695. Amr ibn Shuayb otalaridan, otalari bobolaridan rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilarki: “Ikki xislat kimda bo‘lsa, Alloh uni shukr va sabr etuvchi, deb yozib qo‘yadi. Biri – dindorlikda o‘zidan baland bo‘lgan kishiga qarab, unga ergashish va ikkinchisi – dunyoda o‘zidan past bo‘lgan kishiga qarab, so‘ngra Allohga hamd aytish».
Faqih aytadilar: «Shukrning mukammalligi uch narsa bilandir: Alloh sizga bir narsa bersa, kim orqali berayotganiga qarashingiz va Unga hamd aytmog‘ingiz; bergan narsasiga rozi bo‘lmog‘ingiz; modomiki, o‘sha sizga ato qilingan narsa jasadingizga quvvat berar ekan, u tufayli Allohga osiylik qilmasligingiz lozim bo‘ladi”.
Maymun ibn Mahron Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladilar: “Alloh taoloning yaratgan bandalari ichida muxtor-tanlanganlari bor, ular yaxshilik qilsalar, xursand bo‘ladilar, gunoh qilsalar, mag‘firat so‘raydilar, ne’mat kelsa, shukr aytadilar, balolarga duchor bo‘lsalar, sabr qiladilar.
Muhammad ibn Ka’b Quraziy aytadilar: “Sulaymon ibn Dovud (alayhissalom) ulovlariga minganlarida, qavmlaridagi odamlar kelib shunday dedilar: “Ey Allohning rasuli, sizga oldingilarga berilmagan biron narsa ato qilinganmi?” Sulaymon (alayhissalom) aytdilar: “To‘rt xislat kimda bo‘lsa, Dovud oilasiga berilgan dunyo matolaridan ham yaxshiroq narsalar berilibdi: Allohdan oshkora va yashirin holatda qo‘rqish, kambag‘allik va boylikda o‘rtacha bo‘lish, rozilik va g‘azab holatida adolatli bo‘lish, xursandchiligu xafalikda Allohga hamd aytish”.
Abu Zarr G‘iforiydan (r.a.): “Odamlarning qaysisi ne’matga boy?” deb so‘rashdi. Aytdilarki: “Azobdan omonda bo‘lib, savob kutayotgan tuproqdagi jasad”.
___________________
Shukr bobi hadislari
688-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan.
689-hadis. Isnodi zaif. Ibn Abu Dunyo rivoyat qilgan.
690-hadis. Zaif. Tabaroniy, Ibn Abu Dunyo, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
691-hadis. Sahih. Buxoriy, Termiziy rivoyat qilgan.
692-hadis. Juda zaif, marfu’. “Tanzixush-shari’a”ga qarang.
693-hadis. Hasan. Bayhaqiy rivoyat qilgan. “Sahihul-jomi’a”ga qarang.
694-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
695-hadis. Zaif. Ibn Muborak, Termiziy, Bag‘oviy rivoyat qilgan.