— Albatta, u Ollohning rasuli, shunday ekan, uning hech qanday gunohi yo‘q. Dunyosi ham, oxirati ham kechirilgan, ta’minlangan. Ollohu taolo nega ko‘p ibodat qilmading, deb payg‘ambarini otashga tashlamaydiku, axir! Bizlarchi? Bizga bu ibodatlarning o‘zi kifoya qilarmidi? Bu qadar oz ibodatlarimiz najot topishimizga yetarlimikan?
Bu savolga uchovining ham javobi bir xil bo‘ldi: «Yo‘q! Aslo!» deyishdi. Ulardan biri:
— Shu kundan e’tiboran men tunlari uxlamayman, faqat ibodat qilib chiqaman, — deya qasd etdi.
— Men uylanmayman, — dedi ikkinchisi.
— Men kunlarimni doimo ro‘za tutgan holda o‘tkazaman, — dedi uchinchisi.
Yigitlar payg‘ambarimizning (a.s.v.) xotinlari va qizlarining ko‘z o‘ngida shunday qarorga kelib, u yerdan ayrilishdi.
Rasululloh (s.a.v.) uyga kelib, bu xabarni eshitdilaru ko‘ngillari xijil bo‘ldi. Darxol masjidga kirdilar. U yerda o‘tirganlarga ham voqeani anglatib, bunday xitob qildilar:
— Shuni yaxshi bilinglarki, sizlarning ichingizda Ollohdan eng ko‘p qo‘rqadigan kishi menman. Shu bilan birga, men ro‘za tutaman ham, tutmagan kunlarim ham bo‘ladi. Tunlari ibodat qilaman, ammo yotib uxlayman ham. Ahli ayolim bilan oilaviy hayotni ham yuritaman. Mening yo‘lim va sunnatim mana shudir. Mening sunna timdan yuz o‘girgan esa, mendan emasdir.
Darhaqiqat, ibodatning shakli, vaqti, miqdori doimo u zot ko‘rsatganiday bo‘lishi kerak edi. Boshqa birovlar o‘rtaga chiqib ko‘rsatgan shakl, vaqt va miqdorga o‘z aqlicha aralashishi, ularni kam deb hisoblashiga hojat yo‘q va bunday harakat ma’nosiz, xato harakat bo‘lardi. Ollohning payg‘ambari U bo‘lganidan keyin Ollohga ibodat qilish yo‘lini ko‘rsatish ham Unga oid bo‘lishi kerak emasmi?
Masala shu tariqa hal qilingan bo‘ldi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uylariga kelgan haligi uch yigitga ham, boshqa mo‘minlarga ham eng go‘zal va eng yaxshi bir shaklda dars berdilar. Ammo Usmon ibn Maz’unning bu voqeadan xabari yo‘q, u uyida ibodati bilan mashg‘ul edi.
Bir kuni Usmonning xotini Havla xonim Rasulullohning (s.a.v.) uylariga keldi. Ahvoli parishon. Payg‘ambarimiz ayollari undan hol so‘radilar. Havla eri Usmonning butkul bir bo‘ydoq yigitday hayot kechirayotganidan, erxotinlik aloqasini tamoman to‘xtatib qo‘yganidan shikoyat qildi.
— Kechalari uzundanuzoq namoz o‘qiydi, kunduzlari tinimsiz ro‘za tutadi, — dedi.
Kechqurun Rasuli akram uyga qaytganlarida xotinlaridan bu xabarni eshitdilar. Darhol Usmonga odam jo‘natdilar. Usmon ham hayallamay yetib keldi.
— Chaqirtirgan ekansiz, ey Ollohning rasuli, — dedi.
— Ey Usmon, sen mening sunnatimdan yuz o‘girdingmi?!
Bu savol qarshisida Usmon seskanib ketdi:
— Olloh saqlasin! — dedi shoshapisha. — Men sizning sunnatingizni mahkam ushlab, shunga ko‘ra yashashga kechakunduz harakat qilib yotibmanku.
— U holda shu haqiqatni bilib ol, ey Usmon: men ham uxlayman, ham namoz o‘qiyman. Ham ro‘za tutaman, ham ovqat yeyman. Ayolimga yaqinlik ham qilaman. Ey Usmon, Ollohdan qo‘rq, shuni unutmaki, ayolingning ham senda xaqqi bordir. Nikohning yelkangga yuklagan vazifalarini bajar. Kelgan mehmonning senda haqqi bordir, ularga bir narsalar ikrom et. O’z nafsingning ham senda haqqi bordir, vujudingni keragicha dam oldir. Ro‘za tut, ammo tutmagan kunlaring xam bo‘lsin. Tunlari ibodat ham qil, dam ham ol.
Unga aytilgan bu tavsiyalardan so‘ng payg‘ambarimiz (s.a.v.) hammaga taalluqli ushbu muborak so‘zlarni aytdilar.
— Qurbingiz yetadigan amallarni qilishga ahamiyat bering. Shuni yaxshi bilingki, Ollohu taolo sizning amallaringizga evaz berishdan zerikmaydi, ammo siz zerikasiz. Ollohu taologa amallarning eng xush yoqadigani — oz bo‘lsa ham, davomli bo‘lganidir.
Zerikish ichra qilingan ibodatning foydasi bo‘lmaganidek, tartibsiz, ammo ko‘p ibodatdan oz bo‘lsin, davomli va tartibli qilingan ibodat yanada xush ekanligi shu tariqa bilib olindi.
Usmon ham Rasulullohning (s.a.v.) bu tavsiyalariga kuchi yetganicha amal qilish niyati bilan u yerdan ayrildi. Oradan bir necha kun o‘tib Usmonning xotini Havla chiroyli, yasantusan kiyingan holda payg‘ambarimizning (a.s.v.) ayollari ziyoratiga keldi. Endi xo‘jayini Usmon ham sekinasta oilaviy hayotni yashay boshlagan edi.