Haq -to‘g‘rilik, durustlik, adolat, demakdir. Allohning sifatlaridan biri.
Islom dinida umuman ikki turli haq bor:
- Alloh haqi;
— bandaning haqi (inson haqi).
Alloh o‘ziga oid, aloqador bo‘lgan haqlarni xohlasa kechadi. Chunki bu haq Alloh bilan odam orasidadir. Lekin bandaning haqini (inson haqini) yolg‘iz inson kechadi, Alloh kechmaydi. Shuning uchun musulmonlar ba’zan bahslashadilar. Safarga chiqqanda, hajga ketganda, birovning moli va joniga zarar yetganda bahslashadilar, kechishini so‘raydilar. Bundan maqsad insonning haqi va huquqidan qutulmoqdir. Chunki Alloh kechirmaydigan gunohlardan biri insonning haqidir. Alloh o‘z oldiga banda haqi, ya’ni odam haqi bilan borishimizni istamaydi. Payg‘ambarimiz bu masalada e’tiborli bo‘lishimizga da’vat qiladilar. Vafotlaridan bir necha kun avval payg‘ambarimiz masjidga borib, namoz o‘qiganlar va qavmlariga shunday deganlar: "Hoy odamlar! Oralaringizda kimga zarar yetkazgan bo‘lsam, aytsin, men uni to‘layman. Oralaringizda kimning orqasidan so‘kkan bo‘lsam, u kelib meni so‘ksin. Kimlardan qarzim bo‘lsa, aytsin, to‘layman". Shu vaqt jamoatdan biri o‘rnidan turib: "Yo Rasululloh, bir qashshoqqa sadaqa qilib berish uchun yoningizda pulingiz bo‘lmaganida, mendan uch dirham pul olgan edingiz", - dedi. Payg‘ambarimiz voqeani xotirlab qarzlarini to‘ladilar va u kishiga rahmat aytdilar. So‘ng shunday dedilar: "Oxiratda Alloh oldida uyalishdan ko‘ra bu dunyoda odamlarning oldida uyalish yaxshiroqdir".