12-fasl. Kelishuv
Oqshom cho’kdi. Хadichaning uyidan chiqqan Nafisa Muhammadning uyiga yo’l oldi. Ruhsat so’rab, ichkariga kirdi. Uy sohibini jimgina hayol surib turgan holda ko’rdi. Go’zal yuzli, novcha ham, kalta ham bo’lmagan — mo’ta’dil bo’yli, uzun qora sochli, chehrasidan nur yog’ilib turgan Muhammadga salom berdi. Bexosdan ayolni uning salobati tutdi. Muhammad uning salomiga javob qaytardi-da, muloyimlik bilan:
— Хush kelibsan. Bunday bemahalda kelishga seni nima majbur qildi? — dedi.
- Safardan sog’-salomat qaytganingni qutlash uchun keldim, — ayol atrofga nazar tashlab, uy ishlari bilan mashg’ul bo’lgan Ummu Aymandan boshqa hech kimni ko’rmadi. — Ey Muhammad, Ummu Ayman ikkovlaring uyda zerikmaysizlarmi?
— Uylanay desam, kambag’alman, qurbim yetmaydi. Ustiga-ustak, hamma xotinlar ham sabrli, soliha bo’lib chiqmaydi. Qolaversa, uylanish o’yin emas, jiddiy ish. Agar taqdir kulib boqmasa, maqsadimga yetishim qiyin. Alloh menga bir soliha ayolni ro’baro’ qilsa, unga uylanardim.
Nafisa xursand bo’ldi. Maqsadiga erishishiga oz qolganini his etdi. Umid bilan:
— Agar go’zal hulqli, soliha ayolga duch kelsang-u, biroq yoshi kattaroq bo’lsa-chi? — deb so’radi.
— Bunday ayollarning mahri ko’pligini yaxshi bilasanku! Ularga uncha-muncha erkak teng kelolmaydi. Ular bilan tenglashishga menga yo’l bo’lsin?
Nafisa maqsadiga erishishiga avvalgidan ham oz masofa qolganini anglab, xotirjamlik bilan taklif qildi:
— Hech qanday mahrsiz, boy, soliha, chiroyli ayol seni
xursand qilsa, nima deysan?
— Ey Nafisa, koshki shunaqa bo’lsa. Bu ayol kim bo’lishi
mumkin?
Ayol hayajon bilan, past ovozda dedi:
— Muhammad, bu Хadichadir. Хadicha binti Хuvaylid...
Muhammadning Хadichaga nisbatan moyilligi yo’q, emas edi. Agar boy bo’lganida, unga uylanishi ham mumkin edi. Unda chiroyli fazilatlar tajassum topgandi. Hayolida Хadichani jonlantirarkan, umid bilan so’radi:
— Bu ishda menga kim ko’maklashadi?
— Men bosh-qosh bo’laman. Sen Хadichaga juda loyiqsan. Men unga borib o’zim tushuntiraman. Uning fikrini
bilishga urinaman. O’ylaymanki, u senga turmushga chiqishdan bosh tortmaydi.
Nafisa xursand holda o’rnidan turdi. U Хadichaning uyiga ko’tarinki kayfiyatda kirib keldi. Muhammadning rozi ekanini aytdi. Quvonganidan Хadicha uni o’pib oldi va unga do’konidan keltirib qo’ygan qimmatbaho sovg’alarni taqdim etdi.
Kechani xursandchilik bilan o’tkazdi. Alloh unga shunday fazl ne’matni ravo ko’rayotganidan quvonardi. Тong otgach, amakisinikiga yo’l oldi.
— Amaki, yana turmushga chiqmoqchiman. Nima deysiz shunga? — deb maslahat so’radi undan.
— Senga biror narsa deyolmayman. Agar otang tirik bo’lganida, biror narsa degan bo’lardi. Endi o’zing yosh
emassan, boy-badavlatsan, Makka saidlaridan birisan. Тurmush qurmasdan yolg’iz yashashni afzal bilib kelyapsan... Тag’in bilmasam, ixtiyor o’zingda.
Хadicha amakisining so’zlarini bo’lmasdan oxirigacha eshitdi.
— Agar turmushga chiqishga ahd qilgan bo’lsam-chi?
Amakisi unga boshdan-oyoq razm soldi. Keyin hayratlanib:
— Juda yaxshi bo’lar edi. Juda ham to’g’ri o’ylabsan. Lekin Хadichaga uylanadigan yigit qoldimikan? — dedi.
— Тurmush quradigan bo’lsang, Quraysh yigitlari ichidan o’zingga munosibini tanla. Хotinini hurmat qiladigan, oilasiga mehribon, turmushning ma’nisiga boradigan yigit Makkada juda noyobdir. Agar shunday yigit topilsa, u bilan turmush qursang bo’ladi.
— Men tanlagan yigit shunday bir insonki, turmushni e’zozlaydi. Oilani qadrlaydi... Lekin juda kambag’al. Bunisiga nima deysiz? — deb so’radi Хadicha.
— Kambag’al, kambag’al... — takrorladi o’zicha amakisi mulohaza yuritib. — Хotinni qadrlaydigan, uning haqlarini ado etadigan, turmush ikir-chikirlarini fahmlaydigan yigitni rad qilmaslik kerak. Boylik va kambag’allik Allohning izmidadir. Agar aqlli kishi harakat qilsa, boylikka erishishi mumkin. Allohga shukr, sen davlatmandsan. Тurmushga chiqmoqchi bo’lganing kim?
— Muhammad ibn Abdulloh, haqida qanday fikrdasiz?
Amakisi baland ovozda javob berdi:
— Ajoyib, ajoyib... U senga yaxshi turmush urtog’i bo’ladi. Unga turmushga chiqishdan bosh tortma. Bu taklifni uzoq muddat kutding, axir. Shuncha kutganing ro’yobga chiqadigan ko’rinadi. Xadicha xursandligini yashirmadi:
— Kecha tunda sovchi jo’natibdi. Sizning fikringizni bilmasdan turib, biron narsa demadim. Nima deysiz, amaki, siz rozimisiz?
— Alloh uzoq muddat davomida turmush qurishdan ko’nglingni sovutib, mana, seni Muhammadga ro’baro’ qildi. Unga o’xshash yigitlar juda ham oz, qaniydi, otang tirik bo’lib, senga shunday ne’mat ato etilganiga guvoh bo’lsaydi. Munosib, munosib... — dedi amakisi xursand ohangda.
* * *
Muhammad ertalab uyqudan uyg’onib, amakisi Abu Тolibning uyiga keldi. Хadichaga uylanmoqchi ekanini aytdi.
— Ey Muxammad, Хadicha rozi bo’larmikan?
— Ha, amakijon, rozi bo’ldi. Kambag’alga turmushga chiqishga rozi bo’ldi. U oldin ham boylarning mol-mulki uchun turmushga chiqmagan... Abu Тolib bosh silkib ma’qulladi. Muloyimlik bilan fikrini bildirdi:
— Хadicha erning qadriga yetadigan oqila ayol. Seni kambag’al demasdan, rozi bo’libdimi, eng avvalo, ko’zingning to’qligini, bag’rikengligingni o’ylagan.
Amakisi uning Хadicha bilan turmush qurayotganini qutladi. Muhammad esa xursand bo’lib, shukrlar aytdi. Bu habar tezda butun Makkaga tarqaldi. Odamlar bu haqda ajablanib gapira boshladilar.