Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Zinhor) mening sahobalarimni so‘kmangizlar! Garchi sizlardan qaysi biringizdir Uhud tog‘idek oltin sadaqa qilgan bo‘lsangiz ham, u ulardan birining na muddiga va na mikyoliga (ya’ni, mening birgina sahobamning kichik bir fazilatiga ham, kichik bir qilgan amali solihiga ham) barobar kelmas!» — dedilar».
Abu Muso al-Ash’ariydan naql qilinadiki, ul kishi uylarida tahorat olgach, tashqariga chiqdilar. Abu Muso: «Bugun Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir xizmat qilayin, kunimni ul zot birlan o‘tkazayin!» — deb niyat qildim», — deydilar. So‘ng, Abu Muso masjidga borib, Rasululloh sallallohu alayhi va, sallamni so‘radilar. Masjiddagilar: «Bu yerdan chiqib, hov anavi tarafga ketdilar», — deyishdi. Abu Muso bunday deydilar: «Men masjiddan chiqib, ortlaridan qidirib bordim, bilsam, Bi’ru Arisga (sahnida qudug‘i bor bir boqqa) kirib keggan erkanlar. Ul zot hojatlarini bajarib bo‘lib, tahorat olgunlariga qadar boqqa kirmay, uning xurmo shoxlaridan qilingan eshigi oldida (kutib) o‘ltirdim. Keyin, o‘rnimdan turib, ul zot tomon yo‘naldim. Qarasam, quduq taxtasining o‘rtasida, izorlarini shimarib, oyoqlarini quduq ichiga osiltirib o‘ltiribdilar. Qoshlariga borgach, ul zotga salom berdim. So‘ng, yana eshik oldiga borib o‘ltirdim. O’zimga o‘zim: «Bugun Rasulullohga bir eshikbonlik qilayin!» — dedim. Shu asnoda Abu Bakr raziyallohu anhu kelib, eshikni taqillatdilar. Men: «Kim bu?» — dedim. Ul kishi: «Abu Bakrman», — dedilar. Men: «Shoshmay turingiz!»— dedim-da, ul zotning qoshlariga borib: «Yo Rasulalloh, Abu Bakr kelib, ichkariga kirmoqqa izn so‘rayotirlar», — dedim. Ul zot: «Ijozat ber va jannati ekanliklarini aytib, xushnud qil!» — dedilar. Men eshik oldiga borib, Abu Bakrga: «Kiringiz, Janob Rasululloh sizning jannati ekanligingizni bashorat qildilar», — dedim. Abu Bakr boqqa kirdilar-da, Janob Rasulullohning o‘ng tomonlariga borib, ul zot singari izorlarini shimargach, oyoqlarini quduq ichiga osiltirib o‘ltirdilar. Men yana eshik oldiga borib o‘ltirdim. Men boya birodarim (Abu Burda)ni: «Tahorat qilib, so‘ng ortimdan yetib olgil!» — deb uyda qoldirib kelgan erdim. Shul bois: «Agar Olloh taolo falonchiga (ya’ni, birodarimga) yaxshilikni ravo ko‘rgan bo‘lsa, u bu yerga kelur» — deb endi xayolimdan o‘tkazgan erdim hamki, bir kishi eshikni itara boshladi. Men: «Kim bu?» — dedim. Ul kishi: «Umar ibn al-Xattobman»,— dedilar. Men: «Bir oz kutib turingiz!» — dedim-da, Janob Rasulullohning qoshlariga borib salom berdim. So‘ng: «(Yo Rasulalloh), Umar ibn al-Xattob kelib, ichkariga kirmoqqa ruxsat so‘rayotirlar», — dedim. Ul zot: «Ijozat ber va jannati ekanliklarini aytib, xushnud qil!» — dedilar. Men (eshik oldiga) borib, ul kishiga: «Kiringiz, Janob Rasululloh sizning jannati ekanligingizni bashorat qildilar», — dedim. Hazrat Umar ichkariga kirdilar-da, Janob Rasulullohning chap yonlariga borib, oyoqlarini quduq ichiga osiltirib o‘ltirdilar. Men yana (eshik oldiga) qaytib borib o‘ltirdim. Xayolan: «Agar Olloh taolo falonchiga (ya’ni, birodarimta yaxshilikni iroda qilsa, u bul yerga kelur» — deb erdim hamki, (yana) kimdir kelib, eshikni itara boshladi. Men: «Kim bu?»— dedim. Ul kishi: «Usmon ibn Affonman»,— dedilar. Men: «Bir oz kutib turingiz!» — dedim-da, Janob Rasulullohning qoshlariga borib, (Usmon ibn Affonning ichkariga kirmoqqa izn surayotganlarini) ma’lum qildim. Ul zot: «Ijozat ber va boshlariga tushadirgan musibat oqibatida (shahid bo‘lajaklarini hamda shul tufayli) jannatga kirajaklarini aytib, xushnud qil!» — dedilar. Men Hazrat Usmonning oldilariga borib: «Kiringiz, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam boshingizga tushadirgan musibat oqibatida (shahid bo‘lib), jannatga kirajagingizni bashorat qildilar», — dedim. Hazrat Usmon kchkariga kirib, (quduq labidagi) taxtada o‘ltirgali joy qolmaganini ko‘rdilar-da, (quduqning Janob Rasulullohga) qarama-qarshi tarafiga borib o‘ltirdilar».