Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136354 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:15:02

Bu din dushmanlari kofirlar, ayniqsa, inson olamining ogusi fitna fasod, madaniy makr hiyla kor bol’sheviklar Turkiston musulmonlarini insoniy huquqlaridan butunlay ajratib, hayvonlar qatorida erksiz majburiy ishlatayotganligini ko‘rgan bilganlardan eshitgandursiz. Bizga o‘xshash o‘z vatanlaridan judo bo‘lgan qochqunlar atrofingizda uymalanishimizdan biror yaxshilik chiqarmu degan umid bilan termulib turibmiz. Endi bu ishning birdan bir chorasi shulki, Gasiling bilan kelishib, butun musulmonlar bir ittifoqda bo‘lib, dushmanga qarshi harakat qilsak, shundagina, biz uchun yaxshilik yo‘li ochilur edi», demishdur.
Bu so‘zni onglashi bilan Momutsilingning nimadandur g‘azabi qo‘zg‘alib, «Hay, bu andijonlik o‘zi tungon tarafdori bo‘lg‘oni uchun bizni ham u johillarga tobun qilmoqchi bo‘ladur. Bu so‘zidan qaytguncha qulog‘idan tuvrukqa (ustunga) mixlab qo‘yinglar», deb buyurmishdur. Shuning bilan bechora Mahammadxon mahsum bu qora nodonlarga nasihat qilaman deb, qulog‘idan ustinga qadalgan holda bir necha soat azob tortmish edi.
Shu orada bular orqalaridan quvib kelayotgan Gasiling askarlari yetib kelishi bilan Xo‘janiyoz, Momutsilinglar 6u yerda ham turolmasdan Oqsuv tomonga qarab qochgali turdilar. Urumchida Jang Jun hukumati yiqilib, o‘rniga sovet yordami bilan Shing Duban hukumati qurulgach, bu o‘rnashib olg‘uncha, Oltishahar Uyg‘uriston o‘lkasi bo‘ylab, qo‘zg‘olonchilar har joydan bosh ko‘tarmish edi. Sovet Rusiyasi Ili o‘lkasida o‘z siyosatiga moslashtirib, Shing Duban hukumatini qurishga kirishgan bo‘lsa, naq u fursatda yana o‘z tarafidan tayyorlangan Andijon qirg‘izlaridan Ishoqbek Koshg‘ar tomoniga kirg‘izilmish edi. Xo‘tan xalqi 1933 yili atrofi bilan qo‘zg‘olon ko‘tarishib, xitoy boshliqlarini qoldirmay o‘ldirishgan so‘nggida, o‘z ichlaridan bir kishiga Shohmansur laqabini berib, uni askar boshlig‘i qilib, shu orada xaj safaridan kelgan Sobit domlani hukumat raisi saylamish edilar. Ilgaridan beri Oltishahar poytaxti Koshg‘ar bo‘lib kelganlikdan, Sobit domla boshliq askarlari bilan barchalari Koshg‘arga kelib, rasmiy islom hukumatini qurish uchun yo‘lga chiqmish edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:15:52

Islom oshiqlari oq ko‘ngil, sodda musulmon bechora uygurlar: «Biz otiga bo‘lsa ham islom davlati qurdik», deb poytaxt qurish maslahatida karnay-surnay, nog‘ora-dombara chalishib, yo‘lga chiqqan askarlarni ko‘rishganlarida suyunganlaridan «Islom ochildi-yo, islom ochildi» sadolari bilan yer tepib o‘yinga tushgani turdilar. Alloh qullari, Muhammad alayhissalom ummatlari bularning ixlos etiqodlari ko‘ngillarida ko‘milib yotgan. Agar u gavhar ochilur ekan, har yaxshilikga yaramliqlari va ishda qobiliyatlilari borligi shaksizdur. Biroq bu becho-ralarning diniy va ham siyosiy ishlarda zamonga tushungan haqiqiy qolovuzlari (yo‘lboshchilari) bo‘lmagandur. Shuning uchun Botish, Chiqishdagi biz Turkiston musulmonla-ri, bosqinchilarga asrlar bo‘ylab oyoqosti bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa bu so‘nggi yarim asr ichida sovet Rusiyasi dinsiz kommunist vahshiylarining jabr zulmlari ostida eng haqoratli hayot kechirmoqdamiz. Endi Qur’on hukmiga ko‘ra, zolimlar zulmiga chek qo‘yilgan bo‘lmasa ham, hech qo‘yildi deganlikdan, vaqti kelar ekan, ustimizda turgan togdek qora bulutlar to‘xtovsiz ravishda tarqalgusidur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Xo‘tan askarlari shu yurganlaricha, yo‘l bo‘ylab ularga hisobsiz kishilar quyilgan holda, 1934 yili oxirlarida Koshg‘arga kirdilar. Urumchi hukumati yiqilgan kunidan boshlaboq, butun Uyg‘uriston o‘lkasi bo‘yincha tartibsiz ravishda har joyda maslaksiz to‘polonchilar bosh ko‘tarmish edi. Endi esa, bir tomondan, suv bulg‘atib loyqalangan so‘nggida, baliq ovlab o‘rgangan sovet makkorlari, tutandiriqlarini tayyorlab turgan holda, o‘z zamonasini tushunmagan maqsadlari ulug‘, lekin siyosat olamidan yiroq, har tomonlama qo‘llari quruq, bir to‘da ish ko‘rmagan tajribasiz odamlar, bu kabi ulug‘ inqilobni bajarishlari odatga ko‘ra mumkin emas edi. Chunki moddiy va siyosiy tomondan zamonaviy kuchlik hukumat hisoblangan sovet Rusiyasi bunga qarshi bo‘lib, u har yerda o‘z siyosatiga to‘g‘ri kelmagan islom hukumati qurilib qolishiga hech qachon yo‘l qo‘ymas edi. «Butun dunyo ezilgan millatlariga yordam beramiz», degan shiori bo‘lsa ham, o‘z manfaati yo‘lida yerlik xalqni doim qurbon qilib keldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:16:59

Birdan bir yo‘l, agar men o‘ylagandek, butun xalqqa so‘zi o‘timlik-obro‘ylik bo‘lishi ustiga, dohiylik sifatiga ham ega bo‘lgan, zamonasiga tushungan bir tadbirkor kishi boshchiligi ostida, jonfido vatanparvar kishilardan kuchlik bir siyosiy jamiyat qurilgan bo‘lsa, so‘ngra shu jamiyat orqalik Koshgardagi boshqa bir kuchlik davlat vakili bilan kelishib, tartiblik ravishda ish olib borib, butun Uyguris ton nomidan xalqning talabiga moslashgan haqiqiy islomiyat asosida hukumat qurilsa, vatan bolalarining o‘zaro ittifoqini mustahkamlab, kuchlik bir askar qo‘mondonligi tashkil qilinib va mumkin qadar uni yaxshi qurollar bilan qurollantirib, ehtiyotlik bilan ish olib borilgandagina o‘z hukumatini qo‘lga olishlari mumkin bo‘lur edi.
Yana o‘z so‘zimizga kelsak, shu chog‘da Gasiling qurollik kuch, intizomli askar bilan Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlarini surib, Koshg‘arga tomon kelayotgan edi. Bularning o‘z vatanlari Xo‘ju, Solar viloyatlaridan chiqqan sabablarini yuqorida aytib o‘tgan edik. Viloyat hokimi Mabufang Gasilingning amakisi dindor, islomparvar odam bo‘lgani uchun o‘z jiyanini musulmonlarning yordamiga chiqarmish edi. Bularning diniy ruhi kuchlik, askariy nizomi yaxshi edi. Kiyimlari oldi orqasiga, yiroqdan ko‘ringudek qilib, ochiq arabcha xat bilan «Fiysabililloh», ya’ni «Xudo yo‘lida g‘azot» so‘zlarini yozmish edilar.
Biz musulmonlarning ongsizligidan dushmanlar foydalanib, nizo chiqarib, ular bilan bo‘lgan ittifoqni buzdi. Shu paytda narsa ko‘rmagan nodon O’smon qirg‘izning o‘rniga bosh qo‘mondon saylab Gasilingni keltirgan bo‘lsalar, erkin Turkiston hukumati saqlanib qolishi mumkin edi. U kunlarda o‘zim bu voqealardan yiroq G’ulja shahrida turganligim uchun, bu o‘ylangan maqsadni amalga oshirish chorasini qilolmadim. Shundoq bo‘lsa ham qarab turishga chidayolmay, Yoqubbek badavlat zamonasida ikki Ortush hokimi bo‘lgan Momutbekning nabirasi Jirchis hojimni topib, tezdan Koshg‘arga yubormoqchi bo‘ldim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:17:20

Bu kishining qisqacha tarjimai holi shulki, men kommunist vahshiylarining qonlik changalidan qutulib, Ili o‘lkasiga o‘tgach, qonxo‘r dushmanlar shum qo‘lida qolg‘an qarindosh, elyurtim, suyuklik ona Vatanim uchun qattiq qayg‘urmoqda edim. Buning ustiga bu yerlik musulmonlar turmushlarining hamma tomonlama tushkunligi, bularning hayot ahvolidan, siyosat olamidan butunlay ongsiz xabarsiz bo‘lishlari, meni bek hayratda qoldirmish edi. Oz bo‘lsa ham hamdard, maslakdosh vatanparvar do‘stlarimizdan ajramish edik. Bu yerlik turg‘un kishilarning hissizligi, ongsiz qoloqligi, ko‘zlari ko‘rib kelgan qochoqlarning ko‘ngil ko‘rligi, bularning dunyoqarashi, rohatparastliklarini ko‘rib, ko‘nglimda alangalanib turgan himmat o‘tlarim so‘nishga boshlamish edi.
Mana shunday umidimiz kesilgudek holga yetgan kunlarimda bu kishi bilan topishib qoldik. Uzilayozgan umidimiz qayta boshdan qo‘zg‘alishga boshladi. Bu kishi esa ilgaridan beri inqilobiy ishlarga qatnashib, og‘ir yengil tajribalar o‘tkazgan, ko‘zi ochiq, ko‘ngli uyg‘oq vatanparvar, millatsevar bir uyg‘ur o‘g‘li edi. Shuning uchun yuqoridagi o‘zim o‘ylagan ish ustida ikkovimiz uzun muzokara o‘tkazgan so‘nggida, bu kishi Oltishahar tomonga, ya’ni Koshg‘arga bormoqchi bo‘ldi. Biroq bu ishga tashkiliy ravishda tayyorgarlik ko‘rilmaganlikdan, iqtisodimiz yetishmaganligi bizga anchagina og‘irchilik keltirdi. Shundoq bo‘lsa ham, bir necha do‘st kishilarimizdan yoshirincha yordam yig‘ib, safar jamolg‘asini qildik.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:17:35

Uzatmoqchi bo‘lib turganimizda, baxtimizga qarshi shul kuni bu yo‘ldoshimiz isitma bezgak bo‘lib, yo‘lga chiqolmay qoldi. Bunga qarshi dori darmon sabablarini qilg‘animizdan keyin ertasi kuni yo‘ddoshlarimizdan qoldirmay uzatib qo‘ydik. Biroq, baxtga qarshi, bu kuchli irodali qahramon, dindor, vatanparvar tilakdoshimiz Jirchis hojim yo‘lga chiqqach, kundankunga og‘irlashib borib, ming mashaqqat bilan Muz dovonidan o‘tib, «Qo‘rg‘on» degan marhum Yoqubbek otaliqdan qolgan dushmanga qarshi to‘squl qo‘nolg‘usiga kelganda vafot topmishdir. Alloh uni rahmat qilsin! Maqsadga yetmagan bo‘lsa ham, talab yo‘lida jon qurbon qilish hay’at tarixi oldida ulug‘ sharafga ega bo‘lish demakdir.
Kishi o‘z maslagi ustida muqaddas vazifasini bajarish kabi ulug‘ xizmat yo‘lida ajal o‘qiga uchrar ekan, himmat ahllari oldida, zolim yirtqichlarga qarshi shahodat o‘limidan farqi yo‘qdir. Bu yo‘lda bo‘lgan musibat o‘zi uchun muborak sanalgan bo‘lsa ham, qolgan maslakdoshlari uchun ancha ma’yuslik keltirmish edi. Shunday bo‘la turib, yana qarab turolmay, G’ulja tomonda bo‘layotgan turlik makr hiylalik voqealarni, sovet Rusiyasining tutgan siyosati, uning qurgan tuzoqlarini ochiq ko‘rsatib, buning butun choralari bilan uzun bir bayonnoma yozib tayyorlamish edim. Biroq, o‘lka bo‘ylab mundayin olamon o‘zgarish
tarqalayotgan og‘ir ahvolda, bunga qarshi kimning siyosat yurgazishini kuzatayotgan sovet elchixonasi, o‘z iskovichlarini butun xalq ichida tarqatmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:18:46

Islomiyat, balki butun insoniyat olamining ofati, kufr nifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday yerda qizidi? So‘zga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yo‘qsullik kambagallikda yashayotgan gumroh, vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan, ongsiz nodonlar ko‘p bo‘lsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi. Shuning uchun Xitoy tuprogida to‘qayga o‘t ketgandek, boshqa yerga ko‘ra tezroq ko‘tarilib, butun mamlakat bo‘ylab o‘z hokimiyatlarini o‘rnashtirib oldilar. Bunday inqilob kunlarida o‘z ishlarini amalga oshirish uchun to‘sqinlik qilguchilar oldida, och qolgan yirtqich hayvonlardek, tishlarini qayrab, hujumga tayyor turardilar.
Agar xudo saqlamagan bo‘lsa, shu kabi ko‘rqinch kunlari yonib turgan ulug‘ o‘tga bir chelak suv sepgandek qilgan ishlarim, o‘zim uchun halokatlik bo‘lishi shubhasiz edi. Shu sababli, bir necha kun mashaqqatlar chekib, tayyor qilgan bayonnomani qanday qilib yuborish ilojini topolmay, axiri kuydirib tashlashga majbur bo‘ddim. Chunki qatnov yo‘llari otchi eshakchi karvonlaridan boshqalarga yasaq qilinmish edi. Bularni ham har bir to‘squl (to‘silgan, post qo‘yilgan) yerlarda qattiq tintuv axtarish bilan o‘tkazmokda edilar. Shunga ko‘ra, nochor, taqdirga tan qo‘yib, yozmishni kutib turmoqdan boshqa chora topolmay, qarab qoldik.
B a y t:
Qo‘lg‘a kelmas ishlaring hargiz sharoit bo‘lmasa,
Qancha qilsang jon fidolik, foydasizdur ishlaring.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:19:18

Endi so‘zni yana Gasilingdan boshlaymiz. Kuchar shahridan qochib chiqishgan Xo‘janiyoz bilan Momutsiling Oqsuv shahriga kelganlarida, shahar hokimi bo‘lib turgan Baysijang bularga qarshi chiqib kutib olgan bo‘lsa ham, yana o‘rtalarida birlik ittifoqlari yo‘q edi. Chunki Urumchidagi Jang Jun hukumati yiqilgan kundan boshlab, har bir shaharda qo‘zg‘olon ko‘tarilmish edi. Oqsuvliklar esa, hukumat shahri bo‘lgan Osuq qo‘rg‘oniga hujum qilishib, undagi borliq xitoylarni o‘ldirishgan so‘nggida, qo‘zg‘olon qahramoni Boysijangni o‘zlariga hokim qilib olmish edilar. Shuning uchun bu qorabotirning ko‘ngliga ham amirlik havasi tushmish edi. Buning ustiga Oqsuvlik ongsiz odamlar hamda atrofdagi xalq ichida, bu odamning obro‘yi oshib, hurmati bek ko‘tarilmish edi.
Buni ko‘rgan amalparast qorabotirlarning hasadlari qo‘zg‘alib, u bilan hech bir ishda kelisholmadilar. Balki, Boysijangning har qanday bo‘lsa ham, islom ittifoqi qurilishiga ko‘ngli borligi yozilgach, inson iblislari tarafidan uning chorasi ko‘rilmish edi. Shunga ko‘ra tungonlarga qarshi Oqsuv ustida bo‘lgan otishmada orqadan otilgan o‘q bilan o‘ldirilmishdir. Bu kimning tomonidan otilganligi ma’lum bo‘lmasa ham, ko‘pchilik xalq bu xiyonatni Xo‘janiyozdan ko‘radilar. Shuning uchun yana o‘zaro ittifoqlari buzulib, Oqsuv urushida o‘zlariga ko‘ra bir hovuch kelmaydigan tungon askarlaridan qattiq yengilgach, Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlari bilan Koshg‘arga qarab chekinmish edilar. Qanday bo‘lsa ham urush ishlarida ozu ko‘p tajriba ko‘rgan Gasiling buni ko‘rgach, Maxusang qo‘mondasida bir bo‘lik askar belgilab, qochqunlarni quvlashga yuborib, o‘zi Oqsuv elidan so‘qush solig‘i olish uchun to‘xtamishdur.
Shu kunlari esa Koshg‘ar shahri har tomondan to‘plangan, bir biri bilan kelisholmagan, ongsiz, siyosatsiz bir necha qora kuchlar markazi bo‘lmish edi. Shundoqki, Xo‘tan tomonidan Sobit domlam boshliq Shohmansur qo‘mondasida kelgan Xo‘tan askarlari; Urumchi hukumati yiqilgach shahar bosib birinchi qo‘zg‘olon ko‘targan O’smon qirg‘iz; bunga qarshi yo‘q mansabni talashib qurbon bo‘lgan kucharlik aravakash Temirjujang; Farg‘ona tomonidan ko‘chib o‘tgan qo‘zg‘olonchilar qoldig‘i Yusufjon qo‘rboshi va bulardan boshqa bir qancha qurollangan, ongsiz qorabotirlardan bo‘lib, anchagina xalq kuchi bir o‘ringa to‘planmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:20:02

Bu musulmonlar har qancha ongsiz bo‘lganlari bilan hali dinsizlar hokimiyati bularga kirib, shum ta’sirlari o‘tmaganlikdan, ko‘ngillarida ozu ko‘p islomiyat muhabbati saqlanmish edi. Agar ahvolga onglik yondashib, o‘tkir so‘zlik, hurmat egasi bo‘lgan birorta odam o‘rtaga otilib chiqib, yangidan qurilg‘on erkin Turkiston hukumatiga Oqsuvdan kelayotgan Gasilingni bosh qo‘mondon saylashib, qarshi olishgan bo‘lsalar, musulmonlar o‘rtasiga bu qadar buzg‘unchilik tushib, munchalik ko‘ngilsiz ishlar chiqmaslig‘i mumkin edi.
Biroq, ikkinchi Buxoro atalgan Koshg‘ardan bosh-lab, butun Oltishahar Uyg‘uriston o‘lkasida bu kabi ulug‘ siyosiy ish uddasidan chiqqudek yetuk bir odam yo‘q edi. Shuning uchun bechora musulmonlar shunchalik og‘ir bo‘lgunlikga uchramish edilar. Chunki, davlat qurish asboblari qo‘lida tayyor turg.an bo‘lsa ham, ularni o‘z o‘rnida ishlata olg‘udek ustakorlari yo‘q bo‘lg‘ach, undan foyda ololmadilar. Buning ustiga qizil makkorlar, musulmonlarning o‘zaro ittifoqlari bilan qurilmoqda bo‘lg‘an yangi hukumatlari, birorta davlat vositasi ila dunyoga tanilib qolmasin deb, buning chorasiga qattiq kirishmish edi.
U kunlari esa Koshg‘arda sovet Rusiyasiga qarshi Angliya elchixonasi ham ishlamoqda edi. Yerlik xalqdan tashkiliy ravishda ish olib boruvchi siyosiy ki-shilarning yo‘qligidan va ham jug‘rofiy o‘rnimiz madaniyat olamidan bek yiroq tushganligidan, biz ikki Turkiston yerlik xalqi asrlar bo‘yi kutilgan shu inqilobiy o‘zgarishlardan yetarlik ravishda foyda ololmay qoldik. Shunga ko‘ra, bizlarning taqdirimiz o‘z dushmanlarimiz qora qizil ajdarholarning hisobiga qarab belgilanmoqda edi.
B a y t:
Umidsiz bo‘lma Sog‘uniy, umiding ko‘zgusi bordur,
Qorong‘u kecha so‘nggidin quyoshning chiqg‘usi bordur.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:20:40

Endi yuqorida aytilganicha, Gasiling o‘zi Oqsuvda to‘xtalib o‘z qo‘mondonlaridan Maxusang qo‘l ostida bir bo‘lik askarni Koshg‘arga yubormish edi. Bular esa Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlarini quvlaganicha Koshg‘arga yaqinlashib keladilar. Ilgaridan beri ko‘pchilik Oltishahar xalqi quruq otaq, yolg‘on davruq, xurofiy so‘zlarga berilgan bo‘lganlikdan, Xo‘janiyozliklarning Gasiling askaridan qochib kelayotqanliklari, bular uchun qattiq qo‘rqinch tug‘dirmish edi. Qisqasi, Koshg‘ar xalqi keng dalada cho‘ponsiz qolgan, atrofini och bo‘rilar o‘rab olgan, bir to‘da egasiz qalin qo‘ylar kabi bo‘lib turgan holda, tungon askarlari yetib kelishadi. Bularga qarshi hech qanday chora ko‘rilmaganligi ularga ma’lum bo‘lgach, erkinlik bilan tilagan joylariga tushib o‘rinlashib oladilar. So‘ngra qarasalar, o‘zlari uchun va ham yerlik musul-monlar uchun kutulgan foydalik ishlar ustida maslahat ko‘rsatib, bular bilan kelishib so‘zlashadigan birorta odam bo‘lmadi.
Bechora ko‘pchilik musulmonlar, ikki dunyo boshlig‘imiz deb sanagan, har yaxshilikni shulardan kutgan chalamulla domlalari siyosat olamidan xabarsiz, to‘g‘risi haqiqiy islomiyatdan bahrasiz bo‘lib, etiqod ishonchlari bo‘shligidan musulmonlar boshiga tushgan shu kabi og‘ir kunlarda, hech qanday xizmat qilolmadilar. Yo‘q ersa Qur’onda «Innamo al mo‘mino axvatun», ya’ni «Mo‘minlar chin og‘a inidurlar» oyati bo‘la turib, bunga ishongan musulmonlar uchun islomiy qardoshlikdan foydalanmaslik mumkin emas edi. Nachoraki, bu haqiqatni amalga oshiruvchi haqiqiy odamlar yo‘qligidan, islom olami ustiga shu kunlarga o‘xshash dahshatlik ofat balolar har vaqt yog‘ilib turmoqdadur. «Yaxshilik ko‘rsanglar biz qilgan bo‘lamiz, yomonliqqa qolsanglar boshqadan ko‘rmay, o‘zinglardan ko‘ringlar», degan Qur’on so‘zi, albatta, haqdur.
Shunday bo‘lib, Maxusang umidi Koshg‘ar xalqidan uzilgach, kim bo‘lishiga qaramay, qurol topshirishga buyruq chiqardi. Bunga qarshilik ko‘rsatilgach, shu bahona bilan urush boshlanib, har ikki tomondan o‘rinsiz qonlar to‘kildi. Ayniqsa, bular ichida ko‘proq qarshilik ko‘rsatgan Farg‘ona qo‘rboshilari qoldig‘i Yusufjon qo‘mondasidagi o‘zbek yigitlari edi. Bular esa xonadonlarni, uylarni teshib olishib, hujumchi tungon askarlariga ko‘proq zarba berishdilar. Shunga qarshi bulardan ham kim qo‘lga tushgan bo‘lsa, tirik qolmay o‘ldirilmishdur. Bular ichida sovet Rusiyasi qizil makkorlari uchun keraklik ko‘rilgan xizmatchilari Xo‘janiyoz askarlari bo‘lib, ular Andijon chegarasi tomoniga chekinib, tungonlar qo‘lidan qutilmish edilar. Vaqti kelganda bular orqalik o‘z ishlarini bajarish uchun, shular kabi ongsiz odamlar bo‘lishi, albatta, zarur edi. Shuning uchun bular sovet chegara askarlari qo‘rig‘ida qurollangan holda saqlanib qoldilar. Bulardan boshqalari esa agar o‘limdan qutilolgan bo‘lsalar, chil to‘ziganday har tomonga tarqalib qochgani turdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:21:13

Koshg‘ardan yigirma chaqirimcha joydagi Yangishaharda, eski hukumat yiqilgan kunidan boshlab, hech kimga bo‘ysunmay qamalib yotgan 500 600 dan ortiq qurollangan tungon, xitoy askarlari esa, Gasiling askarlari kelishi bilan ularga qo‘shilmish edilar. Shuning uchun balo ustiga ortiqcha balo bo‘lib, Koshg‘ar shahri ichida Chingiz vahshiylarini eskartgudek ishlar bular tomonidan ko‘rilmish edi. Bunga qarshi hech qanday chora qilolmadilar. Chunki, xalq o‘ta ongsiz edi, siyosat dunyosidan butunlay bexabar, qoloq edi. Shundoqki, 20 30 yillab ko‘z oldilarida bo‘layotgan qon qarindosh, din qarindoshlari Turkiston xalqlari boshiga kelgan kommunizm balosidan ibrat olish o‘rniga, bular uchun yangi hayot bozori ochilmish edi. Zakotsiz yig‘ilgan haromxo‘r o‘zbek boylaridan qolgan harom mol, oltin kumush dunyolarini tezakchi qo‘ng‘izlardek tashigandan tashib ko‘paytirib, eng oxiri o‘zlari uning ostida qolib, halok bo‘ldilar.
Haqiqiy iymon bilan taqlidiy iymon farqi Qur’on hukmiga amal qilish qilmaslik bilan ma’lum bo‘lg‘usidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Molinglarning zakotini to‘liq ado qilib, temir qo‘rg‘onga qamanglar», yani, «zakot molning temir qo‘rg‘oni bo‘lib, ofatdan omon bo‘lur», demish edilar. Rasulullohning bu so‘zlariga gumon kelti rib, zakotsiz yiqqan mol dunyolari qizdirilgan holda, Qur’on aytganidek, qiyomat nusxasi bo‘lib, o‘z ixtiyorlaricha topshirmagan tangalariga otliq tamg‘adek bosilmish edi. Chalamulla va bir qancha nodon boylar bila turib, zakotsiz saqlagan mollarini o‘z ixtiyorlaricha topshirishga ko‘zlari qiymagach, qizdirilgan yombuni tanalariga tamg‘a qilib bosgan zarbidan, ko‘plari halok bo‘ldilar.
Lekin bular ichida asli marg‘ilonlik o‘zbek boylaridan Mutaldinboy degan kishi 1934 yili, inqilob boshlanishi bilanoq butun mol mulki, bola chaqalari bilan eson omon Pokiston chegarasidan o‘tib, qutulib ketmishdur. Bu kishini o‘zim ko‘rolmagan bo‘lsam ham ishonimlik, chin so‘zlik kishilarning aytishlaricha, tijorat ishiga kirishgan kunidan boshlab, shu ketgan vaqtigacha zakotini qoldirmay berib kelgan kishi ekan. Shuning sharofati bo‘lishi kerak, Pokiston poytaxti Karachida ulug‘ tijorat shirkati ochib, burung‘idan boylig‘i bir necha barobar ko‘tarilmishdur. Ilgari Koshg‘arda turganda kommunistlar zulmidan o‘z vatanlariga sig‘may, u tomonga qochib o‘tgan alamzada ham shaharlariga qanday yordam yetkuzgan bo‘lsa, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlarida sarson bo‘lib yurishgan vatandoshlariga ham shu kabi imkoniyat boricha yordamda bo‘lmishdur.

Qayd etilgan