QUR’ON TILOVAT QILISH KITOBI
70-bob. Qur’on tilovati
Qur’on o’qish zikrlarning afzalidir. Qiroatda tadabbur qilish — tushunib o’qish matlub ish sanaladi. Qiroatning o’ziga xos odob va maqsadlari bor. Qori va qiroatning odoblari, sifatlari va ularga taalluqli narsalar haqida bir kitob ham jamlagan edim. Chunki hofizi Qur’on uchun shunga o’xshash narsalar maxfiy qolishi mumkin emas. Men bu kitobda esa maqsadga muvofig’ini qisqa holda keltiraman.
Fasl: Qur’on o’quvchi kishi ertami-kechmi, musofirmi-muqimmi, uning tilovatini tark qilmasligi, bardavom bo’lishi lozim. Salaf ulamolarimizning Qur’onni xatm qilish odatlari turlicha edi. Ba’zilari ikki oyda, ba’zilari har oyda, boshqalari har o’n kun, sakkiz kun yoki yetti kunda Qur’onni xatm qilishardi. Ko’pchilikning odati shu edi. Olti, besh, to’rt yoki uch kunda xatm qiluvchi ulamolar ham bor edi. Bundan tashqari har kecha va kunduzi xatm qiluvchilar bo’lgan. Sayyid Jalil ibn Kotib as-Suvfiy kechasi to’rt marta, kunduzi ham to’rt marta Qur’onni xatm qilardilar. Tobe’in Mansur ibn Zozon ibn Ibod esa peshin bilan asr orasida xatm qilardilar. Ibn Abu Dovud rivoyatlarida keltirilishicha Mujohid (r.a.) ramazonda Qur’onni shom namozi bilan xufton orasida xatm qilganlar. Ammo Qur’onni bir rak’atda xatm qiladiganlar ko’pligidan ularni sanab adog’iga yetib bo’lmaydi. Masalan, ular Usmon ibn Affon, Tamiym ad-Doriy, Said ibn Jubayrlardir. Lekin oldingi jamoalar Qur’onni bir kecha- kunduzda xatm qilishni makruh deb, quyidagi hadisni dalil qilib keltirishgan.