5. Tafsirda qo‘yilgan beshinchi qadam uzoq davom etdi, hattoki Abbosiylar zamonidan bizning zamonimizgacha kelib, hozirda ham davom etmoqda. Bu qadamning mahsuli sifatida tafsirlarda naqliy tushuncha bilan aqliy tushuncha aralashtirib yuborildi. Buning sababi shu ediki, Abbosiylar davriga kelib, lug‘at ilmlari, nahv-sarf devon qilindi, fiqhiy mazhablar bo‘lindi, kalom ilmi kuchaydi, mutaassib mazhablar yuzaga chiqa boshladi, turli Islomiy firqalar o‘z yo‘nalishlarini va fikrlarini tarqata boshdadilar, falsafa kitoblari tarjima qilindi. Bu aqliy ilmlarning hammasi tafsirga ham aralashib, hatto naqliy dalillardan ustun qo‘yila boshlandi. Mufassir qaysi ilm yo‘nalishi bo‘yicha olim bo‘lsa, tafsirda ham asosiy e’tiborni o‘sha yo‘nalishga qaratdi. Masalan: Nahv-sarf olimlari Az-Zujoj, Al-Vohidiy "Al-Basit"da, Abu Hayyon "Al-Bahrul Muhit"da asosan nahv bo‘yicha e’roblar bayoniga ahamiyat bergan bo‘lsa, aqliy ilm egasi Al-Faxr Ar-Roziy "Mafotiyhul g‘oyb" tafsirida hukamolar fikri va falsafaga, fiqh ulamolari Al-Jassos va Al-Qurtubiy o‘z tafsirlarida fiqhiy hukmlarga, tarix olimlari As-Sa’labiy va Al-Xozin tarixiy qissalar va rivoyatlarga, mo‘taziliylardan Ar-Rummoniy, Al-Jubboiy, Al-Qoziy Abdul Jabbor, Mahmud Az-Zamaxshariy, imomiyyalardan At-Tabriziy, Mullo Muhsin Al-Koshiylar o‘z mazhablari da’vatiga, tasavvufning Ibn Arabiy va Abu Abdurrahmon singari olimlari tasavvufiy ishoratlarga qattiq urg‘u berganlar. Qur’oni Karim tafsirlaridagi bunday tug‘yonlarga qarshi zarba beradigan "Ad-durrul mansur" nomli tafsir ham yozilgan bo‘lib, uning muallifi As-Suyutiydir.
Ulamolar tarafidan Qur’oni Karimning turli mavzulariga doir maxsus asarlar ham ta’lif etilgan. Ibn Al-Qayyimning Qur’ondagi qasam iboralari haqidagi "At-tibyon fiy aqsomil-Qur’on", Abu Ubaydaning "Majozul Qur’on", Ar-Rog‘ib Al-Isfahoniyning "Mufradotul Qur’on", Abu Ja’far An-Nuhosning "Qur’onning nosix va mansux oyatlari", Abul Hasan Al-Vohidiyning "Qur’on oyatlarining nozil bo‘lish sabablari", Al-Jassosning "Qur’on ahkomlari" nomli asarlari shular jumlasidandir.