Qolib furqat diyori ichra jononimni sog'indim,
Charog'i ro'zg'ori munisi jonimni sog'indim.
Gulistondur visoli mahfili,men andalib anda,
Guli ayshim xazon o'ldi,gulistonimni sog'indim.
Ko'rub ko'nglumda yuz ozor,ey bedard,ta'n etma,
Muruvvat ko'rguzib rahm etki,sultonimni sog'indim.
Chamanda jilva qildi sarvu gul ham sabza bosh egdi,
Qadi sarvu yuzi gul xatti rayhonimni sog'indim.
Havoyi ishq sargardoniman,oromu sabrim yo'q,
Parishon zarradek xurshedi tobonimni sog'indim.
Ko'zimdin yosh to'kub,giryon bo'lib,qon yig'lamay naylay,
Ki,hangomi takallum la'li xandonimni sog'indim.
Menga davri falaldin bo'lmadi bir lahza osoyish,
Parishonholman, sultoni davronimni sog'indim.
Arabdin to Ajam mashhur edi ul shohlar shohi,
Skandar saltanatlig' shohi Turonimni sog'indim.
Qizil qondur ko'zim yoshi, sabo yetkur salomimni,
Guli sadbarg yanglig' pok domonimni sog'indim.
Tikarman,Nodira,g'am yo'lida ko'zni Zulayhodek,
Kim, ul Yusufliqo sulton Umarxonimni sog'indim.