Allohning ko‘ruvchi va biluvchi ekanligini yodda tutgan holda, ular faqat ko‘chaga chiqqanda yoki mehmonga borganda yuvinib-taranib, chiroyli kiyinish kerak degan noto‘g‘ri tushunchadan yiroqlar. Mo‘min har doim, har jihatdan boshqalarga ibrat bo‘lishi lozimligini yodda tutib, unga amal qiladi. Badbo‘y hididan atrofdagilarni ko‘ngil aynish darajasiga yetkazish, kiyimidagi ifloslikni ko‘rib, irganish holatini yuzaga keltirish Qur’on bilan xulqlangan insonlarga xos emas. Ular shunday insonlarki, suhbatlashsangiz, huzur qilasiz. Mudom Alloh amriga bo‘ysunib, ham jismoniy, ham ma’naviy poklikka rioya etishlari natijasida qalblari musaffo bo‘ladi, yuzlaridan nur yog‘ilishi atrofidagilarni o‘ziga tortadi. Insonlarni o‘ziga jalb qilish xususiyati faqat Qur’on axloqini o‘z hayotiga tatbiq qilib olganlargagina Alloh tomonidan ato etiladi.
Qur’on axloqidan bexabar odamlar, yoki xabardor bo‘la turib, unga e’tiborsiz qarovchilarning ko‘pchiligi tozalikka yuzaki qaraydilar. Ular, asosan, ko‘chaga chiqqanda yoki uylariga mehmon keladigan vaqgda tozalikka e’tibor berib qolishadi. Ular tahorat nima, g‘usl nima, hatto, farqiga ham borishmaydi. Xorij, asosan, Yevropa filmlarida xojasi yoki bekasi uyqudan uyg‘ongach xizmatkori uning yotgan joyiga, to‘shagiga nonushta olib keladi. Kundalik hayotimizda ham ularga taqlid qiluvchilar uchrab turadi. Ba’zan «postelimga kofe olib kelishdi, mazza qildim» degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Ham ma’naviy, ham jismoniy poklikka da’vat etuvchi islom dini bunday holatlarni qat’iy qoralaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"Uyqudan uyg‘ongan odam qo‘lini to uch marta yuvmaguncha idishga tiqmasin. Chunki u qo‘li qaerlarda tunaganini bilmaydi". Ular uyqudan turib yuz-qo‘lni yuvish kerakligini bilmasligi mumkin emas. Afsuski, ko‘pincha o‘zlarini madaniyatda juda ilg‘or deb bilgan odamlar ana shunday yo‘l tutishadi.