Yana Alloh taolo aytadi:
«Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgi, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va molu dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos» (Hadid surasi, 20-oyat).
Mana shularning hammasi dunyoni yomonlashdir. Alloh taolodan dunyodan salomat qilishni so‘raymiz.
Qalb arboblaridan (ya’ni, qalbi ochiq kishilardan) o‘ta ehtiyotkorlari xursand hollarida qalblarini dunyoviy oldi-berdi bilan sinab ko‘rishgan va shunda qalblarini qoraygan, nafratga loyiq, Alloh zikridan va qiyomat zikridan ta’sirlanishda sust holda topishgan. Yana qalblarini qayg‘uli hollarda ham sinab ko‘rishgan va uni yumshoq, muloyim, sof, zikr ta’sirini qabul qiluvchi holda topishgan. Shunda najot topish doimiy qayg‘uda, xursandchilik va takabburlik sabablaridan uzoq bo‘lishda ekanini bilishdi. Va qalblarini lazzat o‘rinlaridan ajratib olishdi, qalblarini shahvatlarning halolidan ham, haromidan ham sabr qilishga odatlantirishdi. Uning haloliga hisob, haromiga iqob, shubhalariga esa itob borligini ham bilishdi. Itob ham azobning bir turidir.