Qiyomat kunida Isrofilga (alayhissalom) Qur'on o'qish amr qilinadi va Dovudga (sollallohu alayhi vasallam) ham o'qish buyuriladi. Hazrati Dovud: "Ey Rabbim, mening ovozim qani?" deydilar. Shunda: "Senga ovozing qaytarildi", deyiladi. U zotga ovozlari qaytarib beriladi, so'ng hujralardan hurlarning ovozi eshitiladi, u ovozlarni hech kim hech qachon eshitmagan. Alloh azza va jalla: "G'qimli ovozlarni eshitganmisizlar?" deb aytadi. Shunda hijob ko'tariladi va Alloh ularga: "Sizlarga salomlar bo'lsin", deydi. Bu Alloh taoloning:
"(Mo'minlar Allohga) ro'baro' bo'ladigan kunda ularga (Alloh tomonidan yo'llanadigan) salom tinchlik-omonlik tilash bo'lur. (Alloh) ular uchun ulug' mukofot (ya'ni, jannat) tayyorlab qo'ygandir" (Ahzob, 44), degan so'zidir.
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ilm o'rgatish uch sababga ko'ra bo'ladi. Birinchisi, Allohdan ajr umidida, haq olmasdan; ikkinchisi, ujra (maosh) hisobiga; uchinchisi, biron-bir shartsiz, bordiyu, hadya qilishsa, qabul etadi. Alloh rizosi uchun ta'lim bergan muallimga ajr bor va uning amali Payg'ambarning (sollallohu alayhi vasallam) amallaridir. Agar haq evaziga ta'lim bersa, bu xususda ixtilof bor. Oldingilar: "Ta'lim uchun haq olish joiz emas, chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Mendan bir oyat bo'lsa ham, etkazinglar", deganlar. Bas, u zotning ummatlariga ham o'zlariga vojib bo'lgani kabi etkazish vojib bo'ldi. Payg'ambarga (sollallohu alayhi vasallam) haq olish joiz bo'lmagani kabi, ummatlariga ham joiz emas", deyishdi. Keyingi ulamolardan Osim ibn Yusuf, Nosir ibn Yahyo, Abu Nasr ibn Salom va boshqalar joiz hisoblashdi. Ta'lim oluvchi uchun Qur'on yodlashga, o'qish va yozishni o'rganishga haqni shartlashib olishi afzaldir. Ustoz-shogird Qur'onning ta'limida haqni shartlashib olishlarida zarar yo'q deb bilaman, chunki musulmonlar shuni bir-birlaridan meros qilib olganlar va unga ehtiyojlari bor. Uchinchi sababga ko'ra, ustoz shartlashmasdan ta'lim bersa va unga hadya qilinsa, hadyani qabul etishiga barchalari ittifoq qilishgan. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) ham muallim bo'lganlar va hadyani qabul qilganlar. Abu Said Xudriy (roziyallohu taolo anhu) aytadilar: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashoblari g'azotda yurganlarida bir arab mahallasidan kishi kelib: "Oralaringda dam soladigan odam bormi? Mahalla oqsoqolini chayon chaqib oldi", dedi. Bir kishi unga Fotiha surasini o'qib dam soldi, so'ng u tuzaldi. Shunda unga qo'ylaridan bir nechtasini hadya qildi. U olishdan bosh tortdi. Bu haqda Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) aytganida: "Nima bilan dam urding?" deb so'radilar. U: "Fotiha bilan", dedi. Shunda Rasululloh: "Fotiha surasi bilan dam urish kerakligini qaerdan bilding, qo'ylarni ol va menga ham ulush ajratinglar", dedilar. Ya'ni, haq olish mubohdir.