Deklamatsiyani tugatdim-u o'zimni ichkariga urdim. Gulduros qarsaklardan maktabimiz chayqalib ketdi.
— Nima qilib qo'yding axir, Ahmad? — dedi o'qituvchimiz siniq ovoz bilan.
— Ilojim qancha, afandim, — dedim unga qarab.— Odamzod bilgan narsasini darrov unutib yubora olmas ekan, juda qiyin bo’larkan.
Yana bir nima deydigan bo'lsam, alamimdan yig'lab yuboraman. O'pkam to'lib turibdi. O'qituvchi ikkovimiz cho'loqlanib yo'lga tushdik. Yana mix kirib ketishidan qo'rqib, zo'rg'a oyoq bosaman.
— Katta iste'doding bor ekan-ku, o'g'lim, — dedi uyga qaytgach dadam. — Kuldiraverib hammaning ichagini uzding-ku.
Oyim uning gapiga qo'shildi:
— Ko'zda yoshim qolmadi kulaverib. Naq jinni bo'layozgandim-a...
She'rlarni yanglishib aralash-quralash qilib yubor-ganimni hech kim sezmabdi. Hamma jo'rtaga qilyapti, deb o'ylabdi.
Xullis, Zaynab, keyingi kunlarda shunaqa mashmashalar bo'ldi.
Sening dadang ham maktabda nuqul a'lo olib o'qiganmi, deb so'rabsan. Yo'q, dadam, afsuski, a'lochi bo'lmagan. Nega desang, u o'qimagan. Agar maktabga qatnagan bo’lganida menga a'lo baholar bilan o'qiganman, deb aytgan bo’lardi, albatta.
Men zavq bilan o'qiydigan xatlaringni kutaman. Sog' bo'l.
Sobiq sinfdoshing Ahmad Tarbay.