* * *
Oradan besh kun o‘tgach, Davron institutdan telegramma oldi. Rahbarlar «Masalani birgalikda hal qilish uchun» uni chaqirishibdi. Masala Davron o‘ylagandan ham tez hal bo‘ldi. U idorada yarim soatgina o‘tirdi. Idora sohibiga xayr ham demay, xonadan chiqdi-yu, kotibadan bir varaq qog‘oz so‘rab olgach, nima deb yozishni bilmay o‘ylanib qoldi. Avval noroziligini ifoda etib, so‘ng bo‘shatishlarini so‘rasinmi yoki oddiygina qilib «O‘z xohishim bilan», deb yozsinmi? «Norozilik bildirsam gap ko‘payadi. U edi, bu edi, deb arizamni qo‘limga qaytarib berishadi. Bu odamga bas kelib bo‘lmaydi. Tinchgina «o‘z xohishim bilan bo‘shating», deb qo‘ya qolaman». Davron shu qarorga kelib, ikki satrdan iborat arizani yozdi-da, kotibaga berdi. Ko‘chaga chiqqach, vujudidan bir narsa uzilib tushib qolganday bo‘ldi. «Bekor qildimmi?» degan savol miyasiga gurzi bo‘lib urilaverdi. «Arizamni qaytarib olsammikin», degan xayolga ham bordi. Ammo odam zotidagi xohish va jur’at o‘rtasida mutanosiblik bo‘lavermaydi. To‘g‘rirog‘i, istagan ishini amalga oshirishga jur’at qila oluvchilar kam. Aksar odamlarda biror narsaga xohish tug‘ilgan onda turli xayollarga, ba’zan istiholaga borib, ba’zan kimgadir rahm qilib, ba’zan esa kimdandir o‘ch olish qasdida yonib, o‘ylagan ishini bajarmaydi. Davron ham shunday kishilar toifasidan. U telegrammani olgan zahotiyoq, kimga uchrashishini, nima gaplar bo‘lishini taxmin qilgandi. Shubhasi to‘g‘ri chiqdi: uni dotsent Bekmirzaevni jinidan battar yomon ko‘ruvchi institut rahbarlaridan biri — Niyozning qarindoshi yo‘qlatgan edi. U Davronni ochiq chehra bilan qarshi oldi. Eng yaqin mehribonlaridan ham eshitmagan shirin gaplarni shu kishidan eshitdi. Davron bu lutfu karamning niqob ekanini, niqob ortida o‘tkir tig‘li xanjar shay turganini yaxshi tushunib turardi. Uning aqli faqat bir narsadan lol edi: Bekmirzaevku olamdan o‘tib ketdi. Endi Bekmirzaev boshlagan ishni to‘xtatishdan nima naf ko‘rmoqchi bu odam? Nahotki Yozyovondagi qazishmalarning mutlaqo kelajagi bo‘lmasa? Yo‘q, kosaning tagida nim kosa bo‘lishi aniq! Faqat niqob qachon ochiladi-yu, nim kosa qachon yuzaga chiqadi, shunisi noma’lum. Odatda, makkorlik bobida xotinlarning tengi bo‘lmaydi, deyishadi. Aytishlaricha, Amazonka sohillarida po‘sti bebaho sanaluvchi bahaybat bo‘g‘ma ilon yasharkan. Har qanday kuchli, har qanday dovyurak erkak ham u bilan yuzma-yuz kelsa hayotdan umidini uzib qo‘yaverar ekan. Ana shu bahaybat ilonni chiroyli ayollar osongina tutib berisharkan. Ular ilonning ini yoniga kelib, kiyimlarini yechib onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsalar, shu holga kelib turarkanlar. Oshiq ilon unga o‘ralib mast bo‘lgach, panadagi erkaklar chiqib uni saranjomlar ekanlar. Davron idorada o‘tirib rahbarning so‘zlarini tinglar ekan, o‘sha baxtiqaro ilonlar bilan go‘zal, ayni chog‘da makkor ayollarni esladi.
— Men Bekmirzaevni g‘oyatda hurmat qilardim. U noyob iste’dod egasi edi. Do‘stim boshlagan ishni davom ettirish qasdida ekaningizni bilib, boshim osmonga yetdi. Biroq...
«Ayol yechindi. Endi ilon tashqariga chiqishi kerak», deb o‘yladi Davron.