77-bob. Istixora duosi
303/1. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixorani (yaxshilik so’rash) xuddi Qur’ondan sura o’rgatgandek o’rgatar edilar. U zot: «Birortangiz bir ishni qasd qilsa, farzdan tashqari ikki rak’at namoz o’qisin. So’ng:
«Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika, va astaqdiruka biqudrotika va as`aluka min fazlikal ‘aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ‘allamul g’uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi fasrifhu ‘anniy vaqdurliyal xoyro haysu kana summa rozziniy bih», deb hojatini aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so’rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug’ fazlingni so’rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g’aybni biluvchisan. Ey Rabbim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo’lsa, uni menga nasib et va oson qil. So’ng uni menga barakotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo’lsa, mendan uni uzoqlashtir, qaerda bo’lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et.) Imom Buxoriy rivoyatlari
Ulamolar: Namoz va mazkur duo bilan istixora qilish mustahab amaldir», deyishdi. U ikki rak’at bo’lib, farz namozidan oldingi yo keyingi sunnat namozlarida, tahiyyatul masjid va bundan boshqa nafl namozlarida ham hosil bo’laveradi. Fotiha surasidan keyin birinchi rak’atda «Qul ya ayyuhal kafirun»ni, ikkinchi rak’atda esa «Qul huvallohu ahad»ni o’qiydi. Duoni yuqorida zikr qilganimiz bilan boshlab, Allohga hamd va Rasulullohga salovot va salom aytish bilan yakunlaydi. Hadisi sharifda zikr qilinganidek, istixorani har bir ishda qilish mustahabdir. Agar istixora qilgandan keyin qalbi qaysi tomonga moyil bo’lsa, o’shani bajaraveradi.