Darhol «Oydinda yurgan odamlar» xayolimdan o’tdi. Qoplon timsolida Tog’ay o’z dardu dunyosini tasvirlagan ekan-da, degan o’yga bordim. Shu haqda so’z ochgan edim, Tog’ay: «E, domla, «Oydinda yurgan odamlar»ni to’yimizdan besh yil burun yozganman. Oldindan qilingan bashoratmi, intiutsiya karomatimi yoki peshonaga bitilganimi, qarang, o’zim yaratgan Qoplonning kuni o’zimning boshimga tushib o’tiribdi...» — dedi.
Tog’ayning qayta qurish, oshkoralik davri alg’ov-dalg’ovlari, ma’naviy hayotdagi evrilishlar, ziyoli ijodkorlar davralaridagi behuda dahanaki janglar xususidagi hasratlaridan chang chiqardi. Ikki-uch yozuvchi-shoirdan boshqa barcha-barchasi unga begona, u menga go’yo g’animlar qurshovida qolganday tuyuldi o’sha topda. «Qaysi davraga kirsam, ijod o’rniga g’iybat, men bunaqa davralardan o’zimni chetga olib yuradigan bo’lib qoldim», deya hasratlariga yakun yasaganday bo’ldi.
Bir oz sukutdan keyin yana qizishib so’zida davom etdi: «G’animlarimning da’vosicha, go’yo men etnograf, shunchaki baxshi qalamkash emishman. «Denovdan nariga chiqolmaysan, naryoqda nimalar bo’layotganini ko’rmaysan, jahon adabiyotidan bexabarsan, modernizm nima, absurd, ong oqimi nima — bilmaysan, Nitsshe, Freyd, Kafka, Joys, Kamyuga tishing o’tmaydi»,, deya tashlansalar bo’ladimi menga bu «bilag’on» nodonlar. Ishoning, Umarali aka, men Nitssheni, Freydni, Kafka, Joys, Kamyularni, modernizm adabiyotini ulardan kam emas, ortiqroq bilaman. Nitsshe «Zardusht»ini, Kafka «Jarayon»ini, Kamyu «Begona»si bilan «Vabo»sini bir emas, bir necha bor o’qib chiqqanman. Joysning «Uliss»ini ham «Inostrannaya literatura»da ruscha tarjimasi chiqmasdan burun qo’lyozmasini topib o’qiganman, hatto uni o’zbekchaga tarjima qilishni ko’nglimga tugib qo’yganman. Bu oliftalarning moderncha mashqlari taqliddan nariga o’tmaydi, yozganlari tarjimaga o’xshaydi. Men ularga haqiqiy «o’zbekona modern», «o’zbekona absurd», «o’zbekona ong oqimi» qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaman...»