Rivoyat qilishlaricha, Muhammad ibn Siyrin tushda zanjir ko'rishni yoqtirmasdilar, kishandan esa hayratlanib: "Kishan dinda sobitlik belgisi", derdilar.
Muhammad ibn Siyrin: "Tush uch xil: nafsning so'zi, shaytonning qo'rqitishi va Rahmonning xushxabari. Kim yomon tush ko'rsa, uni birortaga aytmasin. Tursin va namoz o'qisin", deydilar.
Sufyon Amr ibn Dinordan, u Atodan rivoyat qiladi: "Eri yo'qolgan bir ayol Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: "Tushimda uyimning joizasi sinibdi", dedi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh xohlasa, yaxshilik bo'ladi. Alloh senga yo'qotgan narsangni qaytaradi", dedilar. So'ng uning eri qaytdi. Keyin yana g'oyib bo'ldi. Tag'in shunga o'xshash tush ko'rdi. Nabiyni (sollallohu alayhi vasallam) izlab kelgan edi, u zotni topa olmasdan, Abu Bakr bilan Umarga (roziyallohu anhumo) tushini aytib berdi, Ular: "Ering o'ladi", deyishdi. So'ng Nabiyni (sollallohu alayhi vasallam) topdi va tushini aytdi. Rasululloh: "Buni birortaga aytdingmi?" deb so'radilar. U: "Ha", dedi. Shunda Rasululloh: "Senga aytilgani bo'ladi", dedilar. Hech qancha vaqt o'tmasdan, unga erining o'limi xabari keldi".
Ato aytadilar: "Tush ta'viliga ko'ra bo'ladi, deyishadi. Yana tushni faqat hakimga yoki yaxshi ko'rganiga yoki rahmdil kishiga aytiladi, deyiladi, yana faqat aqlli yoki yaxshi ko'rgan kishisiga aytiladi, ham deyiladi. Ba'zilar mazkur hadisni "tush ta'viliga ko'ra", degan gapga hujjat qilishadi. Tahqiqchilar: "Tushning hukmi johil ta'birni o'zgartirishi bilan o'zgarmaydi, fiqhiy masalada johilning javobi sababli hukm qilib bo'lmagani kabi", deb aytishgan. Ammo ayolning tushi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ta'villari bilan o'zgardi, chunki Alloh taolo u zotning hurmati uchun so'zlarini rost qildi".