— Hosil uydami? — dedi Valya hovliga kirib.
— Ha, — dedi Shomil, — ichkarida.
Valya Elchinga qarab «kutib tur», dedi-da, uy tomon yurdi. Elchin turgan joyida qotib turaverdi. Shu topda, kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi: «Zeli og‘ani shularning o‘zi gum qilmadimi? — deb o‘yladi u. — Bularga faqat pul kerakmi? Hosilboyvachcha shu pulga muhtojmi?»
Zelixon xayrlashayotgan paytda, qaytib kelmas bo‘lib ketayotganini sezganmi, semiz diplomatni Elchinning qo‘liga tutqazib: «Buning ichida ozgina pul, tilla, javohir bor. Qaytib kelmasam, men aytganday ishlatasan. Nima qilishingni bir xatga yozganman. Xatni Valentinanikiga qo‘yganman. Qaerdaligini senga alohida ma’lum qilaman. Ishonmayapti, deb o‘ylama. Shu xatni o‘qib, nima bo‘lganimni, nima qilish kerakligini bilasan», degan edi. Keyin «bu diplomat sen uchun bombaday gap, buning xushtorlari ko‘p. O‘n yildan beri qidirishadi. O‘zing ham ehtiyot bo‘l, buni ham ehtiyot qil», deb tayinlagan edi. Xazina Elchinning ixtiyorida, xat mazmunidan xabardor. Unga faqat bularning asl maqsadlari qorong‘u.
«Zeli og‘a aytgan xushtorlardan biri shularmi? O‘lim oldida bularni chalg‘itdimi? O‘lim oldida? Meni bular laqillatmayaptimi? Unda xat-chi? Xat so‘nggi chora edimi u uchun?»
Elchin Zelixonning Fedyani laqillata olgani, uning marhamati bilan ketar chog‘ida to‘shak bahona, Valyaning yotog‘iga kirganidan, maishat o‘rniga Valyaga gap tayinlaganidan bexabar edi. Valyaning Moskvaga uchgani, Xongirey bilan uchrashgani, Elchinni himoyasiga, Jamshidni esa xizmatiga olish haqidagi Zelixonning iltimosini yetkazgani ham u uchun qorong‘i edi. Zelixon ertami-kechmi Jamshid qaytsa, Elchin uni gumdon qilishga urinib, o‘zi ham halok bo‘lishi mumkin, degan xavotirda shu iltimosni Xongireyga yetkazgan edi.