SABA' SURASI Saba' - Yaman diyoridagi qadimiy shahar nomi. Unda Bilqis ismli malika hukmronlik qilgani va Sulaymon (a. s.) bilan o'rtalarida kechgan mojarolar to'g'risida Naml surasida bayon qilingan edi. Bu surada mazkur Saba' qabilasining noshukurliklari sababli noz-ne'matlardan mahrum bo'lganlari to'g'risida oyatlar kelgani uchun unga shu nom berilgan. Surada Dovud va Sulaymon (a. s.) qissalari, haq bilan botilning o'zaro kurashi, ezgulikka berilajak ajru savoblar, yovuzlikka atalgan uqubat va jazolar to'g'risida ham batafsil ma'lumotlar berilgan. Ayniqsa, jin, dev, parilar ham inson kabi g'aybiy sirlarni mukammal bilmasligi haqida ibratli voqealar ushbu surada o'z aksini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir.
2. U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir.
3. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir".
4. Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir.
5. Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir.
6. (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar.