiga ko’tarmaylik) agar yuz o’girsalar, guvoh bo’linglarki, biz musulmonmiz". Abu Sufyon bunday dedi: "Xiraql so’zini tugatgachva Janob Rasulullohning nomalarini o’qib bergach, uning xuzuridagilar shovqin-suron ko’tarishib, bizni tashqariga haydab chiqarishdi. Men hamrohlarimga: "Ibn Abu Kabshaning aytgani rost chiqdi, u: "Baniy al-Asfar(rumliklar) podshohi payg’ambarda qo’rqadi", - deb aytgandi. Men islomga kirmasimdan avval payg’ambar chiqishiga ishonar edim", - dedim".
Iliya hokimi Ibn an-notur va Shom xristianlarining usqufi(yepiskopi) Xiraql bunday deyishar erdi: "(Hukmdor) Xiraql Iliyaga kelganida badxulq bo’lib qoldi. Unga bitriqlari (patriarxlari): "Sening turqingni yoqtirmayapmiz", - deyishdi. Ibn an-Notur bunday deydi: "Xiraql yulduzlarga e’tiqod qilar va ularni kuzatar erdi. Undan bu borada so’rashganda u: "Men bu kecha yulduzlarni kuzatganimda xatna podshohi zuhur qilganini ko’rdim, bu xalq orasida ham xatna qiluvchilar paydo bo’ldi", - dedi. "Parvo qilma, yahudiylardan boshqalar xatna qilmaydi. Shaharlarga xat yoz, u yerlardagi yahudiylarni o’ldirsinlar, deb maslahat berishdi. Shu payt G’asson podshohiga Janob Rasululloh haqlarida xabar olib kelgan kishini Xiraql huzuriga olib kirdilar. Xiraql: "Borib bilinglarchu u xatna qilinganmi, yo’qmi?" - dedi. Payg’ambar xatna qilingan ekan, deb xabar keltirishdi. Arablardan so’rab erdi, ular ham buni tasdiqladilar. Shunda Xiraql: "Bu o’sha, (yulduzlarni kuzatganimda) zuhur qilgan mana bu ummat (ya’ni arablarning) podshohi" - dedi. Keyin, Xiraql Rumiyadagi o’zi kabi bilimdon sohibiga xat yozdi-da, Xumsga jo’nadi, u yerga yetib ulgurmay sohibidan javob maktubi oldi. Unda Xiraqlning Payg’ambar sallolohu alayhi va sallamning zuhurlari haqidagi fikri qo’llab-quvvatlangan va ul zotning haqiqiy payg’ambar ekanliklari aytilgan edi.
Xiraql Rum zodogonlaridan Xumsda qolishga ijozat so’radi. Xumsning darvozalari yopilgach, u shahr ahliga: "Ey Rum ahli, sizlar najot va to’g’ri yo’l topmoqchi bo’lsangiz, davlatingizning ustuvor bo’lishini istasangiz, o’sha payg’ambarga ergashinglar!" - dedi. Shunda ular yovvoyi eshakdek vahimaga tushib, o’zlarini darvozalar tomon urdilar, ammo darvozalarning yopiqligini ko’rdilar. Xiraql ularning vahimaga tushganini ko’rib, iymon keltirishlaridan noumid bo’ldi-da: "Ularni qaytaringlar!"-deb amr qildi. Keyin: "Men sizlarning o’z diningizga bo’lgan ixlosingizni sinab ko’rish uchun shunday degan edim. Men bunga amin bo’ldim", - dedi. Shahar ahli unga sajda qildilar va undan mamnun bo’ldilar".
Bu, Xiraql bilan sodir bo’lgan so’nggi voqea edi. Mazkur voqeani Solih ibn Kayson,Yunus va Ma’mar Az-Zuhriydan naql qildilar.