Rasuli akram s.a.v. aytibdurlarki, «Berilgan sadaqa avval Haq taoloning lutf qo‘liga kirar, andin keyin darveshlar qo‘liga kirar. Bas, boy odam sadaqani Xudoi taologa bergan bo‘lur. Va darvesh sadaqani qabul qilmoqda Haq taoloning noibidur. Bo‘lg‘ayki, boy darveshdan minnatdor bo‘lsun va minnat qilmasin.
Kishikim, zakot sirlaridan uch sirini bilsa, bilurki, minnat qilmoq kamoli jaholatdandur. Ushbu vajhdan avvalgilar minnatdan o‘zini ehtiyot qilmoqda sa’y-harakat qilibdurlar. Bu tariqa birlaki, darveshlar oldida qo‘l qovushtirib, sadaqani tavoze’ birla alar oldiga qo‘yib, aytur erdilarki, bu sadaqani mendan marhamat aylab, qabul qilsangiz. Aksar darveshlar qabul qilmabdurlarki, zakotni olguncha boyning qo‘li darveshning qo‘lidan yuqori bo‘lmog‘ini o‘zlariga nuqson debdurlar.
Hadisi sharifda kelibdurki: «Yadul ul’yo xayrun min yadissufla», ya’ni, yuqoridagi qo‘l tubangi qo‘ldan yaxshirokdur. Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshiroqdir.
Hazrati Oyisha va Ummu Saloma r.a. darveshga xayr chiqarsalar, aytur erdilarki, «Ey, cho‘ri, darveshning duosini yod olg‘il, ul duo birla biz ham darveshni duo qilgaymiz. Toki, sadaqani xolis va tama’siz qilgan bo‘lgaymiz. Bu andisha birlaki, darveshning duo qilgani ehson qilgani bo‘lgay. Bas, ehson qilguvchi darveshdurki, sadaqani qabul qilmoq birla boyning gardanidagi farzni ado qilur.
Oltinchi daqiqa ulki, molingdan yaxshirog‘ini va halolrog‘ini sadaqa qilgil. Shubhalik nimarsa sadaqaga yaramaski, Haq taolo pokdur, nopok nimarsani qabul qilmas. Bas, aynigan, chirigan, nuqsonli narsalarni sadaqa qilish pastkashlikdir va bunday yaroqsiz narsalar sadaqaga yaramas. Har sadaqaki, rag‘bat va shodlik birla qilinmasa, qabul bo‘lmasligi g‘olibroqdur. Rasul (a.s.) aytibdurlarki, bir dirham sadaqa ming dirham sadaqadan fozilroqdur. Ya’ni, xushdillik ila berilgan bir dirham sadaqa og‘rinish ila berilgan ming dirham sadaqadan yaxshiroqdir.