v) Az-Zarkashiy "Burhon" kitobida shunday fikr aytadi: "Bilingki, Qur’on ikki qismdir: tafsiri naql bilan kelgan qism, tafsirsiz qism. Avvalgisi yo Payg‘ambardan naql qilingan, yo sahobadan naql qilingan, yoki tobi’iylarning avvalidan naql qilingan bo‘ladi. Payg‘ambardan naql qilinganida sanad tekshiriladi. Sahobadan naql qilinganida tafsir tekshiriladi. Sahoba agar oyatni lug‘at nuqtai nazaridan tafsir qilgan bo‘lsa, u ahli lug‘at, shuning uchun uning tafsiriga shubhasiz e’timod qilinadi. Sahoba agar sababi nuzul yoki qarina nuqtai nazaridan tafsir qilgan bo‘lsa, unga ham e’timod qilish vojib...". (Al-Itqon, 2-j, 183-b)
Hofiz Ibn Kasir o‘z tafsirining muqaddimasida: "Agar biror oyatning tafsirini Qur’ondan yoki Sunnatdan topmasak, sahobalarning tafsiriga murojaat qilamiz, chunki, ular oyat nozil bo‘lgan vaqtdagi maxsus ahvollar va qarinalarga shohid bo‘lgan kishilardir. Ularning farosatlari o‘tkir, ilmlari sog‘lom, amallari solih kishilardir. Xususan, ular orasida to‘rt imom, roshid xalifalar, hidoyat topgan imomlar, Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) singari ulamolari, ulug‘lari bor",— degan. (Al-Itqon, 1-j. 3-b)
Hofiz Ibn Kasir bayon etgan eng oxirgi fikr haqiqatga yaqinroq va inson qalbiga maqbulroq fikrdir.