Salomlashishga qarab odamning madaniyati, odob-axloqi haqida ma’lum tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Islom madaniyati har zamon va har makonda juda yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan. Shu sababli Islomdagi salomlashish eng go‘zal va eng ma’noli salomlashishdir. Mo‘minlar buni bilganlari uchun yangi kunni bir-birlariga yaxshi tilaklar bilan boshlab, Alloh taoloning quyidagi amrini bajaradilar:
وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ حَسِيبًا
"Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchi Zotdir" («Niso», 86).Ushbu oyat talabidan kelib chiqib, mo‘minlar salomga afzalroq qilib javob qaytaradilar. Bu
"œAs-Salamu alaykum", ya’ni sizga tinchlik bo‘lsin uchun
"œVa alaykumus Salam va rohmatulloh" — sizga ham tinchlik va Allohning rahmati bo‘lsin" yoki "œva barokatuhu", ya’ni barokati bo‘lsin jumlasini ziyoda qilish bilan amalga oshadi. Salom xayrli, barakali amal bo‘lgani uchun kim birinchi salom bersa ana o‘sha fazlga ega bo‘ladi.
Musulmonchilikda taniganga ham, tanimaganga ham salom berishlik sunnat, salomga javob qaytarish esa vojibdir. Lekin javob qaytarilmasa, salom bergan odamga afzalroq zotlar, ya’ni farishtalar alik oladilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam salom berish tartibini quyidagicha joriy etganlar: kichik kattaga, ketayotgan o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka, suvoriy piyodaga salom berishi lozim. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval salom bergan kishini Allohga itoatliroq deb aytganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam ummatlarini
"œSalomni yoyinglar, ko‘p salom beringlar, salomat bo‘lasizlar", deb salomni keng yoyishga da’vat qilib, O‘zlari doimo odamlarning katta-kichik, yoshu qari, boy-kambag‘alligiga qaramay birinchi bo‘lib salom berar edilar. Hech kim u zotdan avval salom berishga ulgurmagan. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng itoatlisi edilar. Bizlar ham u zotdan ibrat olsak, aslo kam bo‘lmaymiz.