Ul zotning jang maydonidagi jasoratini ham bu fazilatlaridan ajratib bo‘lmaydi. Payg‘ambarimizning ma'naviy kamtarligi uning qahramonligi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan ediki, bu holning Yevropada misli yo‘q: oila qurmagan templar[176] ham, Kalatrava[177] ritsarlari ham bu borada u bilan tenglasha olmaydi. Ammo uning bu fazilati Krishnaning muqaddas jangchiligi xususiyatlari yoki o‘rta asrlar Yaponiyasining bushido[178]si bilan hamohang keladi. Samuraylar etikasi meditativ sokinlik, harbiy ustunlik va ayol bilan o‘zaro muhabbatni o‘zida mujassam etadi; erkaklikning ta'sirchan ifodasi bo‘lgan bu hol shaxsiy namuna hisoblansa-da, aksariyat yevropaliklarga sunnatning juda uzoq va qo‘l yetmaydigan o‘lchovi bo‘lib ko‘rinadi.
Bu bizni boshqa bir masala sari yetaklaydi. Feministlarning ta'kidlashicha, dastlabki xristian nikohsizligi inson tanasini dahshatli qiynoqlarga duchor etganki, Tertullian[179] so‘zi bilan aytganda, ayollar «shaytonning darvozasi» bo‘lgan. Bu hol «Uylanish - mening sunnatim, kimki mening sunnatimni bajarmasa, u mening ummatim emas», degan hadis tufayli islom madaniyatida chuqur ildiz otmadi. Nikoh qadr-qimmatining ortishi ayollarning o‘rnini zimdan yuksaklarga ko‘tarishga olib keldiki, cherkov otalari bokira mukammallikni afzal bilish orqali uni hal etib bo‘lmaydigan muammolar sirasiga kiritib qo‘ydi. Yana shunisi ham haqiqatki, nikohsizlikni himoya qilish ba'zi bir ikkinchi va uchinchi avlodga mansub musulmon tarkidunyochilari orasida ham urf bo‘la boshladi, ulardan biri Abu Sulaymon ad-Daraniy: «Kimki uylansa, dunyo darajasiga tushgan bo‘ladi", deyishgacha borib yetdi. Biroq bunga o‘xshash hissiyotlarga eng dastlabki tarkidunyochilik muhitida yo‘l berilar edi. Top Andre to‘g‘ri ko‘rsatib berganiday, nikohsizlikning urf bo‘lishi xristian monastirlarining ta'siri edi, uni keyinchalik normativ so‘fizm oqimi oqizib ketdi. Islom taraqqiy etgan o‘rta asrlarda qudsiylik va nikohsizlik birligini tasavvur etib bo‘lmas, xudoga intilganlarning juda oz qismigina oila qurmas, Ibn Taymiya esa nodir istisnolardan biri edi.