518-bob. Ahli kitoblarga qanday maktub yoziladi
1142. Abdulloh ibn Abbos (r.a.) aytdilar: Rum imperatori Xiraql Abu Sufyon ibn Harbni chopar yuborib saroyiga oldirib keldi. So'ng Dihyatu-l-Kalbiy Busro hokimiga keltirgan Rasululloh (s.a.v.)ning maktublarini keltirishni so'radi. U maktubni olib kelib o'qidi. Unda: "Bismillohi-r-rah-moni-r-rahim. Allohning bandasi va payg'ambari Muhammaddan Rumning ulug'i Xiraqlga. To'g'ri yo'ldan ketganlarga salom bo'lsin. Bundan keyin men seni Islomga da'vat etaman. Islomga kirgilki, salomatlikda qolasan. Alloh senga ajrini ikki qat bersin (ham Iso (a.s.)ga, ham Muhammad (s.a.v.)ga imon keltirganing uchun). Agar qabul qilmasang, butun xalqning gunohi sening bo'yningdadir. Va "Ayting (ey, Muhammad ): "Ey, kitob ahli (yahudiylar va nasroniylar), biz bilan sizning (ahamiyati) barobar bo'lgan bir so'zga kelingiz - yolg'iz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo'yib bir-birovlarimizni iloh qilib olmaylik. Agar (bu taklifdan) yuz o'girsalar, (sizlar ularga): "Guvoh bo'linglarki, biz musulmonlarmiz", deb aytib qo'yingiz!" (3:64).
Abu Sufyon u paytda Islom diniga dushman edi.
519-bobdagi 1143-hadis 145-bobdagi 314-hadisning mazmunan takroridir.