Shogird:
Ustoz, Alloh Sizni Jannat bilan siylasin. Haqiqatdan ham, siz olijanob muallim ekansiz. Ilm sohasida men bilmagan yangi bobni ochib berdingiz. Mazkur toifadagi odamlar so‘zlarining zaifligi, fikrlarining ojizligini chuqur bilishda men e’tibor qilmagan tomonlarini bayon etdingiz. Endi ikkinchi toifa kishilarning: «Allohning dini ko‘p, u, ya’ni din, Alloh farz etgan barcha amalni bajarish, harom qilgan hamma narsalardan saqlanish», deyishlarini rad qilish yo‘lini ayting.
Ustoz:
- Sen barcha payg‘ambarlar bir dinda ekanliklarini bilmasmiding?! Ularning hech biri qavmini o‘zidan oldin o‘tgan payg‘ambarning dinini tark etishga da’vat qilmagan. Zero, hamma payg‘ambarlarning dini bir bo‘lgan. Har bir payg‘ambar o‘z shariatiga da’vat etgan, o‘zidan avval o‘tgan payg‘ambarning shariatidan qaytargan. Ularning shariati har xil va ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun Alloh: «...Har bir (ummat) uchun (alohida) shariat va yo‘l (tayin) qilib qo‘ydik. Agar Alloh xohlasa edi, sizlarni bir ummat (bir xil shariatda) qilib qo‘ygan bo‘lur edi...» (Moida, 48, mazmuni). Alloh ularga bir dinni barpo etishni buyurgan. U din tavhid - Allohni bir va yagona, deb e’tiqod qilmoqlik dinidir. Alloh bandalarning ushbu dinda guruh-guruh, toifa-toifa bo‘lib ketmasliklarini buyurgan. Alloh ularning dinini bitta qilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Alloh Nuhga tavsiya qilgani, vahiy orqali xabar bergani va sizga (ey Muhammad), Ibrohimga, Musoga, Isoga tavsiya qilganlari dindan ekanligini shar’iy (qonuniy) qilib qo‘ydi».
«...sizlar uchun din bo‘yicha Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuning-dek), Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani -shariat qildi...» (Sho‘ro, 13, mazmuni). Bundan tashqari Alloh boshqa oyatlarida ham: «(Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: "Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qilinglar", — deb vahiy yuborgandirmiz» (Anbiyo, 25, mazmuni).
«...Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!). Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir...» (Rum, 30, mazmuni). Allohning dinini o‘zgartirib bo‘lmas. Din almashtirilgan, buzilgan va o‘zgartirilgan emas. Ammo shariatlar o‘zgartirilgan va almashtirilgan. Alloh ba’zi xalqlarga halol etgan narsani boshqa xalqqa harom qilgan, Alloh ba’zi bir ishni bir xalqqa amr qilgan va boshqa xalqni undan qaytargan. Shunday bo‘lgach, shariatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lgan. Shariatlar amrlardir.
Agar Alloh taoloning hamma amrlarini bajarish va barcha qaytariqlaridan tiyilish din bo‘lsa, Alloh taoloning biror amrini bajarmagan yo biror qaytarig‘iga qo‘l urgan kimsa dindan chiqadi va kofir bo‘ladi. Agar kofir bo‘lsa u bilan musulmonlar orasidagi nikoh, meros, janoza, so‘yganini yeyish kabi ishlar yo‘q bo‘ladi. Zero, Alloh taolo ularning barchasini mo‘minlar o‘rtasida joriy qilgan. Imon sababli bir-birlariga noshar’iy qon to‘kish va mollarini noshar’iy yeyishni harom qilgan.
Alloh taolo mo‘minlarni, dinga iqror bo‘lganlaridan so‘ng ularga farzlarni ado etishni amr etgan. Alloh taolo marhamat qiladi:
«(Ey, Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar...» (Ibrohim, 31, mazmuni}, «Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi...» (Baqara, 183, mazmuni), «Ey, imon keltirganlar! Sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi...» (Baqara, 178, mazmuni); «Ey imon keltirgan bandalar, Allohni ko‘p zikr qilinglar!..» (Ahzob, 41, mazmuni).
Ushbu farzlar imon bo‘lganida edi, oyatlarda Alloh taolo ularni bajarmaslaridan ilgari bandalarni mo‘minlar, deb xitoban atamagan bo‘lur edi. Shubhasiz, Alloh taolo imon va amal o‘rtasini ajratdi. Alloh taolo marhamat qiladi: «Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga...» (Baqara, 25, mazmuni); «Yo‘q, kimki yuzini (o‘zini) Allohga bo‘ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir...» (Baqara, 122, mazmuni); «Kimki oxiratni istasa va mo‘minlik holvda (o‘z) sa’yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarning sa’ylari (Alloh nazdida) manzurdir» (al-Isro, 19, mazmuni).
Alloh taolo imonni amaldan boshqa etdi. Mo‘minlar Allohga imon keltirganliklaridan namoz o‘qiydilar, zakot beradilar, ro‘za tutadilar, hajga boradilar va Allohni zikr qiladilar. Ular namoz o‘qishlari, zakot berishlari, ro‘za tutishlari va hajga borishlaridan Allohga imon keltirmaydilar. Ular avval imon keltirib, so‘ng amal qiladilar. Shuning uchun ularning farzlarni bajarishlari Alloh taologa imon keltirganliklaridandir. Ularning imonlari farzlarni bajarganliklaridan emas.
Bunga misol: Bir odam qarzdor bo‘lsa, u, avvalo, qarzdorligiga iqror bo‘ladi, so‘ngra qarzini to‘laydi. U hech qachon oldin qarzini to‘lab, so‘ngra qarziga iqror bo‘lmaydi. Uning qarziga iqror bo‘lishi uni to‘laganidan emas, balki uning qarzini qaytarishi qarziga iqror bo‘lishidandir. Qullar xojalariga xizmat qilganlaridan ularga qullikni iqror etmaydilar, balki qullar xojalariga qul ekanliklariga iqror bo‘lganidan ularga xizmat qiladilar.
Sizlar ham bir-biringizga xizmat qilasiz, bu bilan qullikka iqror bo‘lgan bo‘lmaysiz, xizmat qilishni qullikka iqrorlik deyilmaydi. Boshqa birov qullikka iqror bo‘lsa-da, ishlamasa undan qullik ismi yo‘qolmaydi.